Xalqaro toʻqimachilik sanoati bugungi kunda tayyor kiyim mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari oldida bir qator talablarni qoʻymoqda. Isteʼmolchi nafaqat mahsulot sifati, balki uning kelib chiqishi, kim tomonidan va qay usulda xom ashyo yetishtirilganligi, ishlab chiqarishning inson, tabiyat va ekologiya taʼsirini, munosib haq toʻlanayotgani ham muhim omil hisoblanmoqda. Bunda bir qator Yevropa ittifoqi davlatlari tomonidan maxsus strategiyalar ishlab chiqilmoqda va har bir brend oʻz tomonidan taklif etilayotgan mahsulotga ijtimoiy javobgar ekanligi belgilanmoqda.
Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoati rivojlanishida muhim boʻlgan masalalardan biri - barqarorlik va shaffoflik talablariga rioya qilish va xalqaro standartlarni keng joriy qilishdir. Hozirgi kunda 1500 dan ziyod toʻqimachilik sanoti korxonalari 10 dan ortiq turli darajadagi standartlar joriy etilib, ular tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirishda va yangi bozorlarga chiqish va brendlar bilan ishlashda muhim axamiyat kasb etmoqda.
Jumladan, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan 100 dan ortiq brendlar bilan aloqalar oʻrnatilgan boʻlib, ulardan 30 dan ortigʻiga mahsulot yetkazib berilmoqda. Germaniyang Engelberg Straus, Hugo Boss, Pierre Cardin, Falke kabi brendlari, Koreyaning The North Face brendi, Italiya, Ispaniya, Fransiya, Polsha, Latviya kabi davlatlarning turli brendlariga mahsulot yetkazib berilmoqda. Brendlarning asosiy talablaridan biri barqarorlik va shaffoflik kafolati hisoblanadi.
Oʻzbekistonda paxtachilik sohasida BCI standarti tatbiq etilishi investorlar, jahon brendlari va chakana savdo korxonalari ishonchiga sazovor boʻlgan fermerdan to toʻqimachilik korxonasigacha kuzatib borish mexanizmiga ega, ijtimoiy masʼuliyatli va ekologik jihatdan barqaror paxta yetishtirishning ishonchli tizimini yaratishni taʼminlaydi. “BCI litsenziyalash” yordamida ishlab chiqarilgan paxta, tola va toʻqimachilik mahsulotlarini jahon bozorlarida hech qanday cheklovlarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri sotish imkoniyati yaratiladi.
Shu kunga qadar Better Cotton talablari asosida 9 ta paxta toʻqimachilik klasteri fermerlari oʻqitildi va paxta yetishtirildi. Ushbu loyiha Xalqaro moliya korporatsiyasi va Germaniya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan moliyalashtirildi.
IKEA brendi vakilining soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda paxta va toʻqimachilik sanoatining kuchli taraflaridan biri - bu shaffoflikdir, shunday ekan, brend oʻzbek toʻqimachilik sanoati vakillari bilan ishlashga tayyor.