баннер
27 Mar 2025
01:05

    Yosh dehqon tomorqadan har yili 200 million soʻmdan ziyod daromad topmoqda

    Behroʻz dehqonchiligi ortidan orttirgan pullari bitta mashinaga yetib qolganini chamalab koʻrarkan, yaqin oʻrtogʻi bir vaqtlar uni xorijda ishlashga taklif qilganida koʻnmagani toʻgʻri boʻlganidan quvondi.

    Yaxshiyam unga ergashib ketmagani. Boʻlmasa, kim biladi, hozir qaylarda yurardi. Olis oʻlkada ish topishning oʻzi boʻlmasa kerak. Oʻrtogʻi ham shu paytgacha tayinli biror joyga joylasholmay yurganini tunov kuni uning otasi aytib qoldi.

    Yosh dehqon shularni oʻylarkan, oʻtgan yili hosildorlik choʻgʻi zoʻr boʻlganidan mamnunlik tuygʻusi yuziga urdi. Lekin bu bilan ishni toʻxtatib boʻlmaydi. Hali rejalari bisyor. Bu yogʻi uy-roʻzgʻorga ham yordam qilishi kerak. Buning uchun faqat tomorqadan yanada unumli foydalanish lozim.

    Behroʻz Abdurahimov 24 yoshda. Qamashi tumanidagi Boyovut qishlogʻida yashaydi. U bolaligidan dehqonchilik sirlarini yaxshi oʻrgangan. Shu sabab hovlisiga kirgan kishining dili yayraydi. Boisi, bir qarich boʻlsada, boʻsh yerning oʻzi yoʻq. Qishloqdagi ota-onalar farzandlariga, koʻpchilik yoshlarga uni namuna sifatida koʻrsatadi. Aslida, yosh yigitning qilgan ishlari oʻrnak olsa arzigulik. U yerga kam xarajat qilib, koʻproq foyda koʻrish yoʻlini qidirishdan, izlanishdan charchamaydi. Malakali mirishkorlarning koʻp yillik tajribalarini oʻrganishga harakat qiladi. Ayniqsa, hovlisiga oqar suv kelishi mushkulligi bois, shuni qanday qilib osonroq hal etish choralarini izlaydi.

    Ikki yil avval otasi bilan maslahatlashib, 5 sotixli issiqxona qurdi. Ichiga birinchi yili bodring ekdi. Lekin bodringni hosildor qilish uchun doimiy ravishda sugʻorib turish kerak edi. Bu oson emasdi. Qiynalib boʻlsada, epladi. Dastlabki yili natija yomon boʻlmadi. Ammo suv masalasini hal etmasa, ishi keyingi yilda ogʻir kechishi aniq edi. Tezda ishga kirishib, hali Boyovut qishlogʻida hech kimning xayoliga kelmagan yomgʻir suvidan foydalanish loyihasini ishlab chiqdi. Buning uchun besh sotixli ­issiqxona tomidan tushayotgan yomgʻir va qor suvini bir joyda toʻplash kerak edi. Shuning harakatiga tushdi. Issiqxona yonida hovuz qurib, quvurlar orqali yomgʻir suvi yigʻiladigan qildi.

    — Shundan soʻng ishimiz ancha osonlashdi, — deydi Behroʻz Abdurahimov. — Ilgari ariqdan suv kelgunga qadar koʻp vaqt sarflanardi. Bir kun suv kelsa, haftalab kelmasdi. Ayni paytda issiqxonamizda pomidor ekilgan. Sugʻorishda umuman muammo yoʻq. Hovuzdagi suvdan tomchilatib sugʻorish orqali nihollar tagiga namlik doim borib turadi. Issiqxonalarga ekin sovuq kunlar tushgandan soʻng ekila boshlanadi. Bu paytda kuzgi-qishki yogʻin mavsumi boʻladi. Demak, kunlar isib ketgunga qadar suv muammosi hal etiladi. Mutaxassislar fikricha, hosildorlik ortishida ham yomgʻir suvining hissasi katta.

    Yosh dehqonning yana bir usuli koʻpchilik uchun qiziq. Issiqxonada boʻshagan qoplar ichiga kartoshka ekish hadisini olgan. Shu kecha-kunduzda qopga yogʻoch qirindisi, chorva goʻngi va tuproqdan aralashma solib, har biriga bir donadan kartoshka urugʻini ekib chiqqan. Aytishicha, bu usul ancha unumdor. Hosilning koʻp boʻlishini taʼminlaydi. Bir dona kartoshka oʻrtacha besh kilo hosil beradi. Bir dona urugʻlik kartoshkadan besh kilo olinadigan boʻlsa, oʻrtacha olti ming soʻmdan hisoblaganda 30 ming soʻm daromad keltiradi. Hozir naq 200 ta qopga shu usulda kartoshka ekilgan. Demak, bir tonna hosildan olti million foyda naqd, degani. Bu issiqxonadagi boʻsh joydan unumli foydalanish orqali ­kelayotgan daromad. Yana bir jihati, bozorga kartoshka ertaroq chiqadi.

    Bundan tashqari, tez orada hosilga kiradigan pomidor ham kamida bir yarim ming tonnadan ortiq hosil berishi kutil­yapti. Bu mablagʻga chaqiladigan boʻlsa, kamida 15-20 million soʻmga borib qoladi. Umumiy hisobda bitta issiqxona bir mavsumda oʻrtacha oʻttiz million soʻmdan ortiq foyda keltirmoqda.

    U faqatgina issiqxona bilan cheklanib qolgani yoʻq. Hovlisidagi 10 sotix joyga kartoshka ekishga hozirlik koʻrmoqda. 20 sotix yerda esa toʻqsonbosti usulida ekilgan piyoz urugʻlari yetilmoqda. Erta bahorda tomorqadan chiqqan sabzavot mahsulotlari ichki bozorga chiqarila boshlanishi aniq. Shu bilan birga, bogʻdagi 30 tup olma daraxtidan yaxshigina daromad olinadi.

    — Halol mehnatning noni shirin. Faqat buni anglay olsak boʻlgani, — deydi Behroʻzning otasi keksa dehqon Nizomiddin Tursunov. — Aslida, barchasi har bir odamning oʻziga bogʻliq. Shundoqqina eshiging oldidagi imkoniyatni vaqtida ilgʻay olmaslikning oʻzi xato. Hovlidan turib, turmushini farovon qilib yashayotganlar kam emas. Biz ham koʻp yillardan beri dehqonchilik, bogʻdorchilik ortidan kun kechiramiz. Birovdan kam joyimiz yoʻq. Shukrki, hovlining oʻzidan yaxshi daromad topyapmiz. Farzandlarimizni oʻqitib, yashash tarzimizni yaxshilab oldik. Hozir oʻgʻlim Behroʻz ishlarimni davom ettiryapti. Unga doim kerakli maslahatlarni berib boryapman. Rostini aytsam, dehqonchilikda u mendan oldinlab ketdi. Yoshlarning intilgani yaxshi.

    Ayni paytda bogʻda daraxtlarga shakl berish boshlangan. Behroʻz bogʻdorchilik sirlarini ham puxta oʻzlashtirish harakatida. Shu sabab har bir niholni parvarishlash jarayonlarini diqqat bilan oʻrganib bormoqda. Otasi qaysi novda kesilishi, qaysini qoldirish haqida tushuncha berishdan charchamaydi. Har bir holatga eʼtiborli boʻlgan yosh yigit hattoki qimmatli maslahatlarni yondaftarchasiga qayd qilib bormoqda. Maqsadi esa yangi gʻoyalar ustida ishlash. Kelgusida bogʻ hosildorligini oshirish uchun nimalarga diqqatli boʻlish lozimligi haqida bosh qotirmoqda.

    Bundan tashqari, yosh yigitning hovlisida oʻttiz bosh qoʻy, oʻndan ortiq qoramol boqilmoqda. Sigirlardan kuniga oʻn besh-yigirma litr sut sogʻib olinadi. Xaridorlar oʻzi kelib olib ketadi. Bu ham roʻzgʻorga naf keltirmoqda. Har yili 20 ta qoʻchqor boqib, goʻshtga topshirmoqda. Sirasini aytganda, bir yilda hovlining oʻzidan oʻrtacha ikki yuz million soʻmdan ziyod daromad topmoqda. Ushbu mavsumda esa buni yanada oshirish istagida.

    Darvoqe, u xirmon koʻtarilib, yangi mashina mingach, oʻrtoqlarini mehmonga chaqirmoqchi. Shunchaki maqtanish uchun emas, balki harakat qilgan odam tomorqasidan unumli foydalanib, shu yerning oʻzida ham yaxshi daromad topishi mumkinligini isbotlamoqchi. Qolaversa, doʻstlari bilan oʻz tajribalarini oʻrtoqlashish niyatida.

    Akbar RAHMONOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Telegram kanalimiz
    Text to speech