Majburiy ijro byurosi davlat ijrochilari sud va boshqa organ qarorlarini ijro etish orqali fuqarolar yoki jamiyat manfaatini himoya qiladi. Ana shu jarayonda ayrim fuqarolar oʻz majburiyatini bajarish oʻrniga, davlat xizmatchilariga koʻl koʻtarish orqali masalani oʻz foydasiga hal qilish mumkin, deb oʻylaydi. Aslida unday emas, davlat xizmatchisining qonuniy harakatiga toʻsqinlik qilish jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.
Joriy yilning 30-yanvar kuni Majburiy ijro byurosi Kasbi tuman boʻlimi xodimlari J.Mamatqulov, I.Jovliyev va F.Yoʻldashevlar tomonidan ijro hujjatiga asosan fuqaro D.Polvonovning 41 mln. 660 ming soliq, davlat boji va maʼmuriy jarimalarini undirish yuzasidan ijro harakatlari olib borilgan.
Ijro harakatlari davomida fuqaroga qarzdorlikni toʻlashi lozimligi, aks holda, qarzdorlik evaziga mulki xatlanishi tushuntirilganda, D.Polvonov spirtli ichimlik ichgan holatda, ijro harakatlariga toʻsqinlik qilib, ularga faol qarshilik koʻrsatib, qoʻpol soʻzlar bilan haqorat qilib, xonadonida boʻlgan xoʻjalik pichogʻini olib chiqib, ularni oʻldirish bilan tahdid qilib, davlat ijrochilariga yengil tan jarohati yetkazgan.
Shuningdek, xodimlar uni tinchlantirmoqchi boʻlganda, davlat ijrochisiga tegishli “Matiz” rusumli avtotransport vositasini dastlab pichoq bilan, pichoq singach, temir bolta bilan barcha oynalarini sindirib, kuzov detal qismlarini urib, jiddiy shikast yetkazib, xizmat vazifalarini bajarishdan voz kechishga majbur qilgan.
Muqaddam Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) 2-qismi bilan ayblangan D.Polvonov bu safar ushbu kodeksning 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) 2-qismi bilan aybdor deb topildi, unga 3-yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Davlat ijrochilari qishning izgʻirin sovugʻida oʻz xizmat vazifasini bajarish uchun uyma-uy yurgan bir paytda, qarzdoring oxirini oʻylamay qilgan bu xatosi bugun uni oilasidan uzoqda boʻlishiga, yaqinlarining yaxshi va ogʻir kunlarida yonida boʻlolmasligiga sabab boʻlmoqda. Va shuni aytish kerakki, qarzdor sudda aytgan jahlini bosa olmaslik va qilmishidan pushaymonlik, kechirim soʻrash uni na qamalishdan, na qarzdorlikdan ozod qilmaydi.