Adliya aralashuvi bilan fuqarolarning 168 ta ariza va murojaatlari qanoatlantirildi

    Ijtimoiy hayot 17 May 2022 1689

    Mamlakatimizda Adliya vazirligi hamda uning quyi boʻgʻinlari qonun hujjatlarini bir xilda qoʻllanilishida hamda inson huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishini yagona davlat huquqiy siyosatini olib boradi.

    Xususan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida viloyatlar va tuman shahar adliya boʻlimlarida samarali ishlar amalga oshirilyapti. Ayni kunlarda minglab aholi vakillarining murojaatlari adliya boʻlimlarida tez va oson ijobiy yechim topyapti.

    Qoʻqon shahrida istiqomat qiluvchi Isroil Nazarov kommunal soha vakillari bilan oylik toʻlovlar masalasida oʻzaro tushunmovchiliklar sabab uning oilasida muammolar yuzaga keldi. Gap shundaki, xonadonning suv hisoblagich uskunasi soz yoki nosoz holatda ekanligi va shu sababli unga qoʻllanilgan jarimaga vakolatli organlar huquqiy baho berishi kerak edi. Yaqinlarining maslahati bilan u Qoʻqon shahar adliya boʻlimiga ariza bilan murojaat qildi. Tez fursatlarda uning murojaati qonuniy tartibda koʻrib chiqildi.

    – Xonadonimizdagi suv hisoblagich uskunasini mutasaddi tashkilotlarning oʻzlari oʻrnatib berishgan, – deydi Isroil Nazarov. Maʼlum bir vaqt oʻtgach, mutasaddilar hisoblagichning ishlamayotganini aytishdi va menga jarima qoʻlladi. Keyin adliyaga murojaat qildim. Baraka topsin, qonunan buzilgan huquqlarimni tiklab berdi.

    Qoʻqon shahar adliya boʻlimiga joriy yil boshidan buyon Isroil Nazarovdek adolat izlagan fuqarolardan jami 238 ta murojaat va arizalar kelib tushgan. Eʼtiborli jihati shundaki, ana shu masalalarning 86 foizi ijobiy yechim topgan.

    Dangʻara tumanida istiqomat qiluvchi Sayyora Nishonova maktabda yoshlar yetakchisi boʻlib ishlagan. Ish oʻrinlarining qisqarishi sabab u ishsiz qoldi. Biroq qonuniy tartibga koʻra, oliy maʼlumotli pedagog boʻlgan bu xodimga maktab maʼmuriyati ish berishi kerak edi. Biroq unday boʻlmadi. Sayyora adolat istab kasbdoshlarining maslahati bilan Dangʻara tuman adliya boʻlimiga murojaat qildi.

    – Maktabimizda 13 nafar oʻrta maxsus maʼlumotli pedagog xodimlar ishlaydi, – deydi Sayyora Nishonova. – Mening ish oʻrnim qisqarib ketsa ham mavjud qonunchilikka asosan oliy maʼlumotli pedagog boʻlganligim bois, menga dars soatlari ham olib berilishi kerak edi. Lekin unday boʻlmadi. Keyin huquqshunos doʻstlarimning maslahati bilan tuman adliya boʻlimiga murojaat qildim. Hozirda oʻzim ishlagan maktabda oʻquvchilarga dars beryapman. Huquqlarim tiklanganidan juda xursandman.

    Fargʻona viloyat adliya boʻlimlariga joriy yil boshidan buyon jami 4 ming 680 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlsa, ularning 3 ming 642 tasi qanoatlantirilgan. 769 murojaatchiga huquqiy tushuntirishlar berilgan. Eʼtiborli jihati shundaki, kelib tushgan murojaatlarning 2 ming 355 tasi shaxsiy qabullarda va 1 ming 446 tasi joylardagi sayyor qabullar jarayonida yoʻllangan.

    Elyorjon Eksanov,

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi

    jamoatchilik bilan aloqalar

    boʻyicha yetakchi maslahatchisi.