Soʻngi yillarda respublikada yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrovi oshib borishi bilan bir qatorda, yotoqxonalarga boʻlgan ehtiyoj ham ortib bormoqda.
2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida davlat-xususiy sheriklik asosida 100 ming oʻrinli yotoqxonalarni barpo etish va talabalarni turar joy bilan taʼminlash darajasini 60 foizdan oshirish belgilangan.
Prezidentimiz tashabbuslari bilan oliy taʼlim muassasalarida talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etish tizimi joriy etilgan boʻlib, 2022-yil davomida yangi qurilish, taʼmirlash, boʻsh turgan binolarni moslashtirish va mavjud oʻrinlarini maqbullashtirish hisobiga jami 20 153 oʻrinli turar joy foydalanishga topshirildi.
Islohotlar natijasida davlat oliy taʼlim muassasalaridagi talabalar turar joylarining soni bugungi kunda 287 taga yetkazilib, jami 109504 nafar talabalarni joylashtirish imkoniyati yaratildi.
Shunga qaramasdan, qoʻshimcha 132 ming oʻrinli talabalar turar joyiga talab mavjud. Ushbu ehtiyojni qondirish maqsadida Prezidentmizning “2022-2026-yillarga moʻljallangan “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida Farmoniga asosan
2023-yil yakuniga qadar 18 ming oʻrinli talabalar turar joylarini qurish va foydalanishga topshirish belgilangan. Joriy yilda yotoqxonalarni barpo etish boʻyicha jami 28 526 oʻrinli 58 ta loyiha amalga oshirilmoqda, jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida 19576 oʻrinli 40 ta, oliygoh va byudjet mablagʻlari hisobidan 3450 oʻrinli 7 ta, oliygohlarning toʻliq oʻz mablagʻlari hisobidan 3 900 oʻrinli 8 ta hamda investitsiya dasturi doirasida 1 600 oʻrinli 3 ta loyihalarda tegishli ishlar amalga oshirilyapti.
Ayni damda respublika boʻyicha jami 16 466 oʻrinli 31 ta loyihalarda qurilish ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston milliy universitetida davlat-xususiy sheriklik, asosida 86,3 mlrd soʻmlik loyiha amalga oshirilayotgan boʻlib, 1000 oʻrinli talabalar turar joyini qurish ishlari bugundan boshlandi.
Toshkent davlat pedagogika universitetida davlat-xususiy sheriklik asosida 57,1 mlrd soʻmlik loyiha amalga oshirilayotgan boʻlib xususiy tashabbuskor tomonidan 1000 oʻrinli TTJ qurish ishlari boshlangan. Fargʻona davlat universitetida davlat-xususiy sheriklik asosida loyiha umumiy qiymati 58,9 mlrd soʻmlik 804 oʻrinli yotoqxonani qurish ishlari olib borilmoqda.
Ushbu binolarga zamon talablariga mos ravishda quyosh panellari oʻrnatilib, tashqi devor qismi bazalt issiqlikni taʼminlovchi material bilan qoplanadi. Yil yakuniga qadar talabalar turar joyi fondi 127 ming oʻrindan oshirish rejalashtirilgan.