— Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) har bir mamlakat uchun shu yoʻnalish boʻyicha rivojlanganlik darajasini belgilovchi mezonlarni ishlab chiqqan. Unga koʻra, agar bola homiladorlikning 22-haftasida tugʻilib, vazni 500 gramm va undan ortiq, boʻyi 25 sm va undan ortiq boʻlsa, u tirik tugʻilgan hisoblanadi. Tabiiyki, qator davlatlar bu tavsiyalarni oʻzlaridagi neonatologiya sohasining rivojiga qarab, turli yillarda qabul qilishdi. Taqqoslash uchun aytish mumkinki, baʼzi mamlakatlarda bu mezonlar 28 haftadan boshlab, bolaning vazni 1000 gramm, boʻyi 35 sm deb ham belgilangan.
Toʻgʻri, 22 haftalik homila juda kam vaznli boʻlish bilan birga funksional oʻta yetilmagan va yashab qolishi uchun yuqori texnologiya va malakali mutaxassislar parvarishini taqozo etadi. Shu sabab, Oʻzbekistonda bu mezonlarga oʻtish uchun qabul qilingan davlat dasturlarida qator dolzarb vazifalar, aniq chora-tadbirlar belgilanib, amalga oshirildi. Ushbu guruhdagi bolalarning parvarishi, tibbiy yordam koʻrsatish uchun yetarlicha jihozlar, munosib muassasalar va malakali mutaxassislar tayyorlash lozim edi. Bu yoʻlda ham mamlakatimizda muhim amaliy ishlar qilindi.
Soʻnggi yillarda Sogʻliqni saqlash vazirligi va BMTning Bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF) hamkorligidagi “Oʻzbekistonda onalik va bolalik xizmatini takomillashtirish” loyihasi doirasida mamlakatning barcha tugʻruq muassasalari tibbiyot xodimlari chaqaloqlar parvarishi asoslari, neonatal jihozlardan samarali foydalanish, chaqaloqlar reanimatsiyasi va boshqa bir qator yangi samarali texnologiyalar boʻyicha xalqaro ekspertlar va milliy trenerlar tomonidan oʻqitildi. Oʻtgan yillar davomida «Salomatlik 1, 2 va 3” loyihalari boʻyicha barcha tugʻruq muassasalari eng asosiy parvarish va chaqaloqlar reanimatsiyasi uchun zarur zamonaviy jihozlar bilan taʼminlandi.
Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyrugʻi bilan tugʻilish mezonlari JSST tavsiyalariga koʻra, chaqaloq 22 haftadan boshlab tugʻilib, vazni 500 gramm va undan ortiq boʻlsa, FXDYO idoralarda qayd etilishi belgilandi.
Rivojlangan davlatlardagi kabi bizda ham oʻta kam vaznli chaqaloqlarda nafas buzilish sindromi profilaktikasi va davosi uchun eng zamonaviy preparatlar markazlashgan holda xarid qilinib, joylarga yetkazib berildi. Amalga oshirilayotgan ana shunday saʼy-harakatlar sabab bu guruhdagi bolalar orasida yashab qolish foizi keyingi 3 yil davomida 2 barobarga ortdi.
Shu oʻrinda eslatib oʻtamiz, , shu yildan boshlab mamlakatimizda 15 yoshgacha boʻlgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi. Bu jarayon bilan 2021-yilda – 11 million nafar, 2022-yilda – 17 million nafar aholi qamrab olinadi va bu ishlarga 100 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Qolaversa, ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul taʼminlash orqali aholi oʻrtasida kamqonlik 25 foizga kamaytiriladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.