Yerga ekin ekib, undan ozmi-koʻpmi hosil olish — koʻpning qoʻlidan keladigan ish. Toʻgʻri, keng tomorqasi boʻla turib, foydalanmaydiganlar qancha. Ammo hovlida yashaydiganlarning koʻpi, hech boʻlmasa, roʻzgʻorga yaraydi, degan maqsadda yerga biror ekin ekib qoʻyadi. Oʻzimiz ham yillar davomida tomorqadan faqat oila ehtiyoji uchun foydalanib kelganmiz. Yetishtirgan mahsulotlarimiz mavsumiy, aniq tartib asosida ekilmagani bois, sotuvga deyarli chiqarilmagan, qoʻshimcha daromadi ham boʻlmagan. Hozir esa 10 sotix tomorqadan yiliga 105-110 million soʻm daromad topyapman.
Davlatimiz rahbari mendek oddiy insonni “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlaganini eshitganimda ana shular xayolimdan oʻtdi. Tomorqachilikni rivojlantirishda namuna koʻrsatayotgan shaxsiy tomorqa yer egasi sifatida eʼtirof etildim. Kuni kecha Prezident oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida ishtirok etganim hayotimdagi eng unutilmas voqea boʻldi.
Asli kasbim — oʻqituvchilik. Mana, oʻttiz yildirki, maktabda fizika fanidan dars beraman. Ishdan boʻsh vaqtlarda oilam bilan xonadonimizdagi 10 sotixli tomorqada dehqonchilik qilamiz. Yuqorida aytganimdek, yetishtirgan mahsulotimiz roʻzgʻorga asqatgan, ortganidan olingan daromad ham oiladagi kam-koʻstga ishlatilgan. Shukr, shuning ortidan kam boʻlmadik, bolalarni katta qildik. Ammo tomorqadan bundan-da koʻp daromad olib, uy-joyli, mashinali boʻlish mumkinligiga ishonch hosil qilyapman.
Davlatimiz rahbarining Sayxunobod tumaniga tashrifi davomida tomorqadan samarali foydalanib, yiliga 3-martagacha hosil olish boʻyicha bergan tavsiyasi koʻplar qatori meni ham ruhlantirdi. Buning imkoni borligi, shu orqali oddiy dehqonchilikni tadbirkorlikkacha olib chiqish mumkinligi haqida oʻylab, xonadonimdagi 10 sotix yerga boshqacha yondasha boshladim. Avvallari faqat sabzi, dukkakli ekinlar yetishtirgan boʻlsam, endi yiliga 3-marta hosil olishni yoʻlga qoʻydim. Daromad ham bir necha barobar oshdi. Issiqxonamdagi birinchi hosil — sabzidan 35 million soʻm, ikkinchi hosil — bodringdan 20 million soʻm, undan keyin kartoshkadan 26 million soʻmgacha daromad oldim. Mahsulotlarimiz bozorda xaridorgir, hosilni asosan Toshkent shahridagi dehqon bozorlariga olib chiqamiz. Buyurtma asosida ham mahsulotlar yetishtiriladi, tadbirkorlar oʻzi kelib olib ketadi.
Tomorqamizda 17 quti asalari ham bor. Asalarining bir nechta turini koʻpaytiramiz. Bir yilda 180-200 kilogramm toza asal olib, 24 million soʻmgacha qoʻshimcha daromad topyapmiz. Avvaliga bir quti asalarimiz bor edi, keyin qutilar soni koʻpaydi. Asalari qutisi dalaga qancha yaqin boʻlsa, shuncha koʻp asal olish mumkin. Xonadonimizdan dalagacha masofa bir necha kilometr boʻlgani uchun asal olish imkoniyatimiz koʻproq. Umuman, bu ishdan yaxshi daromad topsa boʻladi. Oʻtgan yili Oqqoʻrgʻon tumani hokimi tashabbusi bilan 10 ga yaqin kam taʼminlangan oilaga 3 qutidan asalari tarqatildi. Ochigʻi, bu ular uchun yaxshi imkoniyat boʻldi, oilalar shundan daromad qildi.
Koʻpchilik Toshkent viloyatidagi xonadonlarda tomorqadan deyarli foydalanilmaydi, degan fikrni aytadi. Bu gap toʻgʻri emas. Masalan, tumanimizda deyarli hamma oila tomorqasida mahsulot yetishtiradi. Odamlar juda mehnatkash, tomorqadan samarali foydalanadi, halol mehnat qiladi. Mahallamizdagi deyarli hamma xonadonda issiqxona bor. Lekin keyingi yillardagi amaliyotga koʻra, dehqonchilikda mehnat bilan birga, bilim, yangicha yondashuvlar ham zarur. Sayxunobod va boshqa hududlar tajribasi ommalashgani sari odamlar yilda bir marta hosil olishga koʻnmayapti. Endi hamma tomorqadan doimiy foydalanib, bozorbop mahsulot yetishtirishni oʻrganib, yil davomida daromad qilishga oʻtyapti.
Hozir toʻkin, farovon yashayman, degan inson harakat qilsa, bir necha ishning boshini tutib, yaxshigina daromad topadigan davrda yashayapmiz. Bir paytlar tadbirkor degan taʼrif kamdan-kam odamga berilardi. Bugun esa har sohaning tadbirkoriga aylanish, asosiy faoliyatdan tashqari qoʻshimcha daromad manbaiga ega boʻlish odatiy hol, hatto zaruratga aylanmoqda.
Men uchun ham qilayotgan ishim tadbirkorlikning bir koʻrinishi. Tomorqadan yiliga 100 milliondan ziyod daromad topyapman. Shuning ortidan Toshkent shahridan 2 xonali uy va yangi avtomobil sotib oldim. Uch farzandimning barchasi oliy maʼlumotli. Katta oʻgʻlim qurilish sohasida ishlaydi, kichigi menga yordamchi. Yetishtirgan mahsulotlarimizni poytaxtdagi dehqon bozorlaridan tashqari, hududdagi savdo doʻkonlariga ham yetkazib beramiz.
Sayxunobod tajribasi orqali yurtimizda yana bir yaxshi anʼana shakllandi — mahallalarda “usta dehqon” tamoyili asosida xonadonlarga agronomlar biriktirilib, odamlarning mahsulot yetishtirishdan sotuvga chiqarilishigacha koʻmaklashilyapti. Bu dehqonchilik, tomorqachilik aniq bilim va tajriba asosida rivojlantirilyapti, degani. Men ham “Agrobank” ATBning Oqqoʻrgʻon tuman filiali tomonidan agronom sifatida shartnoma asosida ishga qabul qilindim. Hududdagi 25 ta xonadonga asalari boqish hamda 80 ta xonadon tomorqasida sabzi yetishtirishga koʻmaklashyapman. Hatto buning uchun menga 5 million soʻm oylik maosh ham tayinlangan. Bundan ham oilamga yiliga 60 million soʻm daromad kiradi.
Oʻz daromadim ortishi bilan birga, boshqalarning ham qoʻshimcha pul topishiga koʻmaklashayotganimdan quvonaman. Odamlarimiz nafaqat mehnatkash, balki azaldan tadbirkor hamdir. Ularga davlat tomonidan berilayotgan sharoit, yoʻl-yoʻriq va yordam imkoniyatdan kengroq foydalanishga yoʻl ochyapti. Men ham bunga hissamni qoʻshishda davom etaman. Kelgusida hududimiz aholisining har biri oʻz xonadonidagi tomorqadan unumli foydalanib, yuqori daromad olishi uchun bor bilim va tajribamni ishga solaman.
Toʻlqin MANSUROV,
Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon tumanidagi
shaxsiy tomorqa yer egasi,
“Doʻstlik” ordeni sohibi