Mamlakatimizda ilk bor o'tkazilishi belgilangan aholini ro'yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ishlari dunyo mamlakatlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning diqqat markazida bo'lib kelyapti. Mazkur masala bo'yicha BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Aholishunoslik jamg'armasi, MDH Statistika qo'mitasi va shu kabi bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlik yo'lga qo'yilgan bo'lib, ularning taklif va tavsiyalari inobatga olinmoqda.

O'zbek tilidagi qo'llanma BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining veb saytida

Dunyo mamlakatlariga aholi va uy-joy fondini ro'yxatga olishni rejalashtirish va uni o'tkazishda yordam ko'rsatish maqsadida BMTning Evropa iqtisodiy komissiyasi, Yevropa Ittifoqining statistika xizmati va bir qator a'zo davlatlar ishtirokida tayyorlangan “Yevropa statistiklari konferensiyasining 2020-yil raundida aholi va uy-joy fondini ro'yxatga olish bo'yicha tavsiyalari” nomli qo'llanma BMT Aholishunoslik jamg'armasining texnik ko'magi asosida Davlat statistika qo'mitasi mutaxassislari tomonidan o'zbek tiliga tarjima qilindi.

Ta'kidlash joizki, bugungi kunda dunyoda 200 dan ortiq davlat mavjud bo'lib, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining rasmiy veb saytida mazkur qo'llanmaning faqat ingliz, frantsuz va rus tillaridagi talqinlari (tarjimalari) joylashtirilgan, xolos. Uning ilk marotaba o'zbek tiliga tarjima qilinishi va BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining rasmiy veb saytida joylashtirilishi yangi O'zbekistondagi islohotlarning, xususan, aholini ro'yxatga olishni o'tkazish uchun ko'rilayotgan tayyorgarlik jarayonlarining dunyo hamjamiyati va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuksak baholanayotganligi va tan olinayotganligidan dalolat beradi.

Yana bir muhim jihati, o'zbekcha qo'llanmaning BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining rasmiy veb saytida jahon tillaridagi talqinlari bilan yonma-yon turishi esa har birimizga g'urur bag'ishlab, ona tilimizning dunyodagi maqeini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu tavsiyalar mamlakatimizda aholini ro'yxatga olishni o'tkazishga tayyorgarlik jarayonlarida ishtirok etuvchilarning bilimini oshirib, tadbirning sifatli o'tkazilishida muhim rol` o'ynaydi.

 Yuqori bahoga mos hozirlik

Mamlakatimizda aholini ro'yxatga olish tadbirini o'tkazish jarayonlari xalqaro tashkilotlar tomonidan katta qiziqish bilan kuzatib borilmoqda. Joriy yilning 6 — 8-aprel kunlari ushbu tadbirga hozirlikning borishi bilan yaqindan tanishish maqsadida MDH Statistika qo'mitasi raisi Vladimir Sokolinning mamlakatimizga amaliy tashrifi ham buni tasdiqlaydi.

Tashrif davomida Davlat statistika qo'mitasi markaziy apparatida amaliy seminar tashkil etilib, unda mas'ullar hamda videokonferentsiya orqali hududiy statistika boshqarmalari vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvda xorijiy davlatlarning statistika sohasidagi tajribalari, xususan, demografiya statistikasi, aholini ro'yxatga olish tadbiri va COVID-19 pandemiyasi sharoitda uni yo'lga qo'yish tajribasi xususida fikr almashildi.

Vladimir Sokolin Yuqori Chirchiq tumanining "Qorasuv" va "Guliston" hamda Yashnobod tumanining “O'qchi” va “Olmazor” mahalla fuqarolar yig'inlarida bo'lib, joylarda sinov tariqasida aholini ro'yxatga olish tadbiriga ko'rilayotgan tayyorgarlik jarayonlarini yuksak baholadi. Ma'lumki, bu jarayon mazkur hudud bilan bir qatorda  Andijon viloyatining Xo'jaobod, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida o'tkaziladi.

Mahalliy hokimliklar huzurida tashkil etilgan aholini ro'yxatga olishni o'tkazishga ko'maklashish bo'yicha hududiy komissiyalar tomonidan tuman va shahardagi har bir mahalla fuqarolar yig'inlarida mavjud xonadonlar va unda yashovchi aholi soni to'g'risidagi ma'lumotlar shakllantirildi. Uning mazmun-mohiyati hamda kelgusida ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizga ta'siri xususida keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Ro'yxat tuzuvchilar faoliyati qay darajada muhim?

Aholini ro'yxatga olishga tayyorgarlik ko'rishning eng muhim bosqichlaridan biri bu —shahar va qishloq aholi punktlarining xaritalari joyiga chiqib o'rganish va aholi soniga aniqlik kiritgan holda,  xonadonlar ro'yxatini yangilash hisoblanadi. Bu ishlar uchun uy-joylar ro'yxatini tuzuvchilar (registratorlar) fuqarolik-huquqiy shakldagi shartnoma asosida vaqtincha ishga jalb etiladi. SHu maqsadda sinov tariqasida aholini ro'yxatga olish o'tkazilishi belgilangan hududlarda hududiy komissiyalar bilan hamkorlikda jami 175 nafar ro'yxat tuzuvchi joylardagi statistika, kadastr, uy-joy kommunal xizmatlari ko'rsatuvchi tashkilotlar hamda mahalla organlari xodimlari orasidan tanlab olinib, joriy yilning 28-30-aprel kunlari maxsus dastur asosida o'qitildi va tanlanma ravishda mahallalarga chiqqan holda amaliy ko'nikmalari oshirildi. 

O'qitish jarayonlarida BMT Aholishunoslik jamg'armasining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Y. Y. ham ishtirok etib,  registratorlarga uy-joylar ro'yxatini tuzish jarayonlarida e'tibor berilishi lozim bo'lgan muhim masalalar yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berdi.

Ular joriy yilning may oyi davomida faoliyat yuritib, o'zlariga biriktirilgan uchastkadagi uy-joylar va ularda yashovchi aholi sonini haqiqiy holat bilan birma-bir solishtirib chiqishdi. Yig'ilgan ma'lumotlar sinov tariqasida aholini ro'yxatga olishning tashkiliy rejasini tuzishda axborot manbai bo'lib xizmat qiladi. Ya'ni, ular asosida sinov tariqasida aholini ro'yxatga olish tadbiri uchun zarur bo'ladigan aholini ro'yxatga olish, instruktorlik va hisob uchastkalar hamda ularga jalb etiladigan xodimlar soni shakllantiriladi. SHuningdek, tadbirni tashkil etish uchun zarur bo'ladigan jihozlar va tovar moddiy boyliklar miqdoriga ham aniqlik kiritiladi. Bu esa o'z navbatida byudjet mablag'laridan oqilona foydalanish imkonini beradi.

Sinov tariqasida aholini ro'yxatga olish
nima uchun zarur?

Shu o'rinda tabiiy savol tug'iladi. Xo'sh, sinov tariqasida aholini ro'yxatga olish nima uchun zarur? Bu tadbir 2023-yilda umumdavlat miqyosida o'tkaziladigan aholini ro'yxatga olish tadbiriga tayyorgarlik ko'rishning asosiy bosqichi hisoblanadi. Bu jarayonda aholini ro'yxatga olishga doir me'yoriy-huquqiy hujjatlar, uslubiy qo'llanmalar, ro'yxatga olish dasturi, savolnoma, birlamchi ma'lumotlarni kiritish va qayta ishlash bo'yicha axborot tizimi amaliy sinovdan o'tkaziladi. Unda qancha ko'p respondentlar (aholi) ishtirok etsa, ko'proq kamchiliklarni aniqlash va tuzatish imkoni tug'iladi. Pirovardida mamlakatimiz miqiyosida o'tkaziladigan aholini ro'yxatga olish tadbirini sifatli va samarali o'tkazilishi ta'minlanadi.

Tadbirni sifatli va xalqaro talablarga mos ravishda o'tkazish maqsadida to'rtta hududda ham aholini ro'yxatga olish bo'limlari tashkil etildi.  Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, unga vaqtincha jalb etiladigan xodimlarning jami soni 2503 nafarni tashkil etgan holda, ularning faoliyat yuritish muddatlari 20 dan 90 kungacha bo'lgan vaqtni qamrab oladi.

Aholi qanday ro'yxatdan o'tkaziladi?

Sinov tariqasida aholini ro'yxatga olish tadbiri quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

1—5-noyabr kunlari internet tarmog'i orqali aholi ro'yxatga olinadi (bunda yaratilgan maxsus dastur orqali sinov hududida ro'yxatda turuvchi istalgan fuqaro o'zi mustaqil ravishda ro'yxatdan o'tishi mumkin bo'ladi);

6-10-noyabr kunlari internet tarmog'i orqali qayddan o'tgan respondentlar va ularning uy manzillari ro'yxati shakllantiriladi;

11-22-noyabr kunlari  ro'yxatga oluvchi xodimlar uyma-uy yurgan holda aholini ro'yxatga oladi;

23-25-noyabr kunlari har bir hisob uchastkasidagi uy-joylar manzillarining 10 foizi tanlanma ravishda nazorat kuzatuvi asosida qayta o'rganiladi.

Mazkur jarayonda agar respondent (aholi) yashab turgan xonadonida (joyida) ro'yxatdan o'tishni istamasa, statsionar uchastkaga tashrif buyurgan holda, ro'yxatdan o'tishi uchun imkoniyat yaratiladi. Ular tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar o'zlarining ruxsatisiz oshkor etilmaydi va maxfiyligi kafolatlanadi.

Shu o'rinda qiziq bir fakt. Amerika Qo'shma Shtatlarida aholini ro'yxatga olish davomida to'plangan respondentlarning (fuqarolarning) shaxsga doir ma'lumotlari 72 yil o'tgandan so'ng ommaga e'lon qilinadi. Buning muhim jihati shundaki, kelajak avlodlar o'z ajdodlari qanday yashaganliklari haqida aniq ma'lumotlarga ega bo'ladi. Mamlakatimizda ham aholini ro'yxatga olishda to'plangan shaxsga doir ma'lumotlarni ma'lum bir muddatdan so'ng e'lon qilish bo'yicha takliflari tayyorlanmoqda.

Sinov tariqasida aholini ro'yxatga olish natijalari bo'yicha ma'lumotlar tahlil qilinib, uning tashkiliy rejasi, ro'yxatga o'tkazish usullari, dasturi va savolnomalari hamda birlamchi ma'lumotlarni kiritish va qayta ishlash bo'yicha axborot tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.

Mahmudjon ZIYODULLAYEV,
Davlat statistika qo'mitasi raisi o'rinbosari,

 yuridik fanlari  bo'yicha falsafa doktori (PhD)