Ushbu dasturilamal hujjat nafaqat yurtimiz keng jamoatchiligi, balki xorijiy davlatlar akademik-ekspert doiralari, diplomatik korpus vakillari orasida ham aks sado bermoqda.
Murojaatnomada 2025-yil yakunlari sarhisob qilinib, davlatni yanada barqaror rivojlantirish, xalq farovonligini yuksaltirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi oʻta dolzarb vazifalar aniq-ravshan belgilab berildi. Mamlakatimiz rahbari oʻz chiqishida koʻplab xalqchil taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Ularning roʻyobi jamiyatda faollikni oshiradi, davlat va xalq oʻrtasida ochiq muloqotni mustahkamlaydi. Asosiysi, barchani umumiy maqsad — taraqqiy etgan va adolatli yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida birlashtiradi.
Ayniqsa, 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilinishi Murojaatnomaning butun mohiyatini oʻzida mujassam etgan strategik qaror boʻldi. Zero, mahalla oʻzbek jamiyatining asrlar davomida shakllangan, aholini birlashtiruvchi va tarbiyalovchi muhim ijtimoiy institutdir.
Keyingi yillarda ushbu institutni isloh qilish va uni xalq hayotiga yaqin, samarali tizimga aylantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar qilindi. Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirilib, “yettilik” vertikal tizimi yaratildi. Bu yerdagi har bir imkoniyatni loyihaga aylantirib, ish oʻrni yaratish uchun mahallalarga bankir va soliqchilar biriktirildi. Infratuzilma uchun ham alohida mablagʻ ajratilmoqda.
Albatta, mahalla institutini rivojlantirish masalasiga bu darajada katta eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki mahalla rivojlanishi bevosita jamiyat yuksalishiga xizmat qiladi. Faol mahalla — faol fuqaro degani, faol fuqaro esa demokratik jamiyat poydevoridir. Bu jamoatchilik nazorati kuchayishiga, davlat va xalq oʻrtasida ishonch ortishiga xizmat qilib, islohotlar barqarorligini taʼminlaydi.
Yurt obodligi ham, eng avvalo, mahalladan boshlanadi. Shu maʼnoda, mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash orqali mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, uning qiyofasini yanada goʻzal va obod qilish davom ettiriladi. Bu orqali mahallaning vakolat va imkoniyatlari yanada kengayib, aholining turmush darajasi oshadi, ijtimoiy muammolar qisqaradi, jamiyatda ijtimoiy hamjihatlik kuchayadi.
Yurtdoshlarimiz ilgari oddiy, mahalla darajasida hal etiladigan masalalar boʻyicha ham tashkilotma-tashkilot, idorama-idora sarson-sargardon boʻlardi. Bugun mahallalarda vaziyat tubdan oʻzgargan. Hozir koʻplab masalalar ortiqcha qogʻozbozliksiz, yugur-yugurlarsiz mahallaning oʻzida hal boʻlmoqda.
Inson qadri ulugʻlanayotgan mahallalarda yuz berayotgan bunday oʻzgarishlar odamlarning hayotga intilishini oshirmoqda. Xalqimiz turmush darajasi butunlay oʻzgarib, islohotlar samarasini har bir inson oʻz kundalik hayotida his qilyapti, sezyapti. Eng muhimi, odamlarga orzu-havaslar, faxr-iftixor, shodlik qaytmoqda.
2026-yildan mahallani rivojlantirish boʻyicha kompleks yondashuv joriy etilishi mutlaqo toʻgʻri va oqilona qaror boʻldi deb oʻylayman. Bu, oʻz navbatida, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport, madaniyat, kitobxonlikni rivojlantirish, yoʻl, ichimlik suv, elektr, internet bilan bogʻliq muammolarni bosqichma-bosqich hal qilish, maktab, bogʻcha, tibbiyot punkti holatini yaxshilashga imkon beradi.
Har bir viloyatda 2-3 tadan tuman tanlanib, mahallalardagi barcha muammolarni hal qiladigan tizim yaratilishi, ularda bir vaqtning oʻzida tadbirkorlik infratuzilmasi ham rivojlantirilishi va ushbu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 8,5 trillion soʻm ajratilishi aholi bandligini taʼminlash, fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, kambagʻallikni qisqartirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Deputatlarga oʻz okrugidagi muammolarni hal etish uchun 500 milliard soʻm, har bir deputatga 3,3 milliard soʻmdan berilishi ham ayni muddao boʻldi. Zero, ushbu mablagʻ yoʻl, ichimlik suv, elektr, gaz muammolari, maktab, bogʻcha, shifoxonalarni taʼmirlash, mahalla infratuzilmasini yaxshilash kabi eng dolzarb masalalarni hal qilishga sarflanadi. Odamlar endi oʻz muammosi bilan tuman, viloyat markaziga borib ovora boʻlmaydi. Bu orqali odamlarni uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan muammolarga shu yerning oʻzida yechim topiladi. Ayting, inson qadri shu emasmi, aslida?!
Yana bir muhim gap. Bugun dunyoning yirik shaharlari kabi yurtimizda ham ekologiya masalasi juda dolzarb hisoblanadi. Shu sababli yashil hudud, “yashil bogʻ” yaratish boʻyicha har bir deputatning tashabbusiga qoʻshimcha 330 million soʻmdan yoʻnaltirilishi gʻoyat muhim. Bu mablagʻ daraxt ekish, bogʻ va istirohat hududlari barpo etish, koʻkalamzorlashtirish uchun ishlatiladi. Yashil hududlar esa inson hayoti sifatini oshirish, tabiatni muhofaza qilish va barqaror rivojlanishni taʼminlashga imkon beradi. Umuman, bularning barchasi 2030-yilgacha sharoiti ogʻir barcha tumanlardagi mahallalarga yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirishga zamin yaratadi.
2026-yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion soʻm viloyatlarning oʻziga berilishi mahallani faqat ijtimoiy institut emas, balki hududni rivojlantirishning asosiy boʻgʻiniga aylantiradi. Davlatimiz rahbarining xalqimizni hayotdan rozi qilishdek ulugʻvor maqsadga erishish yoʻlida islohotlarni “mahallabay” asosda amalga oshirish, barcha qishloq va mahallalarimizni jadal rivojlantirishga birinchi darajali eʼtibor qaratayotgani yangi Oʻzbekistonda har bir fuqaro, har bir inson davlatimiz eʼtiborida ekanini anglatadi.
Ayonki, bugun iqtisodiy taraqqiyotni tadbirkorlar faoliyatisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Zero, tadbirkorlar qancha koʻp boʻlsa va koʻproq daromad koʻrsa, davlat ham shuncha boy boʻladi. Shu bois, ishning koʻzini biladigan, vatanparvar va fidoyi tadbirkorlar davlatimiz tomonidan alohida qoʻllab- quvvatlanmoqda.
Soha vakillari ularga yaratib berilayotgan qulay sharoit, qator yengillik va erkinliklardan kuch olib, iqtisodiyotimiz lokomotiviga aylanib boryapti. Qulay tadbirkorlik muhiti yaratish borasidagi ishlar samarasi yangidan yangi ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilayotgani, ishbilarmonlar safi tobora kengayib borayotganida yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Murojaatnomada tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha siyosat davom ettirilishi, 2026-yilda asosiy soliq stavkalari oʻzgarishsiz qoldirilishi, tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalariga 10 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilishi aytildiki, bu minglab tadbirkorlarning ayni koʻnglidagi gap boʻldi. Bu ularni yangi marralar sari ruhlantirgani, faollikka chorlagani ham bor gap. Oʻz navbatida, bu imkoniyatlar biznesni yanada rivojlantirish, ish oʻrinlari tashkil etishga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir.
Bugun tadbirkorlik eng katta va ayni paytda milliy iqtisodiyotimizning muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Sohadagi izchil islohotlar, kichik biznes vakillarining har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishi yaqin vaqt ichida tadbirkorlar soni yanada ortib, iqtisodiy barqarorlik taʼminlanishi, aholi farovonligi oshishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbarining parlament va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasi yurt taraqqiyotining 2026-yildagi dolzarb yoʻnalishlari va istiqbollarini qamrab olgan juda muhim strategik hujjat boʻldi. Shunday ekan, har birimiz islohotlar jarayoniga hissamizni qoʻshishimiz, inson qadri ulugʻlangan yurt rivoji, taraqqiyoti uchun bor kuch va salohiyatimizni safarbar etishimiz, belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda yanada faol va tashabbuskor boʻlishimiz lozim. Zotan, agar hammamiz bir tanu bir jon boʻlib harakat qilsak, koʻzlagan ezgu maqsadlarimizga, albatta, erishamiz.
Nargiza SALOMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati