Afg‘onistondagi zilzilalar oldidan xavfdan ogohlantiruvchi tebranishlar kuzatilgan

    7 va 11-oktabr kunlari Afg‘onistonda zilzilalar qayd etildi. Mutaxassis Erkin Abdulahatov mazkur zilzilalardan oldin atmosferada qandaydir parametrlarda noodatiy zilzila xavfini beruvchi tebranishlar kuzatilgani haqida yozdi.

    Unga ko‘ra, birinchi tebranish 30 sentyabrda qayd etilgan va u 7 oktyabrda Hirotdagi zilzilani "chaqirgan". Ikkinchi ya’ni bugungi zilziladan oldin 7 oktyabrda hududda xuddi shu kabi tebranishlar o‘zini "namoyon" qilgan.

    Mazkur ikki tebranma shaklllar ko‘rinish va hajm jihatidan bir-biriga o‘xshash bo‘lib, o‘xshash o‘lchamdagi zilzila potensiali ya’ni yaqin orada shu kabi kuchli zilzila bo‘lishini anglatadi.

    Frank Hugerbits ham bu fikrga qo‘shilib: "Shubhasiz, atmosferada astronomik sabablar (sayyoralarning geometrik joylashuvi, gravitatsiya) fonidagi sezilar sezilmas o‘zgarishlar bizga kuchli zilzilalarning oldingi signallarini berishi mumkin. Bu, 1990-yillarning oxirida tayvanlik olimlar tomonidan 140 ta 6 magnituda va undan yuqori zilzilalarni tekshirish orqali aniqlangan", deydi.

    Shuningdek, E.Abdulahatov Fanlar Akademiyasi Seysmologiya institutini Afg‘onistondagi ikki zilziladan xulosa chiqarishga chaqirgan.