51 ta tuman va shaharda “Oltiariq tajribasi” asosida uzum plantatsiyalari tashkil qilinadi

    “2023–2026 yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident qarori (PQ–260-son, 03.08.2023 y.) qabul qilindi

    Qarorga ko'ra, 2023–2024 yillarda:

    187 614 gektar maydonda yangi uzumzorlar barpo qilinadi;

    respublikaning 51 ta tuman va shahrida “Oltiariq tajribasi” asosida har biri 2–2,5 ming gektar er maydonlarida uzum plantatsiyalari tashkil etiladi.

    2023 yil 1 avgustdan:

    Qishloq xo'jaligini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash jamg'armasining meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, ko'katlar va dorivor o'simliklar, makkajo'xori doni, dukkakli va moyli ekinlarni etishtirishga ajratiladigan mablag'lari hisobidan yangi uzumzorlarni barpo qilish, ko'chat tayyorlash va “in-vitro” laboratoriyalarini ishga tushirish loyihalarini amalga oshirish uchun mablag' yo'naltirishga ruxsat beriladi.

    Bunda Jamg'arma mablag'lari “Qishloq qurilish bank” ATBga Markaziy bankning asosiy stavkasida resurs sifatida joylashtiriladi hamda loyiha tashabbuskorlariga 10 yil muddatga (5 yillik imtiyozli davr bilan)

    2 foizdan ko'p bo'lmagan marja bilan tijorat krediti ajratiladi;

    Qishloq xo'jaligida xizmatlar ko'rsatish agentligi tadbirkorlarga uzum plantatsiyalarida agrotexnik tadbirlarni o'tkazish, yangi tokzorlarni barpo etish va boshqa xizmatlarni ko'rsatadi.

    Bunda yangi uzumzorlarni 1 gektardan 10 gektargacha bo'lgan maydonlarda barpo qilish bo'yicha loyihalar Agentlik tomonidan to'g'ridan-to'g'ri moliyalashtiriladi, yirik uzumchilik plantatsiyasi shaklidagi loyihalar “Qishloq qurilish bank” ATB kreditlari hisobidan amalga oshiriladi;

    texnik navli uzum plantatsiyalarini yaratish hamda uzum, mevalar va rezavorlardan alkogol` mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalariga kompensatsiya va kafilliklar beriladi.

    2024 yil 1 fevralgacha uzumchilik sohasi rivojlangan xorijiy davlatlar ilmiy muassasalari hamda ilg'or tajribaga ega xalqaro tashkilotlardan 100 nafarga yaqin soha mutaxassislari jalb qilinadi.

    Xorijdan keltirilgan sovuqqa chidamli, urug'siz, hosildorligi yuqori 34 xildagi uzum navlarini “in-vitro” laboratoriyalarida respublika hududlarining tabiiy-iqlim sharoitiga moslashtirish bo'yicha sinov-tajribalar tashkil qilinadi.

    Qarorga ko'ra,“Made in Uzbekistan” brendi ostida xorijiy davlatlarda milliy vino savdo uylarini ochish hamda vino mahsulotlari eksportini targ'ib qilish bo'yicha choralar ko'riladi.

    Qaror bilan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Alkogol` va tamaki bozorini tartibga solish hamda davlat nazoratini olib borish boshqarmasi tashkil etildi.

    Mazkur boshqarma iste'mol va texnik etil spirti, alkogol` va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatiga litsenziya berish, litsenziyaning amal qilishini to'xtatib turish yoki tugatish, shuningdek, uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish ishlarini tashkil etishga mas'ul hisoblanadi.