Mamlakatimizda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilish maqsadida qonunchilik bazasi xalqaro andozalarga uygʻun tarzda takomillashtirib borilmoqda. Bu jarayonda taraqqiy etgan davlatlar tajribasida muvaffaqiyatli tadbiq etilgan institut va tamoyillarni milliy amaliyotga joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu maʼnoda davlatimiz rahbarining 2018-yil 14-maydagi “Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, sud jarayonida ishlarning oshkora koʻrilishi, tortishuv tamoyilini toʻliq taʼminlash maqsadida jinoiy-protsessual qonunchilikka 2021-yil fevral oyidan dastlabki eshituv instituti joriy etildi.
Xoʻsh, dastlabki eshituv instituti qanday protsessual jarayon va uning maqsadi nimalardan iborat?
Bu savollarga javoban shuni aytish kerakki, dastlabki eshituv jinoiy ish yurituvining sudgacha va sudlov jarayoni orasidagi chegarani belgilaydi. Bu institut sud muhokamasiga tayyorgarlik koʻrish bilan birga, fuqarolarning huquq, erkinliklari tiklanishiga, ularning sud va tergov organlari idoralarida behuda vaqt sarflashiga barham berishga, protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun davlat tomonidan ajratilgan mablagʻlar maqsadsiz yoʻnaltirilishining oldini olishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Bir soʻz bilan aytganda, bu institut protsessual muddatlar sababsiz choʻzilishining oldini olish natijasida qonuniy va asosli qaror qabul qilinishiga zamin yaratadigan bosqich hisoblanadi.
Keling, shu oʻrinda statistik maʼlumotlarga eʼtibor qarataylik. Oliy sud tomonidan sudlar tomonidan 2021-yilda dastlabki eshituv institutining qoʻllanilishi bilan bogʻliq sud amaliyotini umumlashtirish natijalariga koʻra 2021-yilda jami 61 263 nafar shaxsga nisbatan 47 657 ta jinoyat ishi koʻrib chiqilgan boʻlib, ushbu ishlarning 163 nafar shaxsga nisbatan 92 tasi yuzasidan dastlabki eshituv oʻtkazilgan.
Dastlabki eshituvlarning 38 tasi (41,3 %) jinoyat ishini ayblov xulosasi (dalolatnomasi) yoki tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorni tasdiqlagan prokurorga yuborish; 25 tasi (27,2 %) jinoyat ishlarini birlashtirish; 20 tasi (21,7 %) nomaqbul dalillarni ishdan chiqarib tashlash; 9 tasi (9,8 %) jinoyat ishi boʻyicha ish yuritishni tugatish yuzasidan kiritilgan iltimosnomalar asosida oʻtkazilgan.
Oʻtkazilgan dastlabki eshituvlar natijasida jinoyat ishlarining 39 tasi (42,4 %) tegishli prokurorga yuborilgan, 24 tasi (26,1 %) birlashtirilgan, 6 tasi (6,5 %) tugatilgan boʻlsa, nomaqbul dalillarni ishdan chiqarib tashlash toʻgʻrisidagi iltimosnomalarning 1 tasi (1,1 %) qanoatlantirilgan, 19 tasi (20,7 %) rad etilgan hamda jinoyat ishi boʻyicha ish yuritishni tugatish haqidagi iltimosnomalarning 3 tasi rad etilgan.
Dastlabki eshituv institutining maqsadi — sud majlisida yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan protsessual qonun buzilishlarining oldini olibgina qolmay, jinoyat ishini ochiq sud majlisida mukammal koʻrish uchun tayyorlashdan iboratdir. Shuning barobarida ushbu institut surishtiruv va tergov organlari faoliyati ustidan sud nazoratini amalga oshiradi. Ushbu jarayonda ish yuzasidan dalillar majmuasi yetarliligi va maqbulligi oʻrganiladi.
Qonunchilikka kiritilgan oʻzgartirishga muvofiq sudya endilikda jinoyat ishini sudda koʻrish uchun tayinlash toʻgʻrisidagi xulosaga kelishi talab etiladi. Shu bilan birga, u mazkur ish yuzasidan dastlabki eshituvni oʻtkazish uchun asoslar bor-yoʻqligi haqidagi masalani ham hal kilishi zarur.
Dastlabki eshituv taraflarning iltimosiga koʻra yoki sudning oʻz tashabbusi bilan oʻtkaziladi. Sudya tomonidan jinoyat ishi boʻyicha dastlabki eshituvni tayinlash toʻgʻrisidagi ajrim chiqarilgan paytdan eʼtiboran besh sutkadan kechiktirmasdan boshlanishi kerak. Uning davomiyligi boshlangan kundan eʼtiboran oʻn sutkadan oshmasligi lozim. Dastlabki eshituv sudya tomonidan yopiq sud majlisida, yakka tartibda oʻtkaziladi. Sud majlisida ayblanuvchi, uning himoyachisi va davlat ayblovchisi ishtirok etishi shart.
Jahon amaliyotida keng qoʻllanillayotgan dastlabki eshituvning samarali va ijobiy jihatlaridan biri aynan ushbu jarayonda mavjud boʻlgan nomaqbul dalillarning chiqarilishi va kelgusida ulardan ayblov uchun asos sifatida foydalanmaslik sanaladi Dalillar qonunga xilof usullar bilan yoki jinoyat protsessi ishtirokchilarini qonun bilan kafolatlangan huquqlaridan mahrum qilgan yoki ularning huquqlarini cheklagan va qonun normalarini buzgan holda olingani isbotlansa, ushbu dalil oʻzining yuridik kuchini yoʻqotadi. Bunday dalil hukm yoki boshqa sud qaroriga asos boʻlishi mumkin emas.
Qonunchilikka muvofiq ayblanuvchi, himoyachi va davlat ayblovchisi jinoyat ishi materiallaridagi har qanday dalilni, agar ular nomaqbul dalillar deb hisoblansa, chiqarib tashlash toʻgʻrisida iltimosnoma berishga haqlidir. Ushbu holat dastlabki eshituvda ishtirok etuvchi ayblanuvchi va uning himoyachisiga katta protsessual imkoniyat yaratadi.
Eʼtiborlisi shundaki, dastlabki eshituv himoya tarafiga oʻzining ishtirokida jinoyat ishini asosiy sud majlisida koʻrishga monelik qiluvchi holatlarni aniqlashga hamda ayblash uchun yetarli dalillar boʻlmagan taqdirda shaxslar javobgarlikka tortilishining oldini olishga yordam beradi. Bu esa, sudda tom maʼnoda oshkoralik va taraflar tortishuvini yuzaga keltiradi.
Aynan dastlabki eshituv taraflar tortishuvini jonlantirib, ayblov organi jinoyat ishini sudda koʻrish uchun jiddiy tayyorlanishini taʼminlaydi. Bu, oʻz navbatida, “ishdagi kamchiliklarni sud oʻzi toʻgʻrilab oladi” qabilidagi eskicha qoliplardan voz kechilishiga olib keladi.
Dastlabki eshituv amaliyotidan samarali foydalanib kelayotgan aksariyat mamlakatlarda sudyaning dastlabki eshituv borasida qabul qilgan qarori ustidan shikoyat keltirish huquqi mavjud emas.
Shu maʼnoda, milliy qonunchiligimizda dastlabki eshituv instituti amaliyotga joriy etilishi bilan birga, fuqarolarning shikoyat keltirish bilan bogʻliq uzviy huquqlari ham taʼminlangani eʼtiborga molikdir.
Zero, endilikda dastlabki eshituv natijasida qabul qilingan ajrimdan norozi boʻlgan taraflar ajrim ustidan yetmish ikki soat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat qilishi mumkin.