“MIDASIATEX” MCHJga nisbatan ish qoʻzgʻatildi

    Raqobat qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvlarda “MIDASIATEX” MCHJning 2024-yilning yanvar-iyungacha boʻlgan faoliyati davomida jamiyat tomonidan ushbu davrda 185.9 tn paxta tolasi mahsuloti toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida sotilganlik holatlari aniqlandi.

    Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

    Raqobat qoʻmitasi tomonidan yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolari orqali sotuvchi klasterlar tomonidan ushbu turdagi mahsulotlarni birja savdolariga qoʻyilishi va birja savdolarida narxlarni sunʼiy oshishining oldini olish boʻyicha nazorat oʻrnatilib, kunlik va oylik monitoring kuzatuvlari olib borilmoqda.

    Qoraqalpogʻiston Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan Qoʻmita tegishli buyrugʻiga asosan “MIDASIATEX” MCHJning 2024-yilning yanvar-iyungacha boʻlgan faoliyati davomida “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga rioya etilishi yuzasidan tekshirish ishlari oʻtkazildi.

    Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilishi alomatlari bilan “MIDASIATEX” MCHJga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli taʼsir chorasi qoʻllanildi.