“AFSAR COMPANY LTD” MCHJga nisbatan jarima qoʻllanildi

    Raqobat qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvlarda “AFSAR COMPANY LTD” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan konyak mahsulotining tashqi koʻrinishi aynan «HENNESSY X.O” konyagiga oʻxshashligi aniqlandi.

    Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga “Societe Jas Ilennessy & So” (Fransiya) kompaniyasi oʻzining “HENNESSY X.O” tovar belgisi bilan fuqarolik muomalasiga kiritilgan konyak mahsulotiga tashqi koʻrinishi jihatdan isteʼmolchilarni adashtirib yuborish darajasida oʻxshash qilib "AFSAR AFSAR COMPANY LTD” MCHJ tomonidan "EXTRA OLD X.O” konyak mahsuloti ishlab chiqarilganligi va fuqarolik muomalasiga kiritilganligi yuzasidan murojaat qilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 694-sonli qarori “Insofsiz raqobatni aniqlash metodikasi” 6-bandida, avval fuqarolik muomalasiga kiritilgan tovar, ish va xizmatlarning tashqi bezatilishi va shakli, nomi, tamgʻalanishi, etiketkasi, oʻrovi, ranglar uygʻunligini takrorlash orqali raqobatchi xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan tovarni fuqarolik muomalasiga kiritish insofsiz raqobat belgilaridan biri ekanligi belgilangan.

    Oʻrganishlarda, Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuni 21-moddasi, xoʻjalik yurituvchi subyektlar yoki ularning manfaatlarini koʻzlab boshqa shaxslar tomonidan raqobatchilarga nisbatan insofsiz raqobatni amalga oshirish taqiqlangan talabi buzilgan deb topildi.

    Yaʼni, ushbu holatda “AFSAR COMPANY LTD” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan "EXTRA OLD X.O” konyak mahsulotining tashqi koʻrinishi aynan "HENNESSY X.O” konyagini takrorlagani va isteʼmolchilarni adashtirib yuborish darajasida oʻxshashligi aniqlangan.

    Yuqoridagilarga koʻra, Qoʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan “AFSAR COMPANY LTD” MCHJ Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuni 21-moddasi talablari buzilganligi yuzasidan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, ishni koʻrib chiqish yakuni boʻyicha moliyaviy jarima qoʻllanildi.

    Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha koʻrsatma berildi.