Arktika va Antarktika tadqiqot instituti (AANII) sayti xabariga koʻra, olimlar oxirgi marta bunday raqamlarga 44 yil avval duch kelishgan.
Joriy yilning fevral oyida Antarktika dengiz muzining maydoni taxminan 1,8 million kvadrat kilometrni tashkil etdi. Bu 1979-yildan beri Antarktidadagi muzlik holatini muntazam kuzatish davridagi eng past koʻrsatkichdir. Qayd etilishicha, oʻtgan yilning fevral oyida Antarktika dengiz muzining maydoni 1,92 million kvadrat kilometrni tashkil qilgan.
Bundan tashqari, issiq mavsumda soʻnggi yetti yil ichida butun Janubiy okeanning muz qoplamida minimal holat kuzatildi. Antarktida yozida taxminan 18 million kvadrat kilometr dengiz muzi erib ketgan.
Buning bir qancha sabablari bor, deydi olimlar. Ulardan asosiysi Antarktika aylana qutb oqimidir. Bu Janubiy okeanni oʻrab turgan gʻarbiy shamollarning oqimi sifatida ham maʼlum. Iqlim oʻzgarishi bilan hukmron gʻarbiy shamollarning aylanma oqimlari oshadi. Bu suzib yuruvchi muzga iliq suvning taʼsir qilishiga olib keladi.
Olimlar Antarktidaning Tinch okeani sektoridagi muz massivining degradatsiyasini qayd etishdi, bu yerda suv osti vulqonlari butun qirgʻoq boʻylab muzlarga taʼsir etmoqda, deb xabar beradi korrespondent.net.