Xotira bor ekan – millat barhayot

    Voqea-hodisalar 9 May 2021 964

    Xotira va qadrlash – xalqimizning asriy qadriyatlari, ulugʻ fazilatlaridan.

    El-yurtining tinchligi, osoyishtaligi, erki va ozodligi uchun kurashgan insonlar hamisha xalqimiz ardogʻidadir. Ana shunday mardlik va jasorat namunasini koʻrsatganlarga, jang maydonlarida jonini fido qilgan ota-bobolarimiz, sabr-bardosh bilan katta qiyinchiliklarni yengib oʻtgan nuroniy momolarimizni sharaflash, xotirasini abadiylashtirish, ularga gʻamxoʻrlik va eʼtibor koʻrsatish barchamizning chin farzandlik burchimizdir.

    Shuning uchun ham bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va mardlik namoyon etib, bugungi tinch va osoyishta kunlarimiz uchun jonini fido qilgan jasur yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini eʼzozlash va faxriylarimizning hurmatini joyiga qoʻyish yurtimizda ezgu anʼanaga aylangan.

    Jumladan, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 20-apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5081-sonli qarorini ijrosini taʼminlash maqsadida, joriy yilning 7-may kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida “Xotira bor ekan – millat barhayot” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Xasan Babadjanov, Oʻzbekiston “Veteran” jangchi faxriylari va nogironlari birlashmasi aʼzosi, isteʼfodagi polkovnik Hamidulla Abdullayev, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist isteʼfodagi podpolkovnik Marat Hakimov, Yangihayot tumani 2-sonli umumtaʼlim maktabi oʻqituvchi va oʻquvchilari, akademiyaning professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilari va kursantlar ishtirok etdi.

    Tadbirda soʻzga chiqqanlar - Ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh odamlarning bevaqt oʻlimiga, mislsiz yoʻqotishlar va talafotlarga sababchi boʻlgan dunyodagi eng dahshatli, qonli qirgʻinlardan biri sifatida insoniyat tarixida muhrlanib qolgani, koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi ham haqiqiy jasorat va fidoyilik koʻrsatib, fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga ulkan hissa qoʻshganligini, xususan, Ikkinchi jahon urushi yillarida 6,5 millionga yaqin xalq yashagan yurtimizdan 2 millionga yaqin insonlar urushda qatnashib, 500 mingdan ortigʻi jang maydonlarida halok boʻlgani, 130 mingdan koʻprogʻi bedarak yoʻqolgani, 60 ming kishi nogiron boʻlib qaytganini, ayniqsa, yurtdoshlarimiz janglar davom etayotgan hududlardan Oʻzbekistonga koʻchirilgan 1,5 milliondan ortiq keksalar, ayollar va yosh goʻdaklarni bagʻriga olib, ogʻir damlarda ularga beqiyos gʻamxoʻrlik koʻrsatgani oliy insoniy fazilat ekanligini taʼkidlab, shu bilan birga, fashizm ustidan gʻalaba qozonishda mardlik va matonat koʻrsatgan koʻpmillatli ming-minglab insonlar qatorida 120 mingdan ortiq Oʻzbekiston farzandi jangovar orden va medallarga sazovor boʻlganligini alohida eʼtirof etdilar.

    Tadbir davomida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist isteʼfodagi podpolkovnik Marat Hakimov tomonidan mohirona ijro etilgan diltortar navolar tadbirga oʻzgacha shukuh bagʻishlagan boʻlsa, Yangihayot tumani 2-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchilarining qiziqarli sahna koʻrinishlari namoyishi hamda Akademiyaning Orkestr boshligʻi podpolkovnik Komil Abdunabiyev hamda 3-bosqich kursanti Bekjon Dusimov ijrolaridagi jonajon Vatanimizni madh etuvchi kuy qoʻshiqlari tadbir ishtirokchilarda katta taassurotlar qoldirdi.

    Tadbir soʻngida tashkilotchilar tomonidan taklif etilgan mehmonlarga Akademiya rahbariyatining tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari tantanali topshirildi.

    Muxtasar qilib aytganda, xalqimizning tarix sahifalariga oʻchmas harflar bilan bitilgan bunday mardlik va matonati, olijanobligi, mehr-muruvvati va yuksak maʼnaviyati barchamizning qalblarimizga cheksiz gʻurur-iftixor bagʻishlab, farzandlarimizni vatanparvarlik va ajdodlar jasoratiga sadoqat ruhida tarbiyalashda ilhomlantirib kelmoqda.

    Darhaqiqat, urush xalqimiz irodasini sinovdan oʻtkazdi. Oʻsha yillari sharoit ogʻir boʻlishiga qaramay asrlar osha ajdodlarimizdan meros boʻlib kelayotgan Vatanga muhabbat, sadoqat tuygʻularini yoʻqotmay, odamiylik namunasini koʻrsatdi. Uyda qolgan xotin-qizlar, keksa va bolalar qishloq xoʻjaligida, zavod va fabrikalarda kechayu kunduz mehnat qilib, oʻzlari yemay, kiymay barchasini frontga joʻnatgan. Bu ham qahramonlik va jasoratdir.

    — Xotira va qadrlash kuni biz, yoshlarni tinchlik hamda kelajagimiz uchun oʻz jonini fido qilgan ajdodlarimizni yod etish, ziyorat qilish va tinchlikning qadriga yetishga undaydi. Bu kabi loyihalar nafaqat Oʻzbekistondagi yurtdoshlarimizni, ayni paytda butun dunyodagi hamyurtlarimizni ham birlashtiruvchi bir tadbir, desam, mubolagʻa boʻlmaydi deydi — leytenant Firdavs Karimov — Tinch, osoyishta yurtda tugʻilganimdan juda ham faxrlanaman, ota-bobolarimiz Vatan ozodligi uchun jonini fido etishgan. Biz, yoshlar ularni har doim eslab yurishimiz, keksalarni yoʻqlab, koʻtarinki kayfiyat hamda quvonch -ulashib, ularning duosini olishimiz kerak. Axir qariyalarning duosida xislat koʻp. Albatta biz yoshlar ham ona-yurtimiz ravnaqiga munosib hissamizni qoʻshish orqali jonajon Vatanimiz oldidagi chin farzandlik burchimizni ado etamiz.

    Farhodjon XOJAYEV,

    Akademiya katta oʻqituvchisi,

    kapitan.