Qashqadaryolik tadbirkor bu yilgi dehqonchiligidan 4,5-5 milliard soʻm sof daromad kutyapti

    Qamashilik fermer Sherzod Maxmatmurodov uch yillik tajribasi asosida yiliga ikki marta yerdan hosil olishning samarali usulini qoʻllab, 30 gektar yerdan 4,5-5 milliard soʻm sof daromad olishni rejalashtirmoqda.

    Fevral oyida kartoshka ekib, may oyida kovlab oldim. Yer ikki oy dam berdim va avgust oyida “Brokolli” navli karam ekdim. Shu orqali bir yilda ikki marta hosil olishga erishdim. Hozir “Buxarest” navli karamdan 30 gektar ekdim. Yana oʻn kundan keyin mahsulotni yigʻib, Rossiyaga eksport qilamiz. Mana shu 30 gektardan 4,5-5 milliard soʻm sof daromad olishni kutyapman, — deydi Sherzod Maxmatmurodov.

    Taʼkidlanishicha, hozirda hududdagi boshqa fermerlar 1 gektar yerdan 30-50 million soʻm daromad olayotgan boʻlsa, ushbu fermer 1 gektardan 150 million soʻmdan ziyod daromad olmoqda.

    Shuningdek, fermer oʻz tajribalarini boshqa fermerlarga ham oʻrgatib, qishloq xoʻjaligida hosildorlikni oshirishga hissa qoʻshmoqda.