Yangi tahrirdagi Shaharsozlik kodeksi ikkinchi oʻqishda qabul qilindi. U huquqiy tartibga solish yondashuvlari va usullari bilan farqlanadi. Masalan, havolaki normalar chiqarilib, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan moddalar kiritildi. Oʻzgarishlar sifat va shaffoflikni taʼminlash, shu jumladan sohani raqamlashtirish orqali korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan. Qurilish materiallariga boʻlgan talablar qayd etilgan, bu qurilishda eng zamonaviy, ilgʻor texnologiyalar va energiya tejovchi materiallarni qoʻllash uchun xizmat qiladi.
Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi aʼzolari quyidagi jihatlarni taʼkidlab oʻtdilar:
- aholi punktlari bosh rejalarni ishlab chiqishda jamoatchilik nazorati joriy etiladi – fuqarolar oʻzi yashaydigan shahar yoki qishlogʻining bosh rejasi tasdiqlanishida ishtirok etadi. Bu hududlarda ortiqcha sarf-xarajatlar, noqonuniy qurilmalar, yerlarni oʻzboshimchalik bilan oʻzlashtirishlarning oldini olishga muhim omil boʻladi;
- yer uchastkalarini davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olish va zararni qoplash tartibga solindi – yuridik va jismoniy shaxslarga kompensatsiya toʻliq qoplanib boʻlganidan keyin buzilishi mumkinligi belgilandi. Shu tariqa fuqarolar norozilik va shikoyatlarining oldini olish, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish rejalashtirilmoqda.
“Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi qayta koʻrib chiqildi. Eslatib oʻtamiz, deputatlar tomonidan u 2019-yil oktyabrda qabul qilingan edi, biroq Senat tomonidan kamchiliklar mavjudligi sababli rad etilgan edi. Shu munosabat bilan ikkala palata oʻrtasida tuzilgan kelishuv komissiyasi qonun loyihasini tahrir qilib chiqib, arbitrlar va arbitraj sud ishini yurituvchi boshqa ishtirokchilarining immuniteti toʻgʻrisidagi hamda arbitraj ish yurituvchida vakillik toʻgʻrisidagi kabi moddalar bilan toʻldirildi, ayrim normalarga aniqliklar kiritildi.
Deputatlar kelishuv komissiyasi tomonidan taklif etilgan tahrirni maʼqulladilar hamda Senatga yubordilar. Qonun nizolarni muqobil hal qilish usuli hisoblangani bois dolzarblik kasb etmoqda. Hujjat bilan tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratish, nizolarni koʻrishda muddatlar va xarajatlarni qisqartirishni taʼminlash maqsadiga xizmat qiladi.
Soʻngra parlament aʼzolari «Arxiv ishi toʻgʻrisida»gi Qonunga kiritiladigan tuzatishlarni muhokama qildilar, ularga muvofiq:
- davlat arxivlarida hujjatlarning elektron bazalari shakllantiriladi va arxiv hujjatlaridan foydalanishda qulayliklar yaratiladi;
- hujjatlar hajmining koʻpligi sababli ularni Milliy arxiv fondida saqlash sifati tushib ketmoqda, tashkilotlar tugatilganda hujjatlarni majburiy tartibda topshirish toʻgʻrisidagi amaldagi norma nodavlat arxivlarining shakllanishiga va rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda – bularning oldini olish maqsadida tugatilgan tashkilotlar hujjatlarini nodavlat arxivlarida saqlashga ruxsat beriladi;
- Milliy arxiv fondi hujjatlarini doimiy saqlash huquqi berilgan ayrim vazirlik va idoralar, tarmoq davlat fondlari hamda tashkilotlarda davlat ixtisoslashtirilgan arxivlari tashkil etiladi – hozirgi paytda ularning huquqi maqomi belgilanmagan.
Shuningdek ikkinchi oʻqishda bir qator qonun hujjatlari, xususan Oila kodeksi koʻrib chiqildi. “Koʻp bolali oila” tushunchasi va uning huquqiy maqomini belgilovchi qoʻshimcha kiritilmoqda. Deputatlarning fikricha, toʻrt nafar va undan ortiq 18 yoshga toʻlmagan bolasi boʻlgan yoki taʼlimning kunduzgi shaklida oʻqiyotgan 22 yoshga toʻlmagan bolasi boʻlgan oilalar koʻp bolali oilalar toifasiga kiritiladi. Yagona yondashuv barcha koʻp bolali oilalarga turar joy, yer ajratish, soliq toʻlovlari va boshqa bir qator imtiyozlardan foydalanishni taʼminlashga xizmat qiladi.