“DAVR BANK” ATBga nisbatan jarima qoʻllanildi

    Raqobat qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida, “DAVR BANK” ATB tomonidan eʼlon qilingan tashqi reklamalarda “Davr mobile ilovasida 50 000 000 soʻmgacha onlayn mikrokredit” mazmunidagi reklama axboroti berilganligi kuzatildi.

    Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

    Mazkur reklama boʻyicha bankning rasmiy veb-sayti oʻrganilganda, mikroqarz istalgan maqsadlarda foydalanish uchun ajratilishi, “Davr mobile” ilovasi orqali rasmiylashtirilishi, qarz oluvchi kamida oxirgi 6 oy davomida doimiy ish joyiga hamda oylik daromadga ega boʻlgan boʻlishi lozimligi koʻrsatilgan. Shuningdek, mikroqarz muddati – 60 oygacha, foiz stavkasi – 43,00 foiz, qarz miqdori – 50,0 mln soʻm etib belgilanganligi aniqlangan.

    Mikro qarz boʻyicha qoʻshimcha shartlar va muhim maʼlumotlar tashqi reklamada koʻrsatilmagan.

    Shuningdek, Toshkent shahrining bir qator koʻchalarida joylashgan LED monitorli reklama obyektlarida “Tadbirkorlar uchun 5 milliard soʻmgacha kredit, 24 % dan“ mazmunidagi reklamalar joylashtirilgan.

    Mazkur reklama boʻyicha bankning rasmiy veb-sayti oʻrganilganda, kredit:

    — asosiy vositalarni sotib olish uchun;

    — muddati – 60 oygacha;

    — foiz stavkasi – 32,99 foiz;

    — miqdori – 5 milliard soʻmligi haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan.

    Kredit boʻyicha qoʻshimcha shartlar va muhim maʼlumotlar tashqi reklamada koʻrsatilmagan.

    Yuqoridagilarga koʻra, Qoʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama toʻgʻrisida”gi hamda “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunlar talablari buzilish alomatlari yuzasidan “DAVR BANK” ATBga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qoʻllash haqida qaror qabul qilindi. Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha koʻrsatma berildi.