“Avesta komfort eko-gaz” MCHJga nisbatan jarima qoʻllanildi

    Oʻtkazilgan tekshiruvlarda Sirdaryo tumanidagi “Avesta komfort eko-gaz” MCHJga qarashli AGTKSH tomonidan avtomobil yoʻlining qatnov qismiga yaqin yoʻlakka pasportlashtirilmagan noqonuniy tashqi reklama konstruksiyasi oʻrnatilganligi aniqlandi.

    Raqobat qoʻmitasining xabar berishicha, mazkur aniqlangan holat yuzasidan boshqarma tomonidan MCHJga ogohlantirishlar berilganiga qaramay tashqi reklama vositasi bilan bogʻliq kamchiliklar bartaraf etilmagan.

    Yuqoridagilarga koʻra, Qoʻmita hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan “AVESTA KOMFORT EKO-GAZ” MCHJga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qoʻllash haqida qaror qabul qilindi. Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha koʻrsatma berildi.

    Eslatib oʻtamiz: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 428-sonli qaroriga asosan tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali axborot tizimi orqali reklama joyining pasporti rasmiylashtirilishi belgilangan.