Biz, yuristlar odatda qonun tili bilan gapirishga odatlanib qolganmiz. Jamiyatdagi munosabatlarda ham beixtiyor shu tilga koʻchaveramiz. Oʻrganish boʻlib qolgan. Ammo uydachi? Oila aʼzolarimiz, yaqinlarimiz davrasidachi? Albatta, ona, opa, singil va ayol sifatidagi feʼl-atvorimiz ham bor.
Keyingi yillarda yurtimizda nihoyatda katta va xalqimizning asriy orzu-umidlari bilan toʻla bir islohot boshlandiki, bu haqda gapirganda tilimiz sira rasmiycha aylanmaydi. Buning hech iloji yoʻq. Bu – odamlarni, oddiy odamlarni uy-joy bilan taʼminlash siyosati.
Men, avvalo, ayol sifatida shaxsiy uy-joyga egalik hissini, roʻzgʻor yumushiyu farzandlar tarbiyasidagi shirin tashvishlarni yaxshi tushunaman. Shu nuqtayi nazardan aytishim joizki, mamlakatimizda oʻz muqim boshpanasiga ega boʻlishni yillar mobaynida faqat orzu qilib kelgan aholini uy-joy bilan taʼminlash siyosati va bu orqali minglab oilalarga kirib kelgan baxtli, toʻkis hayot shukuhining qiyosini, bahosini topish qiyin.
Yaqin oʻtmish xotiralari
Bir hamkasbim bor, har safar yangilangan uy-joy siyosati haqida gap ketganida, “Men avvalgi zamon boʻlganida bugungidek oʻz uyim boʻlishini tasavvur qilolmasdim, uyli boʻlolmasdim, Toshkentda doimiy propiskam ham yoʻq edi. Uchastkavoylarga yuzma-yuz kelishdan bezillab yurardim”, deydi. Bu gapni undan oʻn martalab eshitganmiz. U takrorlashdan, biz eshitishdan zerikmaymiz.
Nimaga shu haqda qancha gapirsak meʼdaga tegmaydi. Chunki yaqin oʻtmishdagi uy-joy siyosati bilan bogʻliq katta va hayotiy jiddiy muammolar deyarli har bir yurtdoshimizni qattiq tashvishga solib kelar, bu shaharlarda, viloyatlar markazida, ayniqsa, Toshkent shahrida juda ogʻir muammolardan biri edi.
Poytaxtda bir qarich yer – bebaho. Uy-joy qilishning oʻzi boʻlmaydi. Kasbimiz taqozosi bilan uy, meros talashib yuz koʻrmas boʻlib ketgan aka-ukalarni, opa-singillarni koʻp koʻrdik. Ular orasida hatto jinoyatga qoʻl urganlari boʻldi, qotillik sodir etilgan vaziyatlar ham uchradi.
Oʻsha vaqtlarda uy-joy mojarosi, ota-ona yoki yaqin qarindoshlardan qolgan koʻchmas mulk merosi bilan bogʻliq ajrim ishi sudlarda eng koʻp koʻriladigan masalalardan biri boʻlib qolganini yaxshi eslaymiz.
Aytish kerakki, uy-joy muammosi bilan bogʻliq mamlakatdagi, xususan, Toshkentdagi murakkab vaziyat odamlar orasida mehr-oqibat rishtalari sustlashishi, davlatga boʻlgan ishonchning yoʻqolishi, natijada, jamiyatda hissiz, tushkun kayfiyat urchishiga olib keldi. Bu, tabiiyki, mamlakat rivoji uchun ham katta xatar edi. Chunki qaysi davlatda oddiy odamlarda islohotlarga, bugungi va ertangi kunga ishonchsizlik kayfiyati paydo boʻlsa, uning oqibati hech qachon yaxshilik bilan tugamagan.
Shunday ogʻir, tahlikali bir vaziyatda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy va mustahkam irodasi bilan boshlangan yangi uy-joy siyosati odamlar hayotini tubdan oʻzgartirib yubordi, jamiyatimizning yangi qiyofasini shakllantirdi.
Ijtimoiy adolat epkini
Biz Yangi Oʻzbekistonni “ijtimoiy adolat” tamoyili asosida qurishni maqsad qilganmiz. Bu shuni anglatadiki, mamlakatimizda barcha odamlar salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun teng sharoitlar yaratiladi, xalqimiz kelajakda emas, bugun ham yaxshi yashashi yoʻlida barcha imkoniyatlar safarbar etiladi, kambagʻallikni tugatish choralari koʻriladi.
Eng muhimi, bugun shu maqsadlarning amaldagi roʻyobini har birimiz oʻz hayotimiz misolimizda koʻrib, his qilib turibmiz.
Birgina mahalla tizimini olaylik. Bugungi Oʻzbekiston mahallalari tom maʼnoda tinchlik va osoyishtalik poydevoriga, ahillik va mehr-oqibat qoʻrgʻoniga aylandi. Nima uchun shunday boʻldi? Boisi shundaki, islohotlar, avvalo, mahalladan, oilalardan boshlandi. Buning yana bir muhim omili bor. Bu ham boʻlsa – muhtoj aholi qatlami imtiyozli shartlar asosida uy-joy bilan taʼminlanganida.
Endi mana shu tizim konstitutsiyaviy kuchga kirib, ortga qaytmas tus olmoqda. Gap shundaki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 47-moddasida “har kim uy-joyli boʻlish huquqiga ega” ekani hamda “hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas”ligi qatʼiy belgilab qoʻyilmoqda.
Birgina mana shu ikki normaning hayotimizdagi ahamiyatini teran anglasak boʻldi. Zero, u yangilanayotgan hayotimizda juda muhim ahamiyat kasb etadiki, bu haqda soʻz yuritishdan oldin, ayrim xalqaro munosabatlar va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida toʻxtalib oʻtish oʻrinli boʻladi.
Bugungi kunda dunyoda insoniyatning uy-joyli boʻlish huquqi ularning yetarli darajada hayot kechirishi uchun muhim boʻlgan ajralmas huquqi sifatida qaraladi. Mazkur huquq Inson huquqlari boʻyicha butunjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt va inson huquqlari sohasidagi boshqa xalqaro hujjatlarda oʻz aksini topgan.
Oʻzbekiston ijtimoiy davlat sifatida qator xalqaro, shu jumladan, yuqorida qayd etilgan umumbashariy hujjatlarni ratifikatsiya qilar ekan, uy-joyli boʻlish huquqini hayotga tatbiq etishga qaratilgan choralarni koʻrib chiqmoqda. Bu ikki muhim yoʻnalishda amalga oshirilmoqda. Birinchidan, insonning uy-joyli boʻlish huquqini himoya qilish va xavfsizligini taʼminlash, ikkinchidan, davlat tomonidan ijtimoiy yordam va qoʻllab-quvvatlashga ehtiyoji boʻlgan shaxslar uy-joyli boʻlishi uchun sharoitlar yaratish.
Oʻtgan yillar davomida Harakatlar stratetegiyasi doirasida xuquqiy mulk himoyasi, shu jumladan, uy-joy mulkdorlarining huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, 2022-yili Uy-joy kodeksiga kiritilgan oʻzgartishlarga koʻra davlat yoki jamiyat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida boʻlgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mulkdorlarga ularning tanlovi boʻyicha va taraflar kelishuviga koʻra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam boʻlmagan sahndagi, barcha qulayliklari boʻlgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning yoxud buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati toʻliq hajmda toʻlanadi.
Bugungi kunda aholini arzon uy-joylar bilan taʼminlashga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, 2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturiga asosan Islom taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilgan ishlar eʼtiborga molik. Uning doirasida yangilangan loyihalar boʻyicha 53 mingdan ziyod arzon uy-joylar qurildi, 65 ming oilaning yashash sharoiti yaxshilandi. Bundan tashqari, ushbu toifadagi uy-joylarni sotib olish imkoniyatini koʻproq odamlarga taqdim etish maqsadida joriy yil uchun ularning sonini 1,5 barobarga oshirish va 9 ming kvartira hamda yakka tartibdagi uy-joylarni qurish rejalashtirilgan.
Shuni taʼkidlash joizki, uy-joyli boʻlish huquqi boshqa huquqlar bilan chambarchas bogʻliq. Birinchidan, ushbu huquq insonni oʻz uyidan majburan chiqarib yuborilishi yoki uyi buzilishidan himoya qiladi. Ikkinchidan, uy-joy mulkdorini uyiga nisbatan uchinchi shaxslar tomonidan tajovuz qilinishidan himoyalaydi. Uchinchidan, yashash joyini erkin tanlash huquqi ruyobga chiqishiga omil sifatida xizmat qiladi. Toʻrtinchidan, davlat tomonidan yordamga muhtoj shaxslarning uy-joy sharoitini yaxshilash imkoniyatini yaratadi.
Ushbu huquqlar qonun bilan kafolatlanadi hamda ularni buzganlik uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Shuningdek, uy-joyli boʻlish huquqi har bir shaxsga agar ushbu huquq buziladigan boʻlsa, koʻrilgan zararni qoplab berishni talab etish huquqini beradi. Xususan, oʻtgan bir necha yil davomida “uy-joyni buzish”, “snos” degan gapni eshitmagan vatandoshimiz qolmagan boʻlsa kerak. Buzilgan uy-joy uchun oʻz vaqtida yetarli darajada kompensatsiya toʻlab berilmagani uchun ayrim vatandoshlarimiz uchun bu soʻzlar “adolatsizlik” sinonimiga aylangan edi.
Ushbu masala jiddiy boʻlgani sababli, Prezidentimiz oʻtgan yili Konstitutsiyaviy komissiya azolari bilan uchrashuvida shaxsiy mulkka boʻlgan huquq uchun sud himoyasini koʻchaytirish, bu huquqni konstitutsiyaviy kafolatlash zarurligini taʼkidlagandi.
Umuman, bu muammoni hal qilish maqsadida hukumatning 2019-yil 16-noyabrdagi 911-son qarori bilan Yer uchastkalari olib qoʻyilishi va olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi tasdiqlangan. Shuningdek, mazkur qaror bilan hokimliklar tuzilmasida Yer uchastkalarini olib qoʻyish va kompensatsiya berish ishlarini muvofiqlashtirish shoʻbasi tashkil etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri yer uchastkasi olib qoʻyilishi tashabbuskori va koʻchmas mulk obyektlari mulkdorlari oʻrtasida tuzilgan, kompensatsiya miqdori, turi va berish muddati nazarda tutilgan kelishuvlar hisobini yuritishdan iborat. Maʼlumot uchun, 2020-yil 1-yanvar holatiga koʻra noqonuniy uy-joyni buzish natijasida mulkdorlar oldidagi qarz 443 milliard soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, yil davomida deyarli yarmi, yaʼni 202 milliard soʻm qoplab berildi. Shundan 151,5 milliard soʻm naqd pulda kompensatsiya qilingan boʻlsa, 10,7 milliard soʻm miqdorda yer uchastkalari ajratildi, qolgan 39,2 milliard soʻm miqdorda mulk shaklida qoplangan.
Hukumat qarori bilan belgilangan mazkur tartibdagi qoidalar keyinchalik yuridik kuchi yuqori boʻlgan normativ-huquqiy hujjatga oʻtkazildi. Xususan, 2022-yili “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Unda yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishga asoslar aniq belgilandi. Shuningdek, mahalliy kengashlarning yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish va koʻchmas mulk obyektlarini buzish toʻgʻrisidagi qarorlari qonunga xilof, deb topilgan taqdirda jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrni, birinchi navbatda, markazlashtirilgan jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan qoplanib, keyinchalik ushbu mablagʻlar aybdor shaxslardan regress tartibida undirish majburiyati belgilandi.
Ana endi yuqorida aytganimiz, yangi tahrirdagi norma mazmun-mohiyatiga kelsak.
“Har kim uy-joyli boʻlish huquqiga ega”. Bu norma mamlakatda kuchli ijtimoiy adolatni taʼminlashdagi bosh asos boʻladi, desak mubolagʻa emas. Boisi, har qanday ijtimoiylashuv hodisasi va daxldorlik hissi, insoniy munosabatlar, siyosiylashuv jarayoni, avvalo, egalik tuygʻusi bilan uygʻun shakllanadi, takomillashib boradi.
Egalik tuygʻusi esa jamiyatdagi faol ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy muhitni tarbiyalaydi, juda boʻlmaganda unga joʻshqinlik ulashadi. Shunday ekan, har bir yurtdoshimizning oʻz uyi boʻlish huquqiga egaligi zamirida, birinchi navbatda, davlat oʻz zimmasiga ana shu nihoyatda katta masʼuliyatni olgani anglashiladi. Yaʼni, bu huquq taʼminlanishida bosh islohotchi va yaqin koʻmakchi boʻlib davlatning oʻzi qoladi.
“Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas”ligi esa ana shu taʼsirchan hamda amaliy faol ijtimoiy adolatning barqarorligi va davomiyligini taʼminlaydi.
Hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi
Yodingizda boʻlsa, yangi va arzon narxlarda, imtiyozli shartlarda uy-joy qurilishi boshlangan vaqtda odamlar orasida turli mish-mishlar tarqaldi. Emishki: “ulgurib qolish kerak, bu bir yoki ikki yil boʻladi, keyin toʻxtab qoladi”. Davlatimiz rahbari oʻshanda ham bu aksiya emasligini, aholi, birinchi navbatda, uy-joyga muhtoj, kam taʼminlangan, yolgʻiz ayollarni turar joy bilan taʼminlash strategik ahamiyat kasb etib, tizimli davom etishini aytgan edi.
Ha, shunday boʻldi, boʻlyapti. Va eng muhimi, bu tizim nafaqat davom etyapti, balki endilikda Konstitutsiya darajasida mustahkamlanmoqda.
Bugun Yangi Oʻzbekistondagi adolatli ijtimoiy siyosatning muhim bir maqsadini anglab olishimiz kerak. Gap shundaki, aholi uy-joy bilan taʼminlash siyosatida hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi. Hozir shu haqda ikki ogʻiz aytib oʻtsak.
Milliy qonunchiligimizda alohida toifadagi shaxslarga davlat tomonidan koʻrsatiladigan u yoki bu turdagi ijtimoiy yordamlar va qoʻllab-quvvatlash choralari belgilangan boʻlib, har xil shartlar asosida yashash maydoni bilan taʼminlash shular jumlasidan. Masalan, inson yashashi uchun yaroqli boʻlgan turar joydan, shu jumladan, maxsus uylardan (yotoqxonalar, vaqtinchalik uy-joy fondi uylari, nogironlar, faxriylar, yolgʻiz qariyalar uchun internat-uylar, shuningdek, bolalar uylari va boshqa maxsus maqsadli uylardan) iborat boʻlgan fonddan nogironlar, faxriylar, yolgʻiz qariyalar, yashash sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan koʻp bolali kam taʼminlangan hamda uy-joyga muhtojlar roʻyxatida turgan fuqarolarga taqdim etiladi.
Bundan tashqari, uy-joy sharoitini yaxshilash maqsadida ushbu toifadagi shaxslar uzoq muddatli va imtiyozli ipoteka kreditlari, davlat tomonidan toʻlab beriladigan subsidiyalarni olish huquqiga ega. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-martdagi 182-son qarori bilan uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya toʻlash tartibi tasdiqlandi. Unga koʻra, daromadi yuqori boʻlmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni aniqlash mezonlari, subsidiyani hisoblash va toʻlash tartibi aniq belgilab berildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga aholining zaif qatlamini ijtimoiy himoya qilishga oid qator normalarning kiritilishi ham bu boradagi ishlar samaradorligi va uzviyligini taʼminlaydi. Asosiy qonunimizning yangi tahririda Oʻzbekiston ijtimoiy davlat ekani tan olinishi va undagi ijtimoiy ahamiyatga ega normalar qariyb 3 barobarga koʻpaygani shundan dalolat beradi.
Shu bois, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan taʼminlash tartibi aynan qonun bilan belgilanishi muhim hisoblanadi.
Fuqaro va davlat majburiyati
Umuman olganda, aholini uy-joy bilan taʼminlashda davlat majburiyatlari haqida yuqorida ham aytib oʻtdik. Lekin fursati bilan bu haqda yana gapirish zarar qilmaydi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, davlat fuqarolarning uy-joyli boʻlish huquqini taʼminlash masalasida imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda barcha choralarni koʻradi. Arzon uy-joylarni qurish boʻyicha muddatli dasturlarni qabul qilish shular jumlasidan.
Bundan tashqari, mahalliy davlat hokimiyati organlari aholining ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan va kam taʼminlangan toifalari orasidan uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni hisobga oladi hamda ularni aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan uy-joy bilan taʼminlash choralarini koʻradi.
Uy-joyli boʻlish huquqini amalga oshirishda davlatning majburiyatlaridan yana biri, bu – uy-joy insonning normal yashashi uchun qulay boʻlishini nazorat qilish. Xususan, uy-joyni sotib olish uchun narxlarning oshib ketmasligini (asosan, ijtimoiy ehtiyojmand toifalar uchun), tabiat hodisalariga chidamli qilish, hudud iqlimi (issiq, sovuq, yer silkinishi, sel oqishi kabilar)ga mos ravishda qurilishini, inson salomatligiga zarar yetkazmaydigan qurilish materiallaridan foydalanish, jismoniy nuqsoni boʻlgan shaxslarning uy-joyga yetib borishi uchun sharoitlar yaratishni (panduslar qurish, keng liftlarni oʻrnatish va boshqa) nazorat qilishdan iborat.
Shu oʻrinda biz yuqorida sharhlagan 47-moddani toʻliq keltiramiz:
“Har kim uy-joyli boʻlish huquqiga ega.
Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi taʼminlanadi.
Davlat uy-joy qurilishini ragʻbatlantiradi va uy-joyga boʻlgan huquqning amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan taʼminlash tartibi qonun bilan belgilanadi”.
Shu tariqa, birinchi navbatda, bir necha yillardan buyon jamiyatimizda oʻtkir muammolardan biriga aylangan “snos” bilan bogʻliq muammoga nisbatan xalqparvar, mulkdorlar manfaatini himoya qiluvchi oqilona yechim topilishiga kafolat beradi. Shuningdek, aholi uchun uy-joy qurilishini ragʻbatlantirish, ayniqsa ehtiyojmand toifalarni uy-joy bilan taʼminlash konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi ularning jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga, kelajakka boʻlgan ishonchi ortishiga va davlat rivojlanishiga oʻz hissasini qoʻshishiga imkoniyat yaratadi.
Sahibjamal JOLDASOVA,
yuridik fanlari doktori