U Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining matnshunoslik va adabiy manbashunoslik kafedrasi oʻqituvchisi sifatida faoliyat olib borish bilan birga “Afgʻonistonda navoiyshunoslik” mavzuidagi PhD ilmiy darajasi dissertatsiyasi ustida ishlamoqda. Fidoyi olim bilan xorijda mutafakkir bobomizning hayoti va ijodi qanday tadqiq etilayotgani, dunyo ahlini hamon hayratga solayotgan noyob merosi haqida suhbatlashdik.
– Azizulloh janoblari, nafaqat sharqlik, balki gʻarblik navoiyshunoslarning ham taʼkidlashlaricha, bugungi kunda Alisher Navoiy haqida yozish, sanʼatkorlik qudratini tadqiq etish, ijodiy asarlarini targʻib qilish har qachongidan ham muhimroqdir. Chunki, bugungi jamiyat uchun uning ideallariga ehtiyoj bor. Hazrat Alisher Navoiy mangu qoʻnim topgan Afgʻon diyorida bu maʼnaviy ehtiyoj qay darajada ekani, albatta, bizni qiziqtiradi...
– XV asrda yashab ijod etgan hazrat Alisher Navoiy ijodini koʻzdan kechiradigan boʻlsak, bu ulugʻ siymo hozirgi kunda biz bilan birga yashab, hayotimizning, jamiyatimizning turli qirralarini sinchiklab mutolaa qilib, yozib berayotgandek tuyuladi. U goʻyo biz bilan birga yurgandegu, ammo biz uni koʻrmayotganga oʻxshaymiz. Nega shunday deganda, aytish mumkinki, olamshumul Navoiy oʻz zamonida bizning zamonimizni tasavvur eta bilganidadir. Alloma asarlarida hayotning biror bir sohasi yoʻqki, oʻz aksini topmagan boʻlsa. Hozirgi XXI asrning dolzarb muammolari: tinchlik, sogʻlik, erkinlik, taʼlim-tarbiya, odamiylik, inson huquqlari, ayollarga munosabat, atrof-muhitni muhofaza qilish, qochqinlik kabi masalalar bundan besh yarim asr oldin Navoiyning diqqat markazida boʻlgan. Hozirgi kunda bu muammolar butun dunyoni oʻziga jalb etayotgani hech kimga sir emas. Bugungi kunda ulugʻ mutafakkir fikrlari, dunyoqarashi va odob-axloqiga boʻlgan ehtiyoj va zarurat boshqa har qanday yurt va uning xalqidan koʻra, Afgʻoniston diyori, uning fuqarolari uchun muhimligi hammaga kundek ayon. Chunki bu mamlakatda taqriban yarim asrdan buyon davom etib kelayotgan natijasiz janglar, qon toʻkishlarning oldini olish uchun Alisher Navoiy kabi buyuk mutafakkirlar fikriga tayanib ish koʻrishni zamon taqozo etadi. Shuning uchun ham Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi munosabati bilan u abadiy qoʻnim topgan koʻhna Hirotda 2021-yilda oʻtkazilgan xalqaro anjumanga “Navoiy tafakkurlarini qayta oʻrganish” deb nom bergan edik. Mazkur anjumanda hazrati Navoiyning, “Jongʻa koʻksim chokidin jononni mehmon ayladim, gavhare toptim ani koʻnglimda pinhon ayladim”, degan misralari xayolimdan oʻtgan. Darhaqiqat, buyuk shoirning har bir misrasi bebaho hikmat va ulugʻ fikrat topilmalaridir.
– Xuroson va Movarounnahr tarixida “Temur va temuriylar davri” deb atalmish palla Navoiyning tahsin va gʻururini uygʻotar edi. Chunki bu davr “turk ulusi” zodagonlarining hokimiyat boshiga kelishi va milliy madaniyat hamda adabiyotning taraqqiyoti davri boʻlgan. Zotan, Xuroson va Movarounnahrning bu davr tarixi buyuk mutafakkirning bunyodga kelishiga zamin hozirlagan. Siz oʻz tadqiqotlaringizda ushbu davr bilan bogʻliq qanday voqeliklarni kashf etdingiz?
– Sharqdagi ikkinchi Uygʻonish davri Yevropadagi Uygʻonish davri bilan deyarli parallel ravishda boshlandi va jamiyat uchun madaniy, ilmiy, ijtimoiy, iqtisodiy va sanʼat sohalarida juda muhim natijalarga erishishga olib keladi. Bu vaqtda Hirotda Shohrux va uning farzandlari, Sulton Husayn Boyqaro va uning avlodlari, Amir Alisher Navoiy, Jomiy va Behzod kabi shaxsiyatlar oʻrni va roli beqiyos. Bu Uygʻonish davri odamlarni ikki asr davomida qiynab qoʻygan siyosatdan yuz oʻgirish samarasi hisoblanadi. Amir Alisher Navoiy ana shu Uygʻonish davri tarixidagi nufuzli shaxslardan biri hisoblanadi. U bu davrda Sulton Husaynning iqtidorli vaziri, zukko donishmand va buyuk mutafakkiri sifatida ikki asrlik zulm, ishonchsizlik, urush, oʻldirish, insonlarni xoʻrlash, ocharchilikka chek qoʻyishga hissa qoʻshgan. Navoiy oʻz muhiti madaniyati va jamiyati qiyofasini oʻzgartirishga katta taʼsir qilgan, moddiy va maʼnaviy madaniyatni yuqori choʻqqiga koʻtargan ulugʻ siymodir. Shu bois, bu olamshumul inson – Alisher Navoiyning oʻzi va nomi bizgagina tegishli boʻlmay, butun olamniki, degim keladi. Navoiy nafaqat koʻp qirrali ilm-fan va davlat arboblari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasida oʻnlab insonlarga rahnamo boʻlgan, balki sanʼat, adabiyot, binokorlik, rassomlik, musiqashunoslik, meʼmorlik kabi sohalarda ham jamiyatning moddiy qiyofasini oʻzgartirishga katta hissa qoʻshgan isteʼdoddir.
– Aksariyat olimlarning taʼkidlashicha, shu kungacha Afgʻonistonda Alisher Navoiy hayoti va ijodi borasida olib borilayotgan izlanishlar va ushbu diyordagi mutafakkir qurdirgan mashhur tarixiy yodgorliklar toʻgʻrisida bizda deyarli maʼlumot yoʻq. Siz bevosita ushbu jarayonni oʻrgangan, hozirgi Afgʻoniston zaminidagi oʻsha yodgorliklarning katta qismini shaxsan koʻrgan tadqiqotchilardan birisiz. Ulugʻ bobomiz asos solgan eng mashhur tarixiy yodgorliklar sifatida qaysi birlarini aytib oʻtgan boʻlardingiz?
– Temuriylar davri meʼmorchiligi Alisher Navoiy nomi bilan chambarchas bogʻliqligi inkor qilib boʻlmaydigan haqiqat. U asos solgan barcha yodgorliklar — u Hirotda boʻladimi, Balxdami, Mashhad yoxud qadim Xuroson zaminining boshqa hududlaridami, hammasi birdek eʼtiborga, maqtovga va shuhratga ega hisoblanadi. Navoiyshunoslar fikricha, aslida bu ulugʻ zot 1001 ta obida qurishga niyat qilgan, ammo hozirga qadar hech qanday manbada 350 yoki 360 yodgorlikdan koʻproq obida xususida hech qanday bahs yuritilmagan. Shu jumladan, faqat 15–20 obidaning nomi keltirilgan, xolos. Biroq navoiyshunos Amin Hiraviyning soʻzi bilan aytganda, Navoiy faoliyati asosida Xurosonning sahro va dashtlari, shahar va qishloqlarida bunyod etilgan masjidlar, madrasalar, karvonsaroylar, bogʻlar, hovuzlar, koʻpriklar miqdorini qayd etish va tasvirlashga qalam tili ojizlik qiladi.
Shu oʻrinda keyingi paytlarda Navoiyga nisbat berilayotgan Afgʻoniston hududida joylashgan (Oqina sardobasi, Bobo Vali hovuzi, Sarpul gʻisht koʻprigi, Hazrati Ali maqbarasi) Alisher Navoiy tashabbusi va buyrugʻi yoxud bevosita ishtiroki asosida qurilgan yodgorliklar xususida qisqacha toʻxtalib oʻtsak. Ulardan eng mashhuri Balx viloyatining Mozori Sharif shahridagi hazrat Ali maqbarasi (ziyoratgohi) boʻladi. Hazrati Aliga nisbat beriladigan bu maqbara majmuasi xalq orasida “Ravzah” yoki “Ali ziyoratgohi” deb ham ataladi. Ushbu majmua texnik va qurilish nuqtayi nazaridan turli imkoniyatlarga ega boʻlib, unda 21 ta hujra, 8 darvozali bogʻ, 5 eshikli hovli, shuningdek, madrasa, kutubxona, tahoratxona, masjid va muzey mavjud. Yana bir yodgorlik – “Oqina Sardobasi” Afgʻonistonning Foryob viloyati Andxui tumanida Turkmaniston chegarasiga yaqin joylashgan tarixiy usti yopiq hovuz. Sardoba qish faslida qor-yomgʻir suvlaridan tabiiy ravishda toʻlib, butun yil davomida Amudaryoning ikki qirgʻogʻidagi savdo karvonlari, dehqon va choʻponlarga suv berib turgan. Pishiq gʻishtdan qurilgan bu Sardoba chuqurligi 16 metr, gumbaz balandligi ham yer yuzasidan 16 metr (Sadoba sathidan gumbaziga qadar 32 metr), suv kosasining kengligi esa 10 metrdan iborat.
Boshqa bir obida – “Bobo Vali hovuzi” ham Andxui tumanida joylashgan. Bu hovuz Oqina sadobasidan 25 kilometr uzoqlikda Bobo Vali ziyoratgohi majmuasi hovlisida joylashgan. Hovuzning hozirgi koʻrinishi 21x21 metr, chuqurligi 6 metr va suv hajmi 3380 kubmetr dan iborat.
“Sarpul gʻisht koʻprigi” Alisher Navoiy tashabbusi bilan vujudga kelgani endigina eʼtirof etilmoqda. Ushbu koʻprik Sarpul viloyatida joylashgan. Uni qurishda ganj shirasi, ohak va somon kulidan oʻlchami 24X24 va qalinligi 5 santimetr boʻlgan pishiq gʻisht ishlatilgan. Bunday usulda qurilgan koʻpriklar suv zarbi, yuk zarbi va zilzila zarbiga ancha chidamli boʻlgan.
– Soʻnggi yarim asrdan koʻproq davrda Afgʻonistonda Alisher Navoiy shaxsiyati, asarlari va ular haqidagi tadqiqotlarga ega qanday kitob, maqola, maqolalar toʻplamlari chop etildi. Ushbu hududdagi navoiyshunoslikning oʻziga xosligi nimada?
– Tan olish kerakki, Navoiyning vatani hozirgi Afgʻoniston boʻlsa, navoiyshunoslarning vatani Oʻzbekiston hisoblanadi. Navoiy oʻz yurtida oʻtgan yarim asrga qadar munosib qadrlanmadi, munosib oʻrganilmadi. Aniqrogʻi, soʻnggi 40 yildagina, Alisher Navoiy Afgʻonistonda ham oʻrganila boshladi. Unga bagʻishlab ilmiy-amaliy anjumanlar oʻtkazildi, asralari qayta chop etildi. Navoiy xususida oʻnlab kitoblar, yuzlab maqolalar va sheʼrlar nashr etildi. Shular haqida qisqacha toʻxtaladigan boʻlsak, dastavval, uning eski oʻzbek yozuvida qayta nashr etilgan asarlari koʻz oldimizga keladi, bu asarlar soni 24 taga yetadi va ular oʻz ichiga Navoiyning eng moʻtabar asarlari boʻlmish “Xamsa”, “Majolis un-nafois”, “Muhokamat-ul-lugʻatayn”, “Devoni Foniy”, “Xazoyin ul-maoniy”larni qamrab oladi.
Keyingi chorak asr ichida nashr etilgan Navoiy bilan bogʻliq kitoblar soni esa 40 dan ortiq. Shu bilan birga, Afgʻonistonda hozirga qadar Alisher Navoiy tavalludiga bagʻishlab davlat tomonidan oʻtkazilgan xalqaro seminarlar soni uchtadan oshmaydi. Ulardan birinchisi Kobulda 1991-yili Navoiy tavalludining 550-yilligiga bagʻishlangan tadbir boʻlsa, ikkinchisi 2016-yili mutafakkir tavalludining 575-yilligiga bagʻishlangan xalqaro simpuziumdir. Simpozium munosabati bilan taqdim etilgan 41 maqola 500 betlik “Majmuai maqolot” (maqolalar toʻplami) nomi ostida chop etildi.
Nihoyat 2021-yili Hirotda Navoiy tavalludining 580-yiligi keng nishonlandi. “Alisher Navoiy tafakkurlarini oʻrganish” mavzusidagi ushbu xalqaro seminar munosabati bilan nashr etilgan toʻplamdan bu gal 48 nomdagi maqola oʻrin olgan. Shu jumladan, 14 maqola oʻzbek tilida eski yozuvda, 16 oʻzbekcha maqola lotin yozuvida, 12 maqola dariy/fors tilida, 4 maqola pushtu tilida va 2 maqola ingliz tilida nashr etildi.
– Maqolalaringizdan birida Nyu-York shahridagi Metropoliten sanʼat muzeyida Alisher Navoiyning ikki devoni qoʻlyozmasi saqlanishi, ushbu qoʻlyozmalarning nafaqat Oʻzbekiston va Afgʻoniston, balki mintaqa hamda jahon navoiyshunoslari uchun ham katta ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlab oʻtgansiz...
– Darhaqiqat, mashhur Metropoliten sanʼat muzeyida Alisher Navoiyning ikki qimmatbaho “Navodir ush-shabob” va “Navodir un-nihoya” devonlari qoʻlyozmasi saqlanadi. Bu devonlar qoʻlyozmasini oʻrganib chiqishning Oʻzbekiston, Afgʻoniston, qolaversa, mintaqa va jahon navoiyshunoslari uchun ahamiyati shundaki, bu asarlardan biri XVI asrning boshlarida mahalliy xattot Qosimali Sheroziy tomonidan yozilgan boʻlsa, ikkinchisi Navoiy hayotligi paytida mashhur xattot Sulton Ali Mashhadiy tomonidan koʻchirilgan. Mazkur devonning koʻchirilgan sanasi hamda kotibning ism-sharifi qoʻlyozmada, “920-yili poytaxt Hirotda faqir Sulton Ali Mashhadiy tomonidan koʻchirildi”, deb yozib qoʻyilgan. Bundan maʼlum boʻladiki, bu devon qoʻlyozmasi milodiy 1499–1500-yili Alisher Navoiy hayotligida koʻchirilgan. Metropoliten sanʼat muzeyida Navoiyning bu devoni noyob sanʼat asari sifatida baholangani uchun ham, juda avaylab saqlanib kelmoqda.
Boshqa tomondan, shu bugungacha jahonning katta kutubxonalarida saqlanayotgan buyuk mutafakkir Alisher Navoiy asarlari qoʻlyozmalarini aniqlab, ularning hozirgacha tasnif etilmaganligini hech qanday izohlab boʻlmaydi. Agar Alisher Navoiy navoiyshunos olimlar tomonidan yangicha tafakkur asosida qayta oʻrganilsa, inglizlar Shekspirni oʻzlarining Navoiylari deb baho bergan boʻlardi. Baʼzi bir navoiyshunoslar, Navoiy bizning Shekspirimiz, deya baho berib kelayotganlari uchun shu fikrni aytib oʻtyapman.
– Siz oʻzbek navoiyshunoslari va yozuvchilari bilan anchadan beri hamkorlik qilib kelasiz. Alisher Navoiy hayoti, ijodi bilan bogʻliq ikki oʻzbek romani – Oybekning “Navoiy” va Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romanlari haqida mulohazalaringizni bilmoqchi edik...
– Eʼtirof etish kerakki, bu ikki oʻzbek yozuvchisining Navoiy hayoti va faoliyati bilan bogʻliq romanlari soʻzsiz tahsinga sazovor. Oybekning “Navoiy” romani oʻz davrida Navoiyni keng jamoatchilikka tanishtirishda misli koʻrilmagan asar sifatida ahamiyat kasb etgan boʻlsa, zamondoshimiz Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romani Navoiy xususidagi yangicha tasavvurimizni shakllantirishga bir muncha turtki boʻldi, deyish mumkin. Bu ikki romanni ham miriqib oʻqiganman.
Oybekning “Navoiy” romanidagi boshqa bir jihatga eʼtibor bersak, unda tarixiy kechinmalar kuchli iz qoldirganini sezish mumkin. Oybek Navoiyning insonparvar shoir va davlat arbobi sifatidagi obrazini yaratish uchun asarga tarixiy shaxslar obrazi bilan birga badiiy toʻqima obrazlarni ham kiritishga harakat qilgan. Shu bois, bu asarni oʻz davrining shoh romani, desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Oybekning “Oltin vodiydan shabadalar”, “Quyosh qoraymas”, “Nur qidirib” va “Navoiy” romanlarida yozuvchining tengsiz mahorati va isteʼdodi tomib turganini koʻrish mumkin. Boshqa tomondan, oʻtgan asrning 20-yillari oxiri, 30-yillarida oʻzbek adabiyotida avj olgan notoʻgʻri qarashlar Oybekni ham chetlab oʻtmadi. Shu jihatdan olib qaraganda, bu qarshiliklar uning “Navoiy” romaniga soya solgan jihatlari ham koʻzga tashlanadi.
Isajon Sulton esa “Alisher Navoiy” romanini yozishdan oldin juda katta tayyorganlik koʻrgani, shu kungacha mavjud boʻlgan barcha manbalardan va yangi maʼlumotlardan oʻrinli foydalangani sezilib turibdi. Oʻzbek yozuvchisining bu qutlugʻ qadami, albatta, biz afgʻonistonlik navoiyshunoslar va ijodkorlarni ham juda quvontirdi.
– Turkiy shoirlarning asosiy anʼanalari va ildizlariga qanday tavsif berasiz? Ular arab va fors lingvistikasi va badiiy timsollaridan koʻproq oʻzlashtirganmi? Ularning adabiy janrlarida qanday oʻziga xosliklar bor (masalan, Navoiy gʻazallari haqida gap ketadigan boʻlsa)?
– Men shoir emasman, lekin shoirlar soʻzlarni qofiya qurboni qilishlarini, ayniqsa, mumtoz sheʼriyatda koʻrish mumkin. Alisher Navoiy esa aruz nazariyotchisi sifatida oʻzbek sheʼriyatida qoʻllanilishi mumkin boʻlgan bahr hamda vaznlar doirasini belgilab bergan buyuk mutafakkir shoir hisoblanadi. U aruz bahrlarining oʻzbek xalq ogʻzaki sheʼriyatidagi oʻlchovlar bilan munosabatini oʻrganib, xalq qoʻshiqlari vaznlarining yozma ijodda foydalanilishi mumkin boʻlgan jihatlarini belgilab chiqqan. Shu bilan birga, shoir sharq mumtoz sheʼriyatida keng qoʻllanilgan bahrlarga, ularning eng xalqchil, serjilo, ohangdor, musiqiy vaznlariga alohida eʼtibor bilan qarab, aksariyat lirik sheʼrlarini ushbu vaznlar asosida yaratgan. Amerikalik navoiyshunos olim Robert Deveryu soʻzi bilan aytganda, Alisher Navoiy oʻzbek sheʼriyatining oʻziga xos betakror va tengsiz mahorat maktabining yaratuvchisi sifatida ham tan olingan.
Qadimda ziyoli kishilarning aksariyati bir vaqtning oʻzida bir necha ilmlar sohibi boʻlishgan, sheʼr va gʻazallar ham yozishgan. Ular albatta siyosatdan, jamiyatdan, iqtisoddan, madaniyatdan, tarixdan ham juda yaxshi xabardor boʻlishgan.
– Keyingi yillarda Alisher Navoiy hayoti va ijodiga qiziqish nafaqat Sharq, balki Gʻarb olamida ham ortib borayotgani quvonarlidir. Masalan, AQSHda Devin de Vis, Nikolas Vomsli, Vengriyada Benedik Peri, Fransiyada Aleksandr Papas, Mark Toutant, Yaponiyada Kazuaki Kubo va yana bir qancha olimlar mutafakkir bobomiz ijodi borasida tadqiqotlar olib borgan. Bunday munosabat Gʻarb universitetlari talabalari oʻrtasida ham mavjud. Bugun xorijda buyuk mutaffakir hayoti va ijodiga oid qilinayotgan tadqiqotlarga munosabatingiz qanday?
– Xorijda Navoiy biz istagan darajada koʻp oʻrganilmagan boʻlsa ham, lekin xoʻb oʻrganilgan. XIX asr Yevropa navoiyshunosligida, ayniqsa, Katermer, Belen, Vamberi, Braun ishlarida Navoiy biografiyasi va asarlari bir yoqlama, qisman oʻrganilgan boʻlib, shoir ijodi oʻzining toʻla, mukammal va toʻgʻri bahosini olmagan edi. Ammo amerikalik sharqshunos-navoiyshunos olim Robert Deveryu Gʻarb tadqiqotchilari ichida birinchi boʻlib bu fikrning bir yoqlama ekanligini isbot etdi. Xususan, “Alisher Navoiy faqat sanʼat himoyachisigina emas, balki nasrda ham, nazmda ham dongʻi ketgan yozuvchi, shoir, tarixchi, tanqidchi, shuningdek, iqtidorli rassom, cholgʻuvchi, bastakor ham boʻlgan”, deb taʼkidlaydi. U Alisher Navoiyning oʻzbek tili va adabiyoti rivojiga qoʻshgan hissasi bundan ham chuqurroq ekanligi xususida toʻxtalib, “Muhokamat ul-lugʻatayn”ning yozilish tarixi, asarning ichki tuzilishi, oʻzbek tilining taraqqiyotiga koʻrsatgan taʼsiri ustida keng fikr bayon qiladi. Robert Deveryu sharqshunoslik sohasida bir qator ilmiy tadqiqotlar yaratgan amerikalik navoiyshunos olim hisoblanadi. U chop etgan “Muhokamat ul-lugʻatayn” asari jahon miqyosidagi eng mukammal nashr sifatida tan olinadi. Olim asarni ingliz tiliga tarjima qilib kirish va izohlar bilan nashr qilgan. Xorijdagi ayrim sharqshunoslar baʼzi ilmiy nashrlarda buyuk bobomizni taqlidchi shoirga aylantirib qoʻyishgan hollar ham uchraydi, bu olimlarning oʻzbek mutafakkiri Navoiy ijodini yaxshi bilmasliklaridan kelib chiqqanligi oʻzbekistonlik navoiyshunos olim, filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinovning “Xorijda navoiyshunoslik” sarlavhali maqolasinida oʻz isbotini topgan.
– Navoiy ijodining zamonaviy talqinlari yangi nazariy qarashlar, jahon adabiyotshunosligidagi ilgʻor tahlil usullariga asoslanishi lozimligi bir necha xalqaro anjumanlarda qayta-qayta taʼkidlab oʻtildi. Shu nuqtayi nazardan, siz bugun shoir ijodini oʻrganishda qanday zamonaviy tahlil metodlarini taklif qilgan boʻlardingiz?
– Alisher Navoiyning teran ijodi ummoniga yeta olish uchun bu buyuk mutafakkirga ruhan, maʼnaviy jihatdan yanada yaqinlashish kerak boʻladi. Shoirning ijodi aksariyat adabiyotlarda, ayrim ilmiy tadqiqotlarda, izohli lugʻatlar va sharhlar doirasida tahlil etilgan. Holbuki, Navoiyning ijodi eʼtiqodi, dunyoqarashi ruhiyatidan kelib chiqib tahlil etilishi kerak. Shu tariqa mutafakkir davri anʼanalari ichida yashab, uning badiiyatini tabiiy ravishda qabul qilib olish mumkin boʻladi. Zero, Alisher Navoiy shaxsiyati va ijodi oʻtmishimizda kechgan buyuk hodisa ekanligi bois, ushbu jarayonni dunyo madaniyati va dabiyotining durdonasi sifatida oʻrganish oʻta muhim.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi.