Yolg‘izlik nima degani?
Biroq olib borilgan yangi ikki tadqiqot natijalari yolg‘izlik biz o‘ylaganimizdan ancha murakkab va jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarishini ko‘rsatdi, deb xabar berdi news.mail.ru.
Gap faqat insoning boshqa odamlar bilan qanchalik bog‘langanligi haqida emas, balki uning bu aloqalar, munosabatlarni qanday qabul qilishi borasida ham ketadi. Bu esa juda muhim omil.
Odamlar bilan birga, ammo yolg‘iz: ijtimoiy asimmetriya
JAMA Network Open jurnalida e’lon qilingan birinchi tadqiqotda mualliflar ijtimoiy asimmetriya deb atagan konsepsiyani kiritishgan. Bu nima degani? Bu obyektiv ijtimoiy izolyatsiya va yolg‘izlikni subyekti his etish o‘rtasida uzilish demak. Ya’ni, bunda inson atrofida yaqinlari bo‘lsa ham o‘zini yolg‘iz his qiladi.
Tadqiqotchilar 50 yoshdan o‘tgan deyarli sakkiz ming kishiga oid ma’lumotlarni tahlil qilishdi. Bu 13,5 yillik kuzatuvlar davomida to‘plangan. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, agar odamning ijtimoiy asimmetriyasi qanchalik kuchli bo‘lsa, unda kasallik va erta o‘lim xavfi shunchalik yuqori bo‘larkan.
O‘zlarini taxmin qilish mumkin bo‘lganidan ko‘ra ko‘proq yolg‘iz his etadiganlar, ichki his-tuyg‘ulari va ijtimoiy sharoiti bir-birlariga ko‘proq mos keladiganlarga qaraganda o‘lim xavfiga ko‘proq duch keladi. Bunda ko‘proq yurak-qon tomir va obstruktiv o‘pka kasalliklar bilan bog‘liq xavf nazarda tutilgan.
Obyektiv ravishda ijtimoiy izolyatsiyada bo‘lgan, ammo o‘zlarini yolg‘iz his qilmagan odamlarda ko‘pchilik kasalliklar xavfi biroz oshgan, buni ko‘p sonli do‘stlari, qarindoshlari va tanishlari bo‘lgan yolg‘izlikdan aziyat chekkan odamlar haqida aytib bo‘lmaydi.
“Jamoat sog‘lig‘ini saqlash sohasida yolg‘izlik muammosiga bag‘ishlangan axborot kampaniyalari ijtimoiy aloqalarni kengaytirishga e’tibor qaratadi. Ammo bu tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, bunda birgina aloqalar yetarli emas”, – deydi Kornell universiteti (AQSh) psixologiya professori Entoni Ong.
“Yolg‘izlik g‘ildiragi”ni sekinlashtirish qiyin
Communications Psychology jurnalida chop etilgan ikkinchi tadqiqot mualliflari ijtimoiy asimmetriya kundalik hayotda qanday paydo bo‘lishi va saqlanib qolishini aniqlashga qaror qilishdi.
Tadqiqotda ko‘ngillilar qatorida 157 nafar katta yoshlilar ishtirok etdi. 20 kun davomida ular o‘zlarini qanchalik yolg‘iz his qilganliklari, boshqa odamlar bilan muloqot qilganliklari, muloqot paytida qanchalik ochiq bo‘lganliklari, o‘zlarini rad etilgan yoki tanqid qilingan deb his qilganliklari haqida kuniga besh marta hisobot berib turishgan.
To‘plangan ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, yolg‘izlik hissi barqaror xarakter xususiyati emas, balki dinamik tizimdir. Shunday qilib, ishtirokchilarda yolg‘izlikni his qilish lahzalari ijtimoiy tahdidni idrok etish – rad etilganlik, jamiyatdan chetlatilganlik, tanqid yoki qadrsizlanish hissi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Bu idrok, o‘z navbatida, xulq-atvordagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq edi. Ya’ni odam kamroq muloqot qildi, shaxsiy ma’lumotlarni baham ko‘rishga kamroq tayyor edi.
Tadqiqotchilar bu yerda qandaydir zararli doira shakllanayotgani haqida xulosaga kelishdi. Inson o‘zini odatdagidan ko‘proq yolg‘iz his qilganda, odamlar bilan keyingi muloqotni tahdidli deb qabul qilishi ehtimoli yuqori bo‘ladi va bu fikr uni o‘zini chetga tortishga majbur qiladi.
“Ushbu natijalar shuni ko‘rsatadiki, yolg‘izlik muammosini hal qilish uchun insonning ijtimoiy tarmog‘ini kengaytirishdan ko‘ra ko‘proq boshqa narsalar ham kerak bo‘lishi mumkin. Insonning ijtimoiy vaziyatlarni talqin qilishi tahdid atrofida qurilsa, yangi munosabatlar bu kutishni tuzatishdan ko‘ra ko‘proq tasdiqlashi mumkin”, – deya izohladi professor Ong.