Bir qarashda nega serdaromad boshqa mahsulotlar turib, aynan koʻkatchilikka qiziqayotganlarini tushunmaganman. Keyin bilsam, niyozboshliklar azaldan koʻkat yetishtirish bilan shugʻullanar ekan. Yangiyoʻl tumani esa “koʻkatchilar hududi” sifatida tanilgan, shu yoʻnalish drayver hisoblanadi. Aksar aholining asosiy daromadi shundan — tomorqada, issiqxonada, dalada ham piyoz, koʻkat yetishtirilib, yurtimiz bozorlariga tarqatiladi, katta-katta yuk mashinalarida xorijga eksport qilinadi.
Tonnalab koʻkatlar aynan aholi xonadonlaridan yigʻishtirib olinadi. Qizigʻi, bu uylardagi tomorqalar unchalik katta ham emas. Bir necha sotixli yerga chetdan qaraganda, roʻzgʻorni taʼminlaydigan mahsulotlar yetishtirilsa ham katta gapdek koʻrinadi. Ammo aholining aytishicha, hamma daromad shu tomorqada. Boʻlsa bordir, har holda yurtimizda tomorqadan samarali foydalanish boʻyicha yaxshigina tajriba shakllanib boryapti. Bu borada oʻz tajribasini yaratayotgan hududlar ham bor.
Shu yilning 30-yanvar kuni davlatimiz rahbari tomorqada va ijaraga berilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda oziq-ovqat yetishtirish, aholi bandligini taʼminlash, oilalar daromadini oshirishda tomorqaning ahamiyatiga alohida toʻxtaldi. Oʻnlab tumanlarda odamlar tomorqadan 2-3-marta hosil olib, bir sotixdan oʻrtacha 15-20 million soʻm daromad topayotgani taʼkidlandi. Oʻsha hududlar qatorida Yangiyoʻl tumani ham bor. Hudud ahli tomorqadan yaxshigina daromad topish mumkinligini isbotlab kelyapti. Yana qanday mahsulot deng — koʻkatchilikdan.
Ayni yigʻilishda yana bir masala oʻrtaga tashlandi. Maʼlum qilinishicha, yangiyoʻllik dehqonlar oʻzimizning koʻkat urugʻlari yoʻqolib ketgani, sifatli nav yetishmasligini aytgan. Bular boʻyicha vaziyatni oʻnglash, aholi tashabbuslarini amalga oshirish yuzasidan koʻrsatmalar berilgan.
Hadeb yaxshi tajribalarni maqtayvermasdan, anashu muammoni oʻrganishga ahd qildik. Masala jiddiy ekaniga koʻra, jurnalist surishtiruvi ham oʻtkazmoqchi boʻldik. Shu maqsadda Yangiyoʻl tumaniga yoʻl oldik. Manzilimiz — oʻsha mashhur Niyozbosh hududi. Bu yer Yangiyoʻl tumanining bir qismi boʻlib, unda 9 ta mahalla joylashgan. Aytishlaricha, ana shu mahallalar ahlining bari faqat koʻkat yetishtirish bilan shugʻullanadi. Tomorqasi-ku, mayli, hatto koʻchasida ozroq boʻsh yer qolsa ham koʻkat ekib qoʻyaveradi. Kimlardir buni asosiy ishga aylantirgan boʻlsa, boshqalar qoʻshimcha daromad manbai, deydi.
Kam xarajat qilib, koʻp daromad olish mumkin
Bir necha qadam yurib, yoʻlimizdan chiqqan birinchi xonadon eshigini qoqdik. Yoshi katta ayol kutib oldi. Maqsadimizni aytganimiz hamon darrov “Issiqxonada hali yetilgan ekinlar yoʻq, piyoz ekilgan, xolos, u ham kichikroq”, desa boʻladimi?! Oʻzimizcha birinchi harakatdayoq raisni shoshirib qoʻygandek boʻldik. Jahongir aka esa baribir issiqxonaga kirishimizni aytdi. Quruq yerni koʻramiz, deb oʻylagandik ayolning vahimasidan. Yoʻq, issiqxonaga ekilgan piyoz koʻkarib, ancha yetilib qolibdi. Opaning kamtarlik qilganini shunda tushundik. Savollarimizga ham iymanibgina javob berdi.
— Shu xonadonga kelin boʻlib tushganimga 35 yildan oshgan boʻlsa, oʻshandan beri tomorqada koʻkat yetishtiramiz, — deydi Dilfuza Qoʻchqorova. — Roʻzgʻorimiz ham, daromadimiz ham shundan. Ikki oʻgʻlim davlat ishida ishlaydi. Ularning oylik maoshini toʻplaymiz. Kunlik xarajatlarimiz esa tomorqadan qoplanadi. Yil boʻyi yerni boʻsh qoldirmay, koʻkat ekamiz. Piyoz, rukollo, petrushka, oʻsmani aralash qilib ekaveramiz. Xaridorlarning oʻzi olib ketadi, boʻlmasa bozorga olib chiqamiz. Kunlik daromadimiz bor, dasturxonimiz toʻkin. Issiqxona maydoni 2 sotixlar boʻlsa kerak, anigʻini bilmayman. Avvallari bulgʻor qalampiri ham ekkanmiz, lekin yer xohlamay qolgan, xarajati ham katta uning. Koʻkat esa kam xarajat talab qiladi, mehnati ham ogʻir emas, ammo daromadi yaxshi. Har holda doim isteʼmol qilinadigan mahsulot-da.
Farovon mahallasi ahli koʻkatlarni issiqxonada yetishtiradi. Chunki qishda bu ancha qulay. Hududda 679 ta xonadon boʻlsa, shundan 647 tasida issiqxona bor. Yana bir oʻziga xosligi, oxirgi yillarda koʻkatni saqlash, eksport qilish ham rivojlanib borayotir. Aholi yetishtirgan piyoz, koʻkatlarni eksportchi tadbirkorlarning oʻzi sotib olib, muzxonalarga joylaydi va narx qimmatlagan paytda xorijga joʻnatib, daromad qiladi. Hozirgi kunda Farovon mahallasining oʻzida 3 ta muzxona bor. Boshqa mahallalarda ham muzxonalar koʻpaygan. Tadbirkorlarga muzxonalarni imtiyozli kredit asosida olishda hokim yordamchilari koʻmakchi boʻlyapti. Koʻkatlar asosan, Rossiya, Qozogʻistonga eksport qilinadi. Ammo Yevropa bozorlariga chiqayotganlar ham yoʻq emas. Faqat Yevropa talabi yuqoriroq, unga mos mahsulot yetishtirish kerak, yetkazib berish yana alohida masala.
Mahallada ishsizlar ham yoʻq emas. Ammo bari oʻzini oʻzi band qilib, tomorqasini yurgizishda yordam soʻrab keladi. Oylik maosh toʻlanadigan ishlarni koʻpi rad etadi, chunki kunlik daromadga oʻrgangan. Imtiyozli kredit olgani ham darrov tomorqasiga koʻkat ekadi. Ham tomorqadan unumli foydalanyapti, ham shu yoʻnalishni biznesga aylantirgan.
Suhbatimiz qizib, navbatdagi xonadonga kirdik. Issiqxona ichidan bir ayol chiqib keldi. Tashqarida tozalangan piyoz poʻstlari. Demak, mahsulot yetilib, sotila boshlagan. Xonadon egasi Shahlo opa buni tasdiqladi. Piyozni yigʻishtirib, xaridorga tayyor qilib qoʻyibdi. Qizigʻi, bu ayol ham birdaniga “Piyozlarning bir qismini uzib boʻldik, tomorqada deyarli koʻkarib turgan ekin yoʻq”, dedi. Bu gal ham unga ishonmay, toʻgʻri issiqxonaga kirdik. Piyoz bir tekis, shunday chiroyli koʻkarib turibdiki, tashqarida qish ekani odamning yodidan chiqadi. Faqat mehnatkash qoʻllargina shunday sovuq havoda ham mahsulot yetishtira oladi.
Shahlo opa 56 yosh boʻlishiga qaramay, tomorqadagi asosiy ishni oʻzi uddalar ekan. Turmush oʻrtogʻi yordamlashib turadi, qaramogʻida qolgan nabirasi esa hali kichik. Yollanma ishchi ishlatmaydi, daromad oʻzimizga qolsin deydi. U ham kelin boʻlib tushganidan buyon koʻkatchilik bilan shugʻullanadi. Hozir oilaning asosiy daromadi shundan.
— Odam ishlatsak ham xarajatni qoplaydi, lekin istamayman. Baribir uyda oʻtirsam, oʻzim ishlayveraman tomorqada, — deydi Shahlo Yoʻlchiyeva. — Er-xotin hali nafaqa olmaymiz, daromadimiz shu yerdan. Issiqxona maydoni 2 sotix atrofida. Qishin-yozin tindirmay koʻkat ekamiz. Yozi bilan rayhon sepiladi, kuzda piyoz. Parallel tarzda kashnich va boshqa koʻkatlar ham yetishtiraveramiz. Piyoz ham, koʻkatlar ham issiqda bir oylarda, sovuqda 40 kunlarda tayyor boʻladi. Issiqxona termos qilinib, ikki qavat plyonka yopilgan. Avvallari gaz, koʻmir yoqardik, hozir uning xarajati katta. Plyonkada isitish qulay, ekin sal kechroq yetilsa ham xarajati kam. Piyoz va koʻkatlarga ortiqcha issiq shart emas, juda borsa, yoysimon usulda ekinlarning ustidan bir necha metr balandlikda yana plyonka yopiladi. Koʻkatlar uzilishi bilan yangidan ekilaveradi. Tayyor mahsulotni xaridorlarning oʻzi olib ketadi. Boshqa mahsulot yetishtirish haqida oʻylab koʻrmaganmiz, chunki hududimiz azaldan koʻkatchilikka moslashgan. Toʻgʻri, oʻziga yarasha mehnati bor, ammo foydasi yaxshi. Masalan, 5 ming bogʻ piyoz bogʻining bir donasi 1000 soʻmdan sotilganda ham 5 million soʻm boʻladi. Kamida 3 barobar foyda qolyapti. Ana shu koʻkatchilik ortidan oʻgʻil uylantirib, qiz uzatdik. Birovdan qarzimiz, muhtojligimiz yoʻq, roʻzgʻorimiz but, shukr.
Mahallaning bir necha xonadoniga kirdik hamki, boʻsh turgan tomorqaga koʻzimiz tushmadi. Hammasida yoki piyoz, yoki koʻkat oʻsib turibdi. Tush payti boʻlsa-da, hech bir kishi uyining ichidan chiqib kelmadi. Aksari tomorqasidan chiqib, kutib oldi. Biri ekinlarni parvarishlayotgan boʻlsa, boshqalari hosilni uzish bilan band. Havo esa anchagina sovuq. Biz hatto qoʻlimizni choʻntagimizdan chiqarishga erinayotgan bunday haroratda yangiyoʻlliklar yeng shimarib tomorqada mehnat qilyapti. Qizigʻi, hech biri bundan nolimadi, aksincha, kunlik daromadi yaxshi ekani, shunga oʻrganib qolganini aytdi.
Sifatli urugʻ — eksportbop mahsulot
Ota-bobolarimiz tomorqa — xazina deb bejiz aytmagan. Buni xalqimiz keyingi yillarda yanada yaxshiroq tushunib yetyapti. Chunki borgan sari kichik yer maydoni ham iqtisodiy aktivga aylanib, odamlar undan qoʻshimcha daromad topish hadisini olyapti.
Hozirgi kunda 5 milliondan ziyod xonadonda 508 ming gektar tomorqa, avval tashkil etilgan dehqon xoʻjaliklarida 17 ming gektar va soʻnggi yillarda aholiga tarqatilgan 260 ming gektar yer bor. Bu oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda eng katta zaxira. Asosiysi, odamlar yer bilan ishlashni, zamonaviy agrotexnologiyalarni qoʻllashni yaxshi oʻrgandi. Ilgari tomorqada gektaridan oʻrtacha 18 tonna mahsulot olingan boʻlsa, endi bu 2 karra oshib, 38 tonnaga yetdi.
Farovon mahallasida yana bir necha xonadonga kirdik. Uy egalarining koʻpi tomorqasida yetilgan piyozlarni yigʻib, xaridorga taxt qilib qoʻygan. Bu insonlarning har biri bilan gaplashib zavq oldim, ochigʻi. Sodda, kamtar, qilgan mehnatini arzimas hisoblar ekan. Mahalladagi fayz ham oʻzgacha. Koʻchalar tartibli, yoʻllar tekis. Gap orasida bizga hamrohlik qilayotgan raisga “Mahallaning yoʻllari yaxshi ekan, ichkari qismlari ham taʼmirtalab, oʻnqir-choʻnqir boʻlib ketmagan?” desak, bunga javoban, “Yoʻq, notekis yoʻllarimiz ham bor, sizga koʻrsataman”, desa boʻladimi?! Odatda biror hududga borsak, notekis yoʻllarni koʻrsatmaslikka urinishadi, Jahongir aka esa oʻzi koʻrsatmoqchi boʻldi. Bir koʻchaga boshlab, “Mana, shunday yoʻl”, deydi. Fotomuxbir sherigim bilan kulib yubordik. Chunki rais yomon, deb aytayotgan yoʻl ham tekis, faqat ozgina chuqurliklari bor. Ancha ichkariga kirdik hamki, yoʻllar juda yaxshi edi. Raisning aytishicha, koʻchalardagi yoʻllarning koʻpiga tadbirkorlar oʻz tashabbusi bilan asfalt yotqizib bergan. Avvalroq raisning “Mahalla odamlarining koʻpi yaxshi yashaydi, hammasi shu koʻkatchilik ortidan” degan gapiga endi ishondik.
Ammo Niyozbosh hududi faqat shu mahalladan iborat emas. Boshqa mahallalarda ham xuddi shunday koʻkatchilik rivojlangan. Ozgina yurib, qoʻshni Guliston mahallasiga oʻtdik. Mahalla raisi Hamidilla Sunnatovning aytishicha, bu yerda 774 ta xonadon boʻlib, 4742 kishi istiqomat qiladi. Hammasi koʻkatchilik bilan shugʻullanadi. Odamlar mahalliy koʻkat urugʻlarini ham ekadi, ammo xorijnikiga talab koʻproq ekan. Chunki xorij urugʻi ancha sifatli, koʻrinishi chiroyli, bozorbop. Qolaversa, xorij navlari nisbatan chidamli boʻladi, kashnich barglari esa shapaloq boʻlib chiqadi, oʻzimizniki kabi qaychibarg boʻlib qolmaydi. Narxi mahalliy urugʻlarga nisbatan bir necha barobar qimmat boʻlsa ham aholi sotib oladi. Mahsulot yetilgach, xarajatini bemalol qoplaydi. Ammo mahalliy koʻkat navlarining ham sifati yomon emasligi, ichki va tashqi bozorda talab borligini aytishdi.
Urugʻ navlari haqida soʻraganimiz bejiz emas. Boisi, yuqorida taʼkidlaganimizdek, Prezident raisligida oʻtgan yigʻilishda oʻzimizning koʻkat urugʻlari yoʻqolib ketgani, sifatli nav yetishmasligi masalasi koʻtarilib, mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berilgan. Tumanga kelish maqsadimizdan biri ham ana shu masalani oʻrganish edi. Hamidilla akaning aytishicha, bir necha kun oldin Respublika agroxizmatlar milliy markazi (AKIS)dan mutasaddi kelib, shu boʻyicha koʻrilayotgan choralar, qilinadigan ishlar haqida gapirgan. Suhbatimizni chala qoldirib, biz kirib borgan xonadon egasini chaqirdik. Kutib olgan kishi issiqxonaga kiraverishimizni aytib, yoʻl koʻrsatdi. Issiqxonaning oʻrtasida bir ayol oʻtirib, koʻkat bogʻlayapti. Ichkari yam-yashil, turli koʻkatlar oʻsib turibdi. Bir tomonda shpinat (ismaloqning bir turi), boshqasida kashnich. Darrov narx-navo va daromadi bilan qiziqdik.
— Shpinatning bitta bogʻlami 5-6 ming, kashnich esa 5 ming soʻmdan olinyapti. Kuniga 30-40 bogʻlam sotyapmiz har biridan. Xaridorlarning oʻzi kelib, olib ketadi, — deydi “Guliston” MFYda yashovchi Gulnora Badirova. — Issiqxona maydoni 3 sotixlar boʻlsa kerak. Qishin-yozin koʻkat yetishtiramiz. Oilada 11 kishimiz, oʻgʻillarim davlat ishida. Tomorqa qoʻshimcha daromad manbaimiz, roʻzgʻorimiz shundan. Koʻkatchilikdan yaxshi foyda olsa boʻladi, doimiy parvarish qilinsa kifoya. Asosan, xorij urugʻlarini ekamiz. Ozgina qimmatroq boʻlsa ham bozorda tez ketadi. Masalan, xorijiy shpinat urugʻining kilosi 700-800 ming soʻm boʻlsa, mahalliy urugʻ 30 mingdan 100 ming soʻmgacha. Menga 300 gramm urugʻ yetarli, 150 ming soʻmga aylanadi. Bu xarajat issiqxonadagi bitta polning oʻzidan chiqib ketadi.
Xonadondan chiqa turib, yana boyagi masalaga qaytdik. AKISning mahallaga kelgan vakili Niyozbosh hududi markaziga konteyner qoʻyilib, oʻzimizning mahalliy urugʻlar arzonlashtirilgan narxlarda olib kelinishi, yerning quvvatini oʻlchaydigan apparatlar oʻrnatilishi va boshqa vazifalarni aytgan. Toshkentga keliboq, ular bilan bogʻlandim. Qoʻshimcha maʼlumotlar oldim.
— Mutaxassislar va ilmiy xodimlardan iborat ishchi guruh Yangiyoʻl tumani Niyozbosh qishlogʻida boʻldik, — deydi Respublika agroxizmatlar milliy markazi direktori Bunyod Mamarahimov. — Jarayonda aholi tomorqalarida yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi ekinlarining holati, ularni yetishtirishdagi muammolar oʻrganildi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hosildorligini oshirish, sifat koʻrsatkichlarini yaxshilash orqali aholi daromadini koʻpaytirish yuzasidan ilmiy tavsiyalar berildi. Bundan tashqari, ayni kunlarda agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida oʻtkazish, talab etiladigan moddiy-texnik resurslarini yetkazib berish boʻyicha izchil saʼy-harakatlar qilinmoqda. Niyozbosh hududida koʻchma agroxizmat koʻrsatish markazlari tashkil etish rejalashtirilgan. Ularda mahalliy va yangi navlarning sifatli urugʻliklari arzon narxlarda sotiladi.
Doim bozori chaqqon mahsulot
Shahardan bir necha oʻn daqiqali yoʻl yurib, hududdagi Farovon mahallasiga kirib bordik.
— Mahallamizdagi xonadonlar tomorqalarida boʻsh yerning oʻzi yoʻq, aholining hammasi koʻkatchilik bilan shugʻullanadi, issiqxonalarda qishin-yozin koʻkat yetishtiriladi, — deydi “Farovon” MFY raisi Jahongir Abduqayumov. — Oʻzingiz tanlab, istalgan koʻcha, istalgan xonadonga kiring, tomorqasida, albatta, ekin boʻladi. Bahorda keling, yozda keling demayman. Hozir birma-bir xonadonlarga kiramiz, piyoz, koʻkat oʻsib yotganiga guvoh boʻlasiz. Shu oʻrinda bir voqeani eslasam. 2019-yil may oylari — mahalla raisi sifatida ish boshlaganimga 5 kungina boʻlgan. Toʻsatdan katta bir tashkilotdan masʼul keldi. Qattiqroq ohangda xonadonlarga olib kirishimni talab qildi, agar tomorqalar boʻsh turgan boʻlsa, jiddiy chora koʻrishlarini aytdi. Qaysi koʻcha, qaysi xonadonga kirishni oʻzi tanladi. Bariga kirdik va hammasida ekin ekilganini koʻrib uyalib qoldi. Yaʼni odamlarimiz tomorqani sira boʻsh qoldirmaydi, ketini uzmasdan koʻkat yetishtiradi. Masalan, piyoz yigirma kun — bir oyda tayyor boʻlsa, uning orqasidan boshqa koʻkatlar ekiladi. Yoz oylarida pomidor, bulgʻor qalampiri yetishtiradiganlar bor. Yoki salat barglari ekiladi. Xullas, niyozboshliklar tomorqadan kuniga daromad topib, aksari shuning orqasidan roʻzgʻor tebratadi, toʻy qiladi, uy quradi. Keling, kichik hisob-kitob qilib koʻramiz. Masalan, ikki metrli joyga kashnich ekilsa, 25-30 kunda tayyor boʻladi. Sotganda 300-400 ming soʻm tushadi. Har bir issiqxonada shunday hajmdagi poldan 15-16 ta bor. Ana endi, daromadni hisoblayvering. Odamlarimiz ana shu kunlik daromadga oʻrgangan. Hatto boshqa kasbda ishlaydiganlar ham qoʻshimcha daromad sifatida koʻkat yetishtiradi. Maqtanish boʻlmasin-ku, Toshkent shahri va bir qancha viloyatlardagi koʻplab dehqon bozorlarini niyozboshliklar koʻkat bilan taʼminlaydi. Hatto qoʻshni davlatlarda ham hudud nomi mashhur. Bir oyda Niyozboshning oʻzidan xorijga 5-6 ta yuk mashinasida koʻkat chiqib ketadi. Mavsum vaqtlari 30-40 tagacha yetadi. Har bir furaga 15-16 tonna mahsulot ketadi. Eksport qilinmagan koʻkatlar mahalliy bozorda sotiladi. Narx juda pastlab ketgan taqdirda ham, hech boʻlmaganda, xarajatini qoplaydi.
Jahongir aka bilan suhbatimiz qizib ketdi. Tezroq xonadonlarga kirishni istayotgan boʻlsam ham avval savollarimga javob olish zarurati kuchliroq keldi. Ularni tinglaganim sari “Nega bu yerda faqat aynan koʻkat yetishtiriladi, odamlar qachon bunga oʻrgangan” degan savol oʻylantirardi. Mahalla raisi shu bilan bogʻliq ota-bobolaridan eshitgan bir voqeani aytib berdi: “Avvallari yangiyoʻlliklar uzumchilik bilan shugʻullangan ekan. Rostmi-yolgʻonmi, bir paytlar Jambil mahallasida bir xorijlik odam hovlisida koʻkat oʻstiradi. Har kuni xaltasiga koʻkat solib, bozorga olib chiqadi. Qizigʻi, odamlar uzumni xorijga mavsumda eksport qilsa, oʻsha kishi deyarli yil boʻyi koʻkat sotib, daromad topgan. Shundan boshqalarda ham koʻkatchilikka qiziqish paydo boʻlgan, deyishadi”.
Bu voqea qanchalik haqiqat, bilmaymiz, ammo hozir Yangiyoʻlning koʻkat yetishtirish tajribasiga qiziquvchilar koʻp. Kichik yer maydonida ham, buning ustiga, yil davomida yaxshigina daromad qilish chindan samarali usul. Shungami, tajribani oʻrganayotgan hududlar soni oshib boryapti. Aytishlaricha, Bekobod, Surxondaryoning koʻp tumanlarida allaqachon koʻkatchilik ommalashdi. Yangiyoʻlda yer tanqisroq boʻlgani sababli tub aholi boshqa hududlarga borib koʻkat yetishtirayotgani ortidan ularni ham shu ishga qiziqtirib, oʻrgatyapti. Surxondaryodagi katta dalalarda shivit ekilyapti. Yangiyoʻldagi tomorqalarning oʻzida esa koʻkatning istalgan turi — kashnich, piyoz, rukollo, rozmarin, salat barglari yetishtiriladi. Odamlar mavsumga qarab yerga urugʻlik sepaveradi.
Mahalla raisi yana oʻsha gapni takrorladi: “Shu yerdan chiqib piyoda yuramiz va siz istagan xonadonga kiramiz, tomorqalarini oʻzingiz koʻrasiz. Birorta xonadonda boʻsh turgan yer yoʻq!”. Bunga oʻzimizning ham ishonchimiz ortib borayotgandi. Fotomuxbir sherigim va mahalla raisi bilan birgalikda xonadonlar tomon yurdik. Yoʻlda obodonlashtirish xodimlarini koʻrganimizda bahor yaqinligi yodimizga tushdi. Ammo bunga hali vaqt bor. Havo esa ancha sovuq. Hatto sal oldin qor ham yogʻib oʻtdi.
“Hamma pul koʻkatchilarda(mi)?!”
Hamrohimiz Jahongir aka yana bir necha xonadonga olib kirdi. Barining tomorqasida oʻsha manzara — piyoz yoki koʻkat ekilgan. Xonadon egalari esa issiqxona ichida. Farovon mahallasida yashayotgan Muhabbat opa Mahkamovaning turmush oʻrtogʻi tadbirkor. Oilada 10 kishi yashaydi, deyarli hammalari oilaviy oshxona, doʻkonlarida ishlashar ekan. Shunga qaramay, tomorqalari ham boʻsh qolmagan. Kirib borganimizda turli koʻkatlarga koʻzimiz tushdi. Tomchilatib sugʻorish texnologiyasi ham oʻrnatilgan. Xonadon egasining aytishicha, tomorqa qoʻshimcha daromad manbai, qolaversa, bolalarni mehnatga oʻrgatadi.
Biz kirgan oxirgi xonadon egasi Akbar aka Muhammedov esa ancha dangal, ochiq odam ekan. 2 sotixlar chiqadigan tomorqasidan yaxshi daromad olishi, ketini uzmay piyoz yetishtirib, buning ortidan uy koʻtargani, chorva mollari olib, issiqxona qurgani, yaqinda “Damas” avtomashinasi xarid qilganini ham yashirmadi. Ammo baribir sodda, kamtarligi bor. Meni olib chiqmanglar, rasmga olmanglar, piyozlarning bir qismini yigʻib olib, sotib boʻldik, issiqxonada koʻp narsa yoʻq deb turib oldi. Ammo ichkariga kirsak, buning mutlaqo aksi. Piyoz shunaqa chiroyli, bir tekis koʻkarib turibdiki, odamning havasi keladi.
Shularni koʻrib, bir xulosaga keldim. Bu yerlik aholining koʻpi oylik maoshga ishlay olmaydi, ishlaydigani ham tomorqasini qoʻshimcha daromad manbaiga aylantirib olgan. Mehnat qilsa, toʻgʻri foydalansa, tomorqadan yaxshigina daromad qilsa boʻladi. Buni ular oʻz hayoti, mehnati misolida koʻrib, bilib turibdi.
Yana bir gap. Davlatimiz rahbari topshirigʻi bilan endilikda tomorqa va dehqonchilik yerlarida yuqori daromadli va eksportbop ekinlar ekish, ularning hisobini yuritish hamda moliyalashtirish boʻyicha yangi tashabbuslar qoʻllaniladi. Jumladan, tomorqa xizmatlarini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlarga 7 yil muddatga 17,5 foizli imtiyozli kredit ajratiladi. Yerdan samarali foydalanib, bir sotixda 5 million soʻmdan yuqori rasmiy daromad olayotgan dehqonlarga yer soligʻining 90 foizi keshbek sifatida qaytarib beriladi. Aksincha, tomorqasiga ekin ekmaganlardan yer soligʻi oshirilgan miqdorda undiriladi.
Yangiyoʻlda koʻkatchilik rivojlangani, har bir xonadon tomorqasida koʻkat yetishtirishi haqidagi gaplar rost ekan. Odamlardagi bir necha jihat eʼtiborimni tortdi: aksari ayollar kelin boʻlib tushganidan beri xonadonida koʻkatchilik qilarkan, koʻp xonadonlar issiqxonasi hajmi qancha ekanini hatto bilmadi, eng eʼtiborlisi, deyarli barcha qilayotgan ishidan zavqlanadi va birovga maqtanmaydi. Ular doim mehnatda ekani, birovga qaram emasligi uchun ham hammadan boyroq.
Umuman, Yangiyoʻldagi tomorqadan unumli foydalanish, koʻkat yetishtirish tajribasini xuddi Sayxunobod, Gʻijduvon va boshqa hududlar tajribasi kabi ommalashtirsa boʻladi, nazarimizda. Ayniqsa, Niyozbosh hududida boʻsh turgan tomorqa maydonini topa olmaysiz. Tan berdik. Qaytishda hovlimizdagi deyarli boʻsh yotadigan tomorqamiz koʻz oldimdan oʻtib, oʻzimdan uyaldim. Endi undan foydalanmasak boʻlmaydi. Aks holda, yaxshigina soliq toʻlashimiz aniq!