Loyiha yuzasidan quyidagi imkoniyatlar yaratilmoqda.
Birinchidan, jinoyat ishlarida davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatish mexanizmi jinoyat-protsessual qonunchilik hujjatlarida belgilangan. “Bepul yuridik yordam to'g'risida”gi qonun loyihasida ushbu mexanizm takomillashtirilib, jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik, ma'muriy va ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risidagi ishlar bo'yicha davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko'rsatish belgilanmoqda.
Shu bilan birga, davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatadigan advokatlarni elektron tizim orqali tanlash, bu borada inson omilini bartaraf etish (“cho'ntak advokatlar” amaliyotiga barham berish), advokatlar va davlat organlari o'rtasida qog'ozbozlikni kamaytirib, elektron vositalar yordamida ma'lumot almashish tizimini yo'lga qo'yish, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini tezkorlik bilan himoya qilish nazarda tutilmoqda.
Ikkinchidan, Loyihada davlat hisobidan moliyalashtiriladigan ikkilamchi bepul yuridik yordam faqat Ikkilamchi bepul yuridik yordam ko'rsatadigan advokatlar reestriga kiritilgan advokatlar tomonidan ko'rsatilishi belgilanmoqda. Bundan maqsad barcha advokatlarni bepul yuridik yordam ko'rsatishga majburiy jalb qilmaslikdir. Ya'ni, istalgan advokat ixtiyoriy ravishda Bepul yuridik yordam markazi bilan shartnoma tuzadi va Reestrga kiritiladi. Bepul yuridik yordam markazi faqatgina Markaz bilan o'z ixtiyoriga ko'ra shartnoma tuzgan hamda davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatish uchun rozilik bildirgan advokatning ikkilamchi bepul yuridik yordam ko'rsatish bilan bog'liq faoliyatini monitoring qiladi.
Biroq, davlat hisobidan moliyalashtiriladigan bepul yuridik yordam faqat Reestrga kiritilgan advokatlar tomonidan amalga oshirilishi, boshqa advokatlarning bepul, ixtiyoriy beg'araz yuridik yordam ko'rsatishini cheklamaydi.
Xususan, Loyihaga ko'ra, advokat advokatura va advokatlik faoliyati to'g'risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan advokatlik faoliyatining istalgan turi bo'yicha bepul, beg'araz, ixtiyoriylik asosida yuridik yordam (pro bono) ko'rsatishga haqli.
Bundan tashqari, davlat organlari o'z vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko'rsatishi, mazkur organlarning vazifa va funktsiyalarini belgilab beruvchi boshqa qonunchilik hujjatlarida o'z ifodasini topgan.
Uchinchidan, Loyihaga ko'ra, ikkilamchi bepul yuridik yordam uchun advokatga to'lanadigan to'lovlar davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Bepul yuridik yordam uchun ajratilgan davlat byudjeti mablag'larining samarali sarflanishini nazorat qilish davlat organining vazifasiga kiradi.
(Ma'lumot uchun: 2020 yilda advokatlar tomonidan jinoyat ishlari bo'yicha tayinlov asosida 31 469 marta yuridik yordam ko'rsatilgan bo'lib, davlat hisobidan 18 251 272 139 so'm mablag' ajratilgan).
Shu bilan birga, mazkur tartib jahon tajribasida ham keng qo'llaniladi, AQSH, Isroil, Gollandiya, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Avstraliya, Kanada, Frantsiya, Germaniya, SHvetsiya, Bolgariya, Vengriya, Pol`sha, Ruminiya, Slovakiya, CHexiya, Litva, Latviya, estoniya, Rossiya, Gruziya, Moldova, Ukraina, Rossiya va Qirg'izistonda davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatishni tashkil etish va boshqarish alohida markaz, byuro, kengashlar tomonidan amalga oshiriladi. Aksariyat davlatlarda ushbu tuzilmalar Adliya vazirligi huzurida tashkil etilgan.
Yuqoridagilarga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi “Bepul yuridik yordam to'g'risida”gi qonunining qabul qilinishi fuqarolarning huquqiy himoyaga bo'lgan huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatini kuchaytirishga, kam ta'minlangan shaxslarga davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko'rsatish mexanizmlarining qonuniy yo'lga qo'yilishiga xizmat qiladi.
Adliya vazirligi
matbuot xizmati.