Abdulhamid Choʻlpon va zamon

    Biz ham Choʻlpondan qoʻl tortmaymiz. Choʻlpon yangi adabiyotda yangi shakllarga asos soldi. Mistik adabiyot oʻrniga zamonaviy ziyrak adabiy didga javob beruvchi ajoyib sheʼrlarni taqdim etdi. Bugungi yosh avlod uning jozibali texnikasini, sodda tilini, gʻaroyib uslubini sevadi va undan koʻp ajoyib narsalarni qabul qiladi.

    Abdulhamid Choʻlpon juda qisqa, bor-yoʻgʻi qirq yil umr koʻrdi. Uning hayot yoʻli bir-biridan tubdan farq qiluvchi, tarixiy voqealarga boy Turkistondagi siyosiy va maʼnaviy oʻzgarishlar koʻzga tashlangan ikki davr chegarasida oʻtdi. Agar ularning birinchisi oʻzida taraqqiyparvar gʻoyalari bilan turkistonliklarning milliy oʻzligini uygʻotgan eng ziyoli kuchlarni jamlagan jadidchilikning yuzaga kelishi va rivojlanishi bilan ifodalangan boʻlsa, ikkinchisi uni yoʻq qildi va “baxtli kelajak” haqidagi tasavvurlarni ostin-ustun qilib tashladi, jamiyatni oʻzgartirib, sanoatni yuksaltirish va “madaniy inqilob” niqobi ostida fojeali voqealarga yoʻl ochdi.

    Dastlabki paytlarda qudratli hayot toʻlqini Abdulhamid Choʻlponni mavhumlik girdobidan olib chiqib, keng xalq ommasining sheʼriyatdagi qahramoniga aylantirdi. Isteʼdod uni yuksak choʻqqilarga olib chiqdi, lekin tez orada u jamiyatning ovloq joylariga uloqtirildi. Uning murakkab hayoti zamon talotoʻplarida yanchilgan taqdirlardan biri edi. Choʻlpon shaxsini bilish va uni oxirigacha tushunish, betakrorligini his qilish, buyukligi va qudratini anglab yetish uchun u qanday davrda yashaganini hisobga olish zarur.

    Biz oʻrganayotgan muammoga shu nuqtayi nazardan yondashib Choʻlpon yashab faoliyat yuritgan davrni ikki bosqichga boʻlish mumkin: XX asr boshlaridan 20 yillar oʻrtalarigacha va 20 yillar oʻrtalaridan uning taqdiri fojeali yakun topgan 1937-yilgacha.

    Dastlab taqdir uni rosa siyladi. Uning isteʼdodi jadidchilik gʻoyalari bilan birga kamolga yetdi va hayotga tatbiq etildi. Abdulhamidning tugʻilishi ushbu oqim shakllangan vaqtga toʻgʻri kelgan.

    XIX asr oxiri ‒ XX asr boshlaridagi ijtimoiy va siyosiy jarayonlar taʼsirida shakllangan ijtimoiy fikr oʻz davrining eng taraqqiyparvar kishilarini jadidchilik maydoniga olib chiqdi. Ular orasida Fitrat, Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov va boshqalar qatorida nafaqat shoir, balki faol maʼrifatchi, ilk muxtor respublikalarning tuzilishidagi ishtirokini hisobga olganda siyosiy arbob ham boʻlgan Abdulhamid Choʻlpon bor edi.

    1917-yilgi jadid gazetalari ‒ “Kengash”, “Turon”, “Turk eli” va boshqalar Turkiston xalqlarining oʻz taqdirini oʻzi belgilash shakllariga daxldor nihoyatda qizgʻin bahslardan dalolat beradi. Turkiston taraqqiyparvarlarining dastlab maʼrifatchilik, soʻngra siyosiy harakati keng quloch yozgan 1914-1917-yillarda Abdulhamid Choʻlpon ijodi ham gullab-yashnadi. 16 yoshida “Adabiyot nadur?” maqolasini yozgan muallif jadidchilik vujudga keltirgan yangi adabiyot asoschilaridan biriga aylandi. Biroq uning qiziqishlari faqat adabiyot va teatr sanʼati bilan cheklanmagan. 1914-yili “Sadoi Fargʻona”da eʼlon qilingan “Vatanimiz Turkistonda ziroat va dehqonchilik”, “Vatanimiz Turkistonda temir yoʻllar”, “Oyina” jurnalida chop etilgan “Andijonda yangi bank” maqolalarida uning iqtisodiyot sohasidagi chuqur bilimi namoyon boʻlgan. Abdulhamid Choʻlpon oʻz maqolalarida Rossiya, Yevropa va Amerikaning taraqqiyot tajribasidan misollar keltirib, Turkistonning boʻlajak iqtisodiyoti va uning rivojlanish yoʻllari haqida mulohaza yuritgan. Choʻlponga siyosat ham begona boʻlmagan. 1917-yili “Turon” gazetasida eʼlon qilingan “Ish vaqti ‒ ishlash vaqti”, 1918-yili “El bayrogʻi” gazetasida chop etilgan “Umid sizdan” maqolalarida uning bolshevizmga salbiy munosabati va Turkiston muxtoriyatini qoʻllab-quvvatlashi aks etgan. U nafaqat publitsist, balki amaliy siyosatchi ham boʻlgan, Turkiston va Boshqird muxtoriyatlarida faol ishtirok etgan. Qoʻqondagi Turkiston muxtoriyati tor-mor keltirilgach, koʻplab jadidlar yurtni tark etishga majbur boʻlganlar, u Ubaydulla Xoʻjayev, Abdulhamid Orifov, Mirmuhsin va boshqalar bilan birga Boshqird sovetlari kichik tashkilotida kotib boʻldi va uning axborot markazida faoliyat yuritdi. Keyin koʻplab taraqqiyparvarlar qatori maorif sohasida ishladi.

    Umuman, Turkistonning ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy va madaniy hayotida bu davrda kechgan ziddiyatli jarayonlar Choʻlpon taqdirini ham chetlab oʻtmadi. Uning uchun murakkab vaqtlar kelgandi. Bir tomondan, jadidlarning maʼrifatchilik faoliyati oʻzining yuksak choʻqqisiga koʻtarildi, ularning katta qismi mamlakatda qolib, madaniyat muassasalari, maktablar, oliy oʻquv yurtlari va teatrlarda ishlashda davom etdi. Aholi savodxonligining keskin oshishi, texnologik taʼminotning oʻsishi, ilmiy muassasalarning paydo boʻlishi bilan Oʻzbekiston madaniyati taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Boshqa tomondan, boshqaruvning totalitar tizimi mustahkamlanib borishi madaniy jarayonlarga oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmadi. “Madaniy inqilob”ning joriy etilishi, kadrlarning proletarlashtirilishi eski milliy kadrlarning qoralanishiga olib keldi. Sovet hokimiyatining oʻylanmay qilingan islohotlari madaniyatda oʻnglab boʻlmas holatlarni keltirib chiqardi. Boshlangan qatagʻonlar, birinchi navbatda, ziyolilarga qaratildi, bu esa maʼnaviy hayotga ulkan ziyon yetkazdi.

    “Shaklan milliy, mazmunan sotsialistik” boʻlgan proletar adabiyotning yaratilishi yozuvchilarni oʻz gʻoyalarini sunʼiy ravishda hosil qilingan qoliplarga solishga majbur etdi. Bu yerda 1923-yildayoq L.Troskiy “Adabiyot va inqilob” asarida “proletar madaniyat boʻlmagan va boʻlmaydi ham” deb yozganini esga olib oʻtish oʻrinli. Aks holda dehqonlar adabiyoti va ziyolilar adabiyoti haqida masala yuzaga keladi. Choʻlpon ijodi, albatta, hech qanaqasiga proletar adabiyot qatoriga kirmagan.

    Yuqoridan kelgan koʻrsatma asosida Choʻlponga qarshi ayovsiz siyosiy taʼqib amalga oshirilgan. Zarif Bashir, Ayn, Otajon Hoshimov, Sotti Husayn, Tregulov, S.Pismenniy, A.Arsharuni oʻzlarining tanqidiy maqolalarida unga millatchi shoir, “pessimistik kayfiyatdagi ziyolilar shoiri” tamgʻasini bosdilar. Partiyaning masʼul xodimi S.Pismenniy fikricha, 1924-yildayoq adabiyot vakillari orasida, umuman, jamiyatda ikkita lagerga boʻlinish xavfi vujudga kelgan, yaʼni koʻngil amri bilan ijod qilganlar va barcha narsada partiya belgilab bergan yoʻlga amal qilganlar.

    Bu haqda Choʻlpon qaygʻurib yozadi: “Har doim tirnoq ostidan kir topish mumkin, qancha koʻp qidirsang, shuncha koʻp chiqadi. Ammo odamga hayot faqat shuning uchun ato etilmagan. Ayniqsa, pedagoglar Turkistonning oqni qoradan ajrata olmaydigan mahalliy aholisiga nimanidir isbotlashga uringan holda bir-birining aybini qidirib umrini behuda oʻtkazishmoqda ‒ bu jinoyatdir”.

    Choʻlponni tanqid qilish nafaqat respublika miqyosida, balki SSSR darajasida davom ettirilgan. Ommabop boʻlgan “Novыy Vostok” jurnalida 1929-yili partiyaning masʼul xodimi A.Arsharunining “Oʻrta Osiyo badiiy adabiyoti haqida qaydlar” maqolasi chop etilgan, u Choʻlponning “marksistcha” adabiyotshunoslik talablariga javob bermaydigan ijodi tahliliga bagʻishlangan. Oʻsha paytda Choʻlponni himoya qilishga jurʼat etgan yosh yozuvchi Oybekni ham ayovsiz tanqid ostiga olishgan. Muallifni, ayniqsa, Oybekning “Qizil Oʻzbekiston” gazetasidagi “... Choʻlpon oʻzining kelib chiqishi, tarbiyasi va intilishlari bilan bu narsadan yiroqdir”, degan soʻzlari gʻazablantirgan. Boz ustiga, Oybek uni ahamiyatiga koʻra Pushkin bilan bir darajaga qoʻyib, Choʻlpon va Pushkinni tenglashtirishga jurʼat etgan:

    “... Nahotki, biz hozirgi adabiy talablarga javob bermaydi deb hisoblab Choʻlpondan voz kechamiz? Menimcha, bu xatodir... Shoirlarni qulogʻidan tortib proletar shoirga aylanishga majburlab boʻlmaydi...

    Bizning zamonaviy adabiy talablarimizga javob bermaydi deb Choʻlpondan uzoqlashishimiz kerakmi? Menimcha, bu yanglish harakat. Agar biz hozir rus oʻrtoqlarimizga qarasak, ular Pushkinni qanchalar sevishlarini koʻramiz. Uni hamma oʻqiydi va yaxshi koʻradi. U inqilobdan keyin ham Pushkinligicha qolgan. Rus adabiyotida oliy oʻrinni egallagan. Pushkin proletar shoir boʻlmagan, u pomeshchik va hukmdorlar shoiri boʻlgan va uning dunyoqarashi zamonaviy davrga mos kelmaydi, lekin nega uni bunchalar yoqtirishadi? Negaki u goʻzal asarlar yaratgan, rus sheʼriga ajoyib badiiy obrazlarni taqdim etgan, bu orqali rus adabiyotining oʻlmas boyliklarini yaratgan. Ruslar hech qachon ushbu buyuk adabiy merosdan voz kechishmaydi.

    Biz ham Choʻlpondan qoʻl tortmaymiz. Choʻlpon yangi adabiyotda yangi shakllarga asos soldi. Mistik adabiyot oʻrniga zamonaviy ziyrak adabiy didga javob beruvchi ajoyib sheʼrlarni taqdim etdi. Bugungi yosh avlod uning jozibali texnikasini, sodda tilini, gʻaroyib uslubini sevadi va undan koʻp ajoyib narsalarni qabul qiladi.

    Choʻlponning gʻoyalari emas, balki u tomonidan yaratilgan original sheʼriy obrazlar oʻqiladi va undan hech kim voz kechmaydi”.

    Madaniyatli kishining buyuk mutafakkirlarga behurmat munosabatda boʻlishiga yoʻl qoʻyib boʻlmasligi haqidagi fikr Oybek maqolasining leytmotivi sifatida yangragan. U Choʻlponni aynan shunday shaxs deb bilgan. Bunday tenglashtirishdan gʻazab otiga mingan A.Arsharuni Oybek agar Choʻlponni A. Pushkin bilan solishtirishga jurʼat etgan boʻlsa, bu uning A.Pushkin ijodini yaxshi bilmasligidan, deya ayblagan. Ehtimol Arsharuni Pushkin asarlarini yaxshi bilgandir, ammo Choʻlpon ijodidan umuman bexabar boʻlgan. Bu oʻrinda Germaniyada tahsil olgan, “Koʻmak” jurnalini chop ettirgan turkistonlik talabalar jurnal sonlaridan birida Choʻlpon Shekspir bilan taqqoslangan maqolani eʼlon qilishganini keltirib oʻtish joiz boʻlur edi. Maqola muallifi yozadi: “Men Shekspir lirikasi va Choʻlpon sheʼriyati oʻrtasidagi farqni qanchalik qidirmay, uni topa olmadim. Men Choʻlponning “Uygʻonish”ini qayta-qayta oʻqiganman. Shekspirni oʻqiganman. Nihoyat, Shekspir ‒ bu Choʻlpon yoki Choʻlpon ‒ bu Shekspir, degan xulosaga keldim”.

    Biroq bunday munosabat shoirning ahvolini yana-da ogʻirlashtirgan. Mustaqil fikriga ega boʻlish, erkin ishlash, ayniqsa, oʻsha davr hukmron mafkurasiga toʻgʻri kelmaydigan mulohazalarni bildirish inson hayoti uchun nihoyatda xatarli edi. Choʻlpon yuz berayotgan holatlarni juda yaxshi anglagan. Bundan uning sheʼrlari dalolat berib turibdi. Chunonchi, u “Yaproqlar” sheʼrini Oʻzbekistonda emas, balki Turkiyada eʼlon qilgan. Vatanida buning imkoni yoʻqligini tushungan, degan fikr keladi xayolga:

    Qargʻalar bogʻlarda qagʻlashib qoldilar,

    Bilmadim, kimlarning qismati uzilur?

    Yoproqqa yopishib, bir changal soldilar,

    Bilmadim, kimlarning umidi yoʻq boʻlur?

    Ey sovuq ellardan muz kiyib kelgʻonlar,

    U qoʻpol tovshingiz qorlarda yoʻq boʻlsin!

    Ey menim bogʻimdan mevamni tergʻonlar,

    U qora boshingiz yerlarga koʻmulsin!

    Shoirning bu qisqa satrlarida alam-iztiroblar, xalqqa begona boʻlgan eʼtiqodini majburlab tiqishtirganlar, poymol etilgan taqdirlar, Vatan haqida qaygʻurish ifodalangan. Oʻn yillar mobaynida Choʻlpon tanqid tigʻlari ostida yashadi. Oddiy jurnalistdan tortib respublika rahbari Akmal Ikromovgacha uning ijodi haqida salbiy munosabat bildirdi.

    Nihoyat, 1937-yil oxirida Choʻlpon “xalq dushmani” deb eʼlon qilindi. Siyosiy tuzum uning Ahmad Zakiy Validiy bilan doʻstligini, Boshqirdistonning milliy mustaqilligi uchun kurashdagi yordamini, Turkiston muxtoriyatidagi faol ishtirokini, jadidlar safida turib ochiq-oydin ifodalagan siyosiy qarashlarini unutmadi va kechirmadi. Ehtimol uning “aybi” eng mashhur va xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan oʻzbek shoiri boʻlgani va xalq, ayniqsa, yoshlar orasidagi obroʻ-eʼtiborini hech narsa tushira olmaganida boʻlgandir. Shaxsning buyukligi har doim oʻz davrini ortda qoldirgan. Taqdir taqozosi bilan ular yo koʻklarga koʻtariladi, yo jismonan yoʻq qilinadi. Ammo Abdulhamid Choʻlpon xotirasini yoʻqotishning iloji yoʻq edi, chunki uning sheʼrlari, gʻoyalari, xalqiga boʻlgan muhabbati barhayotdir.

    Dilorom ALIMOVA,

    OʻzR FA Tarix instituti bosh ilmiy xodimi