Raqobat qoʻmitasining xabar berishicha, “INVEST FINANS BANK” AJ tomonidan Toshkent shahrining bir qator koʻchalarida joylashgan LED monitorli reklama obyektlarida eʼlon qilingan “50 000 000 tanishlarsiz, 50 kun foizlarsiz, 5-yilga, taʼtil uchun, taʼmirlash uchun, texnika uchun” mazmunidagi reklama axboroti berilganligi kuzatilganda mazkur reklama boʻyicha bankning rasmiy veb-sayti oʻrganilganda, faqatgina “INFIN BLACK” kredit kartasi uchun 50 million soʻmgacha, 60 oyga, yillik 23,99 foizdan kredit ajratilishi, kartadan naqd pul yechish 2 foiz, kartadan kartaga pul oʻtkazish 1 foiz, alohida belgilanadigan foiz stavkasi yillik 25,55 foizdan 54,75 foizgacha koʻrsatilgan.
Kredit boʻyicha qoʻshimcha shartlar va muhim maʼlumotlar tashqi reklamada koʻrsatilmagan.
Yuqoridagilarga koʻra, Qoʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama toʻgʻrisida”gi hamda “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunlar talablari buzilish alomatlari yuzasidan “INVEST FINANS BANK” AJga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qoʻllash haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha koʻrsatma berildi.