Anjumanda maʼlum qilinishicha, 2022-yilning oʻtgan davrida 31 ming nafardan koʻproq nomzod davlat fuqarolik xizmatiga tanlov asosida ishga qabul qilingan.

Bu jarayonda inson omilini kamaytirish, barcha fuqarolarga teng imkoniyatlar yaratilishi uchun Agentlik tomonidan yagona ochiq portal — vacancy.argos.uz ishlab chiqilgani va bu “bir darcha” tamoyili asosida faoliyat koʻrsatishi haqida maʼlumot berildi.

Qayt etildiki, vakant lavozimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar avtomatik tarzda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalangan holda saytga joylashtiriladi va nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish faqat elektron tarzda amalga oshiriladi.

Vakant lavozimlar uchun ochiq mustaqil tanlovlar:

— har bir nomzodning vakant lavozimga malaka talablariga mosligini oʻrganish;

— test orqali uning bilim darajasini sinovdan oʻtkazish;

— assesment shaklidagi suhbat jarayoni bosqichlaridan iborat.

Bunda, tanlovning har bir bosqichi natijasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar nomzodlarning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.

Shu kungacha respublikaning 70 dan ortiq vazirlik, idoralar hamda hokimliklardagi vakant lavozimlar boʻyicha 70 949 ta tanlov eʼlon qilindi va 830 173 nafar nomzod hujjat topshirdi.

Yakunda 31 788 nafar malakali nomzod ishga qabul qilindi. Tanlov gʻoliblarining 11 322 nafarini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar, 9 850 nafarini ayollar, 5 444 nafarini esa davlat xizmatiga ilk bor qabul qilinganlar tashkil etadi.

Gulsanam Isoqjonova,

Roʻzixol Poʻlatova,

OʻzDJTU talabalari