Davlat siyosati ilk bor muammolarni yashirmasdan, ochiq tan olish, ularni aniq raqamlar asosida tahlil qilish va tizimli hal etishga qaratildi. Bu esa yangi Oʻzbekiston islohotlarining asosiy farqi va ustun jihatidir.
Har qanday islohotning muvaffaqiyati, avvalo, uning qay darajada aniq maʼlumotlar, ishonchli statistika va xolis tahlillarga tayanayotgani bilan belgilanadi. Shu maʼnoda, aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish yangi Oʻzbekiston islohotlarining muhim poydevoridir. Chunki davlatni samarali boshqarish uchun, avvalo, davlat qaysi aholi bilan, qanday resurslar bilan ishlayotganini aniq bilishi shart.
Aholini roʻyxatga olish orqali mamlakatda qancha aholi yashayapti, yosh tarkibi qanday, mehnatga layoqatli ularning ulushi qancha, aholining taxminan 60 foizi mehnat yoshida, 51 foizi shaharlarda, 49 foizi qishloq joylarda istiqomat qilayotgani kabi hayotiy muhim maʼlumotlar aniqlanadi. Bu maʼlumotlarsiz taʼlim, sogʻliqni saqlash, pensiya, bandlik, uy-joy siyosatida toʻgʻri qaror qabul qilish mumkin emas.
Masalan, har yili Oʻzbekistonda oʻrtacha 800-900 ming bola maktab yoshiga yetadi. Aholining oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 73 yosh atrofida. Keksa aholi ulushi yil sayin oshib bormoqda. Bu esa pensiya tizimi, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy xizmatlarni oldindan rejalashtirishni talab qiladi. Ana shu rejalashtirishning ilmiy asosi aholini roʻyxatga olishdir.
Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi qonun, tegishli farmon va qarorlar bu jarayonni BMTning Statistika komissiyasi hamda Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti xalqaro tavsiyalariga muvofiq oʻtkazishni belgilab berdi. Qonunchilikka koʻra, aholini roʻyxatga olish har 10 yilda kamida bir marta oʻtkazilishi va uning natijalari davlat dasturlari uchun asos boʻlishi shart.
Qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish ham strategik ahamiyatga ega. Bugun qishloq xoʻjaligi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 25-27 foizini, aholi bandligining qariyb 30-35 foizini tashkil etadi. Mamlakatda 4 million gektardan ortiq sugʻoriladigan yer, minglab fermer va dehqon xoʻjaliklari mavjud. Qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish orqali qaysi hududda yerdan samarasiz foydalanilayotgani, suv tanqisligi qayerda keskin ekani, qaysi tarmoqlarda mahsuldorlik pastligi aniqlanadi. Bu esa agrar islohotlarni manzilli qilish imkonini beradi.
Yangi Oʻzbekiston islohotlarining asosiy tamoyili — “avvalo aniq maʼlumot, keyin toʻgʻri qaror”. Shu tamoyil asosida davlat siyosatining yana bir muhim yoʻnalishi — kambagʻallikni qisqartirish siyosati shakllandi. Soʻnggi toʻqqiz yilda “kambagʻallik” tushunchasi ilmiy va siyosiy muomalaga ochiq kirib keldi. Bu tasodifiy emas. Chunki ayrim hududlarda kambagʻallik darajasi
15-17 foizgacha yetgani, baʼzi qishloq joylarda har besh xonadondan biri barqaror daromad manbaiga ega emasligi aniq raqamlar bilan koʻrsatildi.
Muammoni ochiq tan olish — uni hal etishning birinchi sharti. Shu asosda Oʻzbekistonda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tashkil etildi. Bu vazirlik kambagʻallikka qarshi kurashni umumiy shior emas, balki mahallabay va xonadonbay aniq mexanizmlar asosida olib bormoqda. Har bir mahallada aholining mehnat salohiyati, daromad manbalari oʻrganilmoqda, har bir hudud, mahalla, qolaversa, xonadonlarni qamrab olgan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi ishlab chiqildi.
Kambagʻallikni qisqartirishning maqsadi insonni nafaqaga qaram qilish emas, balki ishli qilish, tadbirkor qilish, yaxshi va farovon yashashga olib chiqishdir. Shu maqsadda amalga oshirilgan ishlar natijasi sifatida soʻnggi yillarda kambagʻallik darajasi pasayib, millionlab aholi turmushida real oʻzgarishlar boʻlayotir. Xususan, kambagʻallik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushib, 1435 ta mahalla “kambagʻallikdan xoli” hududga aylangan.
Bu jarayon oziq-ovqat xavfsizligi bilan ham bevosita bogʻliq. Bugun dunyoda iqtisodiy inqirozlar, logistika muammolari, oziq-ovqat taqchilligi xavfi ortib bormoqda. Shu sharoitda Oʻzbekiston uchun aholini oʻz mahsulotlarimiz bilan toʻliq taʼminlash hayotiy ahamiyatga ega. Qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish orqali ekin maydonlari optimallashtirildi, mahsuldorlik oshirildi. Ayrim asosiy mahsulotlar boʻyicha oʻz-oʻzini taʼminlash darajasi 90 foizdan oshdi.
Ortiqcha mahsulotlarni eksport qilish orqali davlat iqtisodiyotiga milliardlab dollar valyuta tushumlari kirib kelmoqda. Ayni paytda “oʻzbek brendi”ni dunyoga tanitish siyosati yuritilmoqda. Prezidentimiz Murojaatnomasida iqtisodiyot va eksport salohiyati oshgani haqida aniq raqamlar keltirilgani ham bejiz emas: joriy yil eksport 23 foiz oʻsib, 33,4 milliard dollarga yetkazilishi, yalpi ichki mahsulot 145 milliard dollardan oshgani aytilgan. Bu raqamlar aholi farovonligiga xizmat qiladigan real iqtisodiy asos borligini koʻrsatadi.
Tarixga nazar tashlasak, davlat qudrati har doim aniq hisob-kitobga tayangan. Amir Temur davrida ham aholi, yer, soliq va harbiy resurslar qatʼiy hisobga olingan. “Temur tuzuklari”da har bir hudud imkoniyatlariga qarab boshqarilgani taʼkidlanadi. Bugun yangi Oʻzbekistonda bu tamoyil zamonaviy, raqamli usullar asosida davom etmoqda.
Eng muhimi, aholining tinchligi va farovon hayotini taʼminlash faqat bitta qaror yoki bitta dastur bilan emas, balki doimiy tahlil, muntazam oʻrganish va jamoatchilik fikriga tayanish orqali amalga oshadi. Bugungi islohotlar davrida davlat “bir marta reja — umrbod ijro” uslubidan voz kechib, “doimiy monitoring — doimiy yangilash” tamoyiliga oʻtmoqda. Bu yerda sotsiologik tadqiqotlar hal qiluvchi ahamiyatga ega: aholining kayfiyati, ehtiyojlari, xizmatlar sifatiga baho, mahalladagi muammolar xaritasi, yoshlar bandligi, ayollar faolligi, migratsiya sabablari kabi masalalar doimiy oʻrganilsa, islohotlar manzilli va samarali boʻladi.
Shu nuqtayi nazardan, yangi Oʻzbekiston islohotlarida doimiy sotsiologik tahlillar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Agar aholining kayfiyati, ehtiyojlari, muammolari, davlat xizmatlariga munosabati vaqti-vaqti bilan oʻrganilmasa, hatto eng toʻgʻri qaror ham kutilgan samarani bermasligi mumkin. Shu bois, aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish bir martalik tadbir emas, balki uzluksiz monitoring va tahlil tizimining boshlangʻich nuqtasidir. Roʻyxatga olish raqamlarni beradi, sotsiologik tadqiqotlar esa shu raqamlar ortidagi real hayotni ochiqlaydi.
Shuning uchun aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish faqat “davlat uchun hisobot” emas, balki har bir fuqaro uchun naf keltiradigan jarayondir. Chunki roʻyxatga olish orqali davlat xizmatlari qayerda kam, qayerda sifat past, qayerda infratuzilma yetishmaydi — aniqlashadi. Demak, keyingi qarorlar ham “umumiy” emas, balki mahalla va xonadon ehtiyojiga qarab qabul qilinadi.
Mazkur jarayonda Oʻzbekistonning har bir fuqarosi faol ishtirok etishi juda muhim. Roʻyxatga olishga xolis maʼlumot berish — jamoatchilik nazoratining bir koʻrinishi. Chunki aholi haqidagi maʼlumotni eng yaxshi biladigan ham, uning haqqoniyligini taʼminlaydigan ham fuqaroning oʻzi. Toʻgʻri va aniq maʼlumot bermaslik yoki beparvolik aslida oʻz mahallasi, oʻz xonadoni manfaatiga befarqlikdir. Aniq maʼlumot berilgan joyda maktab ham, shifoxona ham, ish oʻrni ham aniq ehtiyojga qarab yaratiladi. Prezidentimiz Murojaatnomada mahallaning jamiyatdagi oʻrnini taʼkidlar ekan, maʼno jihatdan nihoyatda kuchli fikr aytgan: “Mahalla tinch va ahil boʻlsa, jamiyatimiz tinch… Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi”. Bu gap roʻyxatga olish, ijtimoiy himoya, kambagʻallikni qisqartirish va mahalla taraqqiyoti bir zanjir ekanini yana bir bor koʻrsatadi.
Bu islohotlarning yana bir muhim yoʻnalishi xizmat turlarini raqamlashtirishdir. Raqamlashtirish nafaqat davlat idoralarining ishini tezlashtiradi, balki fuqaroning oʻz huquqi va manfaatini himoya qilish imkoniyatini ham kengaytiradi. Raqamlashtirish orqali davlat xizmatlari aholiga yaqinlashmoqda, ortiqcha qogʻozbozlik, navbatlar va inson omiliga bogʻliq toʻsiqlar qisqarmoqda. Eng muhimi, raqamli tizimlar fuqaroga oʻz maʼlumotlarini koʻrish, tekshirish va nazorat qilish imkonini beradi. Fuqaro oʻz xonadoni, yer maydoni, qishloq xoʻjaligi faoliyati, ijtimoiy imtiyozlari haqidagi maʼlumotlarni ochiq koʻra olsa, bu shaffoflik va ishonchni mustahkamlaydi. Masalan, raqamli xizmatlar orqali fuqaro oʻz maʼlumotlarini tekshirishi, oʻz xonadoni yoki xoʻjaligiga taalluqli maʼlumotlarni kuzatishi, imtiyozlar, subsidiyalar, soliqlar, yer hisoboti, chorva va ekinlar haqidagi maʼlumotlarini tartibga solishi mumkin. Bu esa shaffoflikni oshiradi, korrupsiya xavfini kamaytiradi, inson omiliga bogʻliq kechikishlarni qisqartiradi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishning yana bir katta vazifasi mamlakatning raqamli boshqaruvi uchun ishonchli “asosiy maʼlumotlar bazasi”ni yaratishdir. Roʻyxatga olish maʼlumotlari toʻliq va aniq boʻlsa, raqamlashtirish ham mazmun kasb etadi: davlat xizmatlari “qogʻoz”ga emas, real aholi va real resurslarga tayanadi. Demak, fuqaro ham oʻzini, xonadonini, xoʻjaligini nazorat qilish va rivojlantirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Bu umumiy yoʻnalishlar “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilanayotgan maqsadlarga ham xizmat qiladi. Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish ana shu maqsadlarning har biriga xizmat qiluvchi asosiy vosita hisoblanadi. Strategiyaning oʻzida islohotlarning izchil, sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi, jamoatchilik nazorati va fuqarolik ishtiroki muhimligi qayd etilgani bu jarayonda aholi ishtirokini kuchaytirishga chaqiriqdir.
Prezidentimiz oʻz Murojaatnomasida bir necha bor alohida taʼkidlaganidek, inson qadrini ulugʻlash, xalq dardini eshitish va qarorlarni xalq manfaatiga mos qabul qilish davlat siyosatining bosh mezonidir. Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish ana shu gʻoyalarni amaliy hayotga tatbiq etadi, davlat bilan fuqaro oʻrtasida ishonchni mustahkamlaydi.
Shuningdek, Murojaatnomada 2026-yilga alohida ruh va maqsad berilib, 2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilindi. Bu nomning oʻzi ham aholi bilan ishlash, mahalla tizimini kuchaytirish, ijtimoiy barqarorlik, tarbiya, jamoatchilik nazorati va farovonlikni taʼminlashda mahallaning hal qiluvchi oʻrni borligini anglatadi. Demak, aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish aynan shu yil ustuvor vazifalarini amaliy jihatdan taʼminlaydigan eng zarur vositalardan biridir: kim qaysi mahallada yashayapti, qanday ehtiyoj bor, qanday resurs bor, qanday muammo bor — aniq maʼlumot boʻlmasa, joriy yil nomi va uning mazmuni toʻliq ochilmaydi. Roʻyxatga olish yilni va kelajakni amaliy natijaga aylantiradigan muhim vositadir.
Yuqorida keltirilgan barcha islohotlar, dasturlar va strategik maqsadlarning pirovard natijasi, avvalo, aholining tinchligi va farovon hayotini taʼminlashga qaratilgan. Tinchlik faqat xavfsizlik yoki osoyishtalik emas, balki insonning ertangi kunga ishonchi, oʻz oilasi, xonadoni va mehnati bilan munosib yashash imkoniyatidir. Ana shu ishonchni taʼminlash uchun davlat qarorlari tasodifiy emas, balki doimiy tahlil, muntazam oʻrganish va jamoatchilik fikriga tayangan holda qabul qilinishi zarur.
Xulosa oʻrnida aytganda, barcha hamyurtlarimiz aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish jarayonida fuqarolik masʼuliyatini oshirib, berilayotgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uning mahallasi va xonadoni manfaatiga xizmat qilishini anglab yetishi kerak.
Negaki, aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish yangi Oʻzbekiston islohotlarining faqat bir yoʻnalishi emas, balki barcha islohotlarni bogʻlab turuvchi strategik asosdir. U inson qadri, aholi tinchligi, farovon hayot, barqaror iqtisodiy oʻsish va rivojlangan davlat qurish maqsadlariga xizmat qiladi. Ana shu jarayonda har bir fuqaroning faol ishtiroki esa mamlakatimiz kelajagini belgilaydigan eng muhim omil hisoblanadi.
Azizbek AMONOV,
sotsiologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori