850 mingdan ortiq tomorqaning suv taʼminoti yaxshilanadi

    Oʻzbekistonda 2025-yilning ekish mavsumi boshlangunga qadar, yaʼni 1-martgacha 850 mingdan ortiq tomorqaning suv taʼminoti yaxshilanadi.

    Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorov “Oʻzbekiston 24”ga bergan intervyusida bu haqda gapirib oʻtdi.

    Jamshid Qoʻchqorovning taʼkidlashicha, bu kabi ishlarni amalga oshirish uchun 250 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.

    Undan tashqari, hozirda 2500 ga yaqin “mahalla bankiri” faoliyati yoʻlga qoʻyilib, har toʻrt mahallaga bir nafardan “mahalla bankiri” biriktirildi.

    Shuningdek, hokim yordamchilari endilikda tomorqaga ham masʼul boʻladi. Ular ekin ekilganini nazorat qilib boradi va har bir tomorqa holatini onlayn mahalla platformasiga kiritib boradi. Hozirgi kunda hokim yordamchilarining 95 foizidan ortigʻi iqtisodchilardan iborat.

    Yaratilgan ish oʻrinlari haqqoniyligi amalda Soliq qoʻmitasi bazasida toʻlagan soliqlari bilan solishtirish orqali taʼminlanadi. Bunga qoʻshimcha ravishda Hisob palatasi ham jalb etiladi.

    Prezident endi har oy oxirida manzilli dasturlar ijrosi yuzasidan masʼullar hisobotini eshitib boradi.