Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017-yildan buyon dekabr oyining har ikkinchi yakshanbasi Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni etib belgilangan. Sana munosabati bilan har yili sohada samarali faoliyati va fidokorona mehnati bilan qishloq xoʻjaligi rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda ularning hududiy tashkilotlari xodimlari, olimlar va mutaxassislar “Qishloq xoʻjaligi fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadilar.

Sanaga bagʻishlangan tantanali yigʻilishda joriy yilda 97 ta paxta-toʻqimachilik, 149 ta meva-sabzavotchilik, 77 ta gʻallachilik, 35 ta sholichilik, 7 ta dorivor oʻsimliklar yetishtirishga ixtisoslashgan klasterlarning samarali faoliyati yoʻlga qoʻyilganligi taʼkidlandi.

Shuningdek, 20 mingga yangi intensiv bogʻlar va 17,7 ming gektar tokzorlar barpo etilib, shundan yaroqsiz va iqtisodiy samarasiz 15 ming gektar bogʻ va 4,7 ming gektar tokzorlar buzilib, rekonstruksiya qilinganligi, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish boʻyicha 265 ta loyiha amalga oshirilib, 3,3 mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilganligi alohida tilga olindi.

Natijada, meva-sabzavotlarni qayta ishlash quvvatlari 2,6 million tonnani, qayta ishlash darajasi 14 %ni (oʻsish 101,2%), goʻshtni qayta ishlash quvvatlari 230 ming tonnani va darajasi 15,6%ni (101,4%) sutni qayta ishlash quvvati 2,5 million tonnani va darajasi 24%ni (102%)ni tashkil etdi.

Marosimda sohada samarali faoliyati va fidokorona mehnati bilan qishloq xoʻjaligi rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan
250 ga yaqin soha xodimlariga “Qishloq xoʻjaligi fidoyisi” koʻkrak nishoni, pul mukofoti tantanali topshirildi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.