Yoshlar — innovatsiyalar, gʻoya va yechimlarning bitmas-tuganmas manbai. Bugungi kunda yoshlar faolligi har qachongidan ham muhim, zero, ular jamiyat taraqqiyotini harakatlantiruvchi asosiy kuchdir. Shu bois, aynan yosh avlod zimmasiga yorqin kelajak barpo etish vazifasi ishonib topshirilgan. Xalqaro hamjamiyat har qanday mamlakat taraqqiyotida sogʻlom va barkamol, tashabbuskor, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan yoshlar oʻta muhim oʻrin tutishini alohida eʼtirof etadi. Xususan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish “tinchlik, faol iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy adolat, bagʻrikenglikni taʼminlash — bularning barchasi va yana koʻp narsalar yoshlar imkoniyatlaridan foydalanish bilan bogʻliq” ekanini taʼkidlaydi. Soʻnggi yillarda birgina yoshlar masalalariga doir BMT doirasida 10 dan ortiq xalqaro hujjat qabul qilindi.
BMT Bosh Assambleyasining Jahon yoshlariga tegishli Harakat dasturida (1995-yil) yoshlar hayotini yaxshilash borasida milliy harakatlar va xalqaro qoʻllab-quvvatlashga oid siyosat asoslari hamda amaliy tavsiyalar belgilandi. Harakat dasturi yoshlar bilan bogʻliq oʻn beshta ustuvor yoʻnalishni qamrab olgan boʻlib, ularning har biri amaliy harakatlar boʻyicha aniq takliflarni oʻz ichiga olgan.
BMT Xavfsizlik kengashining yoshlar, tinchlik va xavfsizlik boʻyicha qabul qilingan qarorida (2015-yil) mojaro va ziddiyatlarning oldini olish va hal etish, shuningdek, tinchlikni taʼminlashda yoshlarning oʻrni alohida eʼtirof etilgan.
Yoshlar siyosati va dasturlari haqidagi “Lissabon+21” deklaratsiyasida (2019-yil) yoshlar huquqlarini himoya qilish, qoʻllab-quvvatlash va amalga oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Deklaratsiyada yoshlar qatlamiga kiruvchi xotin-qizlarga, qishloq yoshlari, nogironlar, migrantlar, zaif, himoyasiz yoki boshqa har qanday asosda kamsitishga duch kelgan guruhlarga tegishli marginal avlodga alohida eʼtibor bergan holda, ularning oʻziga xos ehtiyojlarini taʼminlash muhimligi taʼkidlanadi.
BMTning 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibida yoshlar farovonligini taʼminlash, jamiyat hayotidagi ishtiroki va imkoniyatlarini kengaytirish barqaror rivojlanish va dunyoda tinchlikni taʼminlashning oʻta muhim omillari ekani eʼlon qilindi. Shu sababli, Barqaror rivojlanishning barcha —17 maqsadida va ularga erishish yoʻlidagi 169 maqsadda yoshlar anfaatlarini taʼminlash masalalariga alohida oʻrin berilgan. Shu bilan bir qatorda, yoshlar muammolari bandlikni taʼminlash, oʻspirin qizlar holatini yaxshilash, tinchlik yoʻlida taʼlim va sport kabi toʻrt yoʻnalishda belgilangan. Bundan tashqari, yoshlar barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish jarayonlarida maʼlumotlarni yigʻish, ulardan foydalanish, mahalliy hamda milliy tashabbuslarni ilgari surish, monitoring qilish va hisobdor boʻlish, shuningdek, evolyutsion taraqqiyot toʻgʻrisida maʼlumot tayyorlash orqali bevosita ishtirok etadi.
Jahon yoshlarining talab-ehtiyojlarini qondirish, salohiyatini mustahkamlash va huquqlarini toʻlaqonli taʼminlash uchun BMTning “Yoshlar 2030” yoshlar strategiyasi qabul qilingan. Hujjatda “yoshlar sarmoya kiritilishi lozim boʻlgan oʻta qimmatli va nihoyatda muhim manba hisoblanadi, zero, kiritilgan sarmoyalar koʻp marotaba oʻzini oqlay oladi”, deb taʼkidlangan. Yosh avlod huquq erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish va amalga oshirish masalalari COVID-19 pandemiyasi sharoitida xalqaro hamjamiyatning alohida diqqat markazida boʻldi. Koronavirus infeksiyasi yoshlar hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatdi, ularni tibbiy xizmatdan foydalanish, munosib ish topish, oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish, ijtimoiy yakkalanish, jamiyat hayotidan uzoqlashish bilan bogʻliq yangi muammolarga moslashishga majbur qildi.
Xalqaro mehnat tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, pandemiya davrida maktablar, oliy oʻquv yurtlari va kasb-hunarga oʻqitish markazlari yopilishi sababli oʻqiyotgan yoki taʼlim olishni ish bilan birga olib borayotgan yoshlarning 70 foizdan ortigʻi maʼnaviy va moddiy yoʻqotishlarga duch keldi. Hozirda yoshlar duch keladigan muammolar shu darajada koʻp qirraliki, ularni ijobiy yechishda davlatlar va xalqaro hamjamiyatdan har tomonlama qatʼiy harakatlar talab etilmoqda.
2020-yil aprel oyida BMT COVID-19 inqi roziga qarshi zudlik bilan ijtimoiy-iqtisodiy choralar koʻrishga oid umumlashgan Dasturni eʼlon qildi. Ushbu Dasturda yoshlarning salomatlik boʻyicha mustaqil qaror qabul qilishi, sogʻlom turmush tarzi targʻiboti va pandemiyaga qarshi kurash yoʻlida yoshlar tashkilotlari, jamoat guruhlari rolini oshirish, sogʻliqni saqlashga oid ishonchli maʼlumotlarni tarqatishda masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishi borasida salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Internet va ijtimoiy tarmoqlar taraqqiy etgan davrda yoshlar ovozi eshitilishini taʼminlash muhimligi taʼkidlangan.
Bugungi kunda tashabbuskor yoshlar pandemiya muammosi yechimiga innovatsion yondashuv va ijtimoiy taʼsir orqali javob bermoqda. Dunyoda yosh koʻngillilar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashda, ijtimoiy tashabbuslarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.
Qayd etish lozimki, bunday sharoitda xalqaro tashkilotlar faoliyatida “yoshlar oʻlchovi” omili muttasil ravishda rivojlanib borishi kerak. Yosh avlod vakillari oʻz talab-ehtiyojlarini qondiradigan, huquqlarini himoya qiladigan, oʻzlari duch keladigan muammolar yechimini taʼminlay oladigan keng qamrovli strategiya va dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish huquqiga ega boʻlishi lozim.
Shu oʻrinda, Oʻzbekistonning bu sohadagi tajribasi xalqaro hamjamiyat uchun qiziqish uygʻotmoqda va u dunyoda keng oʻrganilmoqda. Xususan, shu masala yaqinda BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining Yoshlar forumi, Jenevada Yoshlar va inson huquqlari boʻyicha xalqaro seminar davomida koʻrib chiqildi.
Yoshlar siyosatini takomillashtirishning yangi bosqichi
Bugun Oʻzbekiston muhim deografik chegarada turibdi. 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar aholining 60 foizini tashkil qiladi. Buni respublika uchun oʻziga xos qimmatbaho “demografik dividend”, deb atashimiz mumkin. Keyingi yigirma yil ichida bugungi bolalar va yoshlar Oʻzbekiston tarixidagi eng katta ishchi kuchiga aylanadi. Demakki, yoshlarni rivojlantirishga sarmoya toʻgʻri sarflansa, aynan shu yigit-qizlar Oʻzbekistonni yangi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasiga olib chiqadigan avlod boʻlib shakllanadi. Xalqaro eʼtiroflarga koʻra, yangi Oʻzbekiston yoshlari jamiyatni oʻzgartirishning faol subyekti va odernizatsiya jarayonlari uchun muhim manba, shuningdek, iqtisodiy oʻsish, avlodlar arovonligini taʼminlash yoʻlida bebaho inson resursidir. Bugun mamlakatda yoshlarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini taʼminlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi va bu doimo diqqat markazida. Birgina soʻnggi ikki yil ichida sohaga oid uchta qonun, Prezidentning oʻnlab farmonlari, qarorlari va hukumat hujjatlari qabul qilindi. Shu muhim hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha juda koʻp ezgu ishlar amalga oshirildi. Yoshlar ishlari agentligi va Bosh vazir raisligida yoshlar masalalari boʻyicha idoralararo kengash ish boshladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya tuzildi, Oliy Majlis palatalari qoshida Yoshlar parlamentlari faoliyat yuritmoqda. Oʻzbekistonda 30-iyun — Yoshlar kuni, deb eʼlon qilindi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi va 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida” amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturi, shuningdek, Prezidentimizning beshta muhim tashabbusi doirasida qator muhim vazifalar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” qabul qilindi. Konsepsiyada hal etishga qaratilgan asosiy vazifalar qatoridan jismonan sogʻlom, maʼnan rivojlangan yigit-qizlarni tarbiyalash, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatlarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish, huquq va erkinliklari, manfaatlarini himoya qilish, yoshlarni mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik, ijtimoiy, huquqiy, iqtisodiy islohotlarga faol jalb etish masalalari oʻrin olgan.
Yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholashning yagona mezonlari, yoshlar siyosatini baholashning milliy koʻrsatkichi ishlab chiqilmoqda. Shu bilan birga, eng muhim vazifani hal qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda: bu — yoshlar bandligini taʼminlash, munosib daromad olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “tadbirkorlik, ayniqsa, kichik va oʻrta biznes, ushbu yoʻnalishdagi eng katta imkoniyat va manbaimiz”, deb hisoblaydi. Shu bois, mamlakatda “Yoshlar daftari”ni joriy etish amaliyoti boshlandi. Bugungi kunda mazkur daftarga 648 ming ishsiz yosh kiritilgan.
Ulardan 283 ming nafari faqat 2021-yilning birinchi choragida ish bilan taʼminlandi. Yaqinda davlatimiz rahbari yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash va yoshlarni ish bilan taʼminlashning yangi mexanizmlarini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlarni sezilarli darajada kengaytiradigan bir qator yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Joriy yilda ham ishsizlar, ham tadbirkorlikni endi boshlaganlarga, shuningdek, ish beruvchi tashkilotlarga bir qator imtiyozlar eʼlon qilindi. Jumladan, 1-maydan boshlab korxona va kompaniyalarga yoshlarni ishga qabul qilishda ularga ushbu xodimlar uchun toʻlangan ijtimoiy soliq qaytarib beriladi. Bundan tashqari, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan beshdan ortiq ishsizni ish bilan taʼminlagan tadbirkorlar davlat mulkini ijaraga olishda 50 foizgacha chegirmaga ega boʻladi, binoni ijaraga olgan va oʻz biznesini boshlagan yoshlarga yillik ijara toʻlovlarining 30 foizigacha qoplanadi va hokazo. Qolaversa, 1-iyundan boshlab “Yoshlar daftari”ga kiritilgan talabalar korxona va kompaniyalarda amaliyot oʻtash uchun 500 ming soʻmgacha boʻlgan subsidiya olishi mumkin. “Yoshlar daftari” aʼzolarining nodavlat taʼlim muassasalarida chet tillari va umumiy taʼlim fanlarini oʻrganish maqsadida sarflagan xarajatlarining bir qismi uchun tovon puli ham belgilanadi.
Endilikda 1-iyuldan boshlab yangi ishga qabul qilingan ishchilarni qayta tayyorlash uchun xususiy korxonalarga 1 million soʻmgacha subsidiyalar beriladi. Bundan tashqari, birinchi marta ishga qabul qilingan kasb-hunar taʼlimi markazlari bitiruvchilari olti oygacha daromad soligʻidan ozod qilinadi. Kasb-hunar bilim yurtlari va texnik maktablarda yoshlarni oʻqitish uchun toʻlanadigan shartnoma miqdori daromad soligʻi dan ozod etiladi.
Ishsiz yoshlarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka oʻrgatish maqsadida “1 + 1” dasturi keng miqyosda amalga oshirilmoqda. Bunda 100 ming yoshni oʻqitish, ularga keyinchalik imtiyozli kreditlar berish nazarda tutiladi. Taʼkidlash joizki, 2021-yilning atigi uch oyi davomida mamlakat boʻylab 21 mingdan ortiq yoshlar turli sohalardagi tadbirkorlikka oʻqitildi.
Yoshlarni ish bilan taʼminlashga yordam beradigan yana bir muhim soha — bu qishloq xoʻjaligi. Bugungi kunda 175 ming yoshga 45 ming gektar yer maydoni ajratilgan. Ularning har biri qishloq oʻjaligi ishlari bilan shugʻullanishi uchun yer uchastkasini oldi. “Yoshlar daftari” ishtirokchilarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida urugʻlar va koʻchatlar sotib olish uchun 2 million soʻmgacha subsidiyalar ajratiladi.
Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun qoʻshimcha ravishda 36 ming ijodiy toʻgarak tashkil etildi, ularga 874 mingga yaqin oʻgʻil-qiz jalb qilingan. Hozirda birgina “Barkamol avlod” bolalar markazlari 175 ming bolani qamrab olgan. Ushbu muassasalarning imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish, filiallarini har bir maktabda tashkil etish orqali yoshlar qamrovini kengaytirish vazifasi amalga oshirilmoqda. Yoshlarni sport, madaniyat va sanʼatga jalb qilish, turli festival, musobaqalarni oʻtkazish, nufuzli xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Oʻzbekistonning xalqaro tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanmoqda
Yoshlik — bu joʻshqinlik, eng sermahsul ijodkorlik davri. Shu bilan birga, ushbu davrda oʻgʻil va qizlar nisbatan zaif boʻlib, qoʻllab-quvvatlashga, kattalar diqqat-eʼtiboriga muhtoj. Xalqaro miqyosda yoshlar muammolariga eʼtibor qaratish zaruratiga ham shu omillar sababdir. Buyuk nemis faylasufi Gyote shunday degan: “Garchi butun dunyo olgʻa harakat qilayotgan boʻlsa ham, yoshlar bu jarayonni har safar yangidan boshlashi kerak”. BMT doirasida va ushbu tashkilotdan tashqarida ham yoshlar huquqlarini taʼminlash masalasi tobora koʻproq muhokama markazida boʻlib kelmoqda va global rivojlanish davrida ushbu masalada bir necha qadam oldinga tashlash taqozo etilmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalasi bugungi va ertangi kun yoshlari bilan bevosita bogʻliq hamda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar huquqlarini yana-da keng taʼminlash va himoya qilish boʻyicha tashabbuslari keng qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Masalan, Oʻzbekiston tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Yoshlar huquqlari oʻgʻrisidagi konvensiyani qabul qilish toʻgʻrisida ilgari surilgan tashabbus nafaqat mamlakatimiz fuqarolari, balki jahonning ikki milliarddan ortiq yoshlari huquqlarini himoya qilish uchun ham katta ahamiyatga molikdir. Ushbu tashabbus xalqaro hamjamiyat tomonidan tobora koʻproq qoʻllab-quvvatlanmoqda. Yoshlar huquqlari boʻyicha Doʻstlar guruhi tashkil etildi. Uning asosiy vazifasi yoshlar siyosati sohasidagi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash va yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro huquqiy hujjatni ishlab chiqishga qaratilgan harakatlarni ragʻbatlantirishdan iborat.
2020-yil avgust oyida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yoshlar huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan va yosh avlod hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikni mustahkamlashda muhim rol oʻynaydigan Samarqand veb-forumi boʻlib oʻtdi.
Forumda Oʻzbekiston tomonidan tayyorlangan Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiya loyihasi muhokama qilindi, BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida taqdim etilgan “Yoshlar — 2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari”, deb nomlangan Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi. Ushbu rezolyutsiya A/74/998 raqami ostida BMTning rasmiy hujjatlari tizimiga joylashtirilgan. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining doimiy Kengashida Samarqand rezolyutsiyasi YEXHTning rasmiy hujjati sifatida tarqatildi, shuningdek, bu hujjat Islom hamkorlik tashkiloti aʼzo davlatlariga yuborilib, MDHning rasmiy veb-saytida eʼlon qilindi.
Mamlakatimizning yoshlar huquqlarini himoya qilish tamoyiliga boʻlgan sodiqligi Prezidentimizning BMT Inson huquqlari boʻyicha Kengashi 46-sessiyasidagi nutqida ham tasdiqlangan boʻlib, unda yoshlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha qator tashabbuslar ilgari surilgan.
Jumladan, Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani qabul qilish va yoshlar huquqlari boʻyicha maxsus maʼruzachini, BMT homiyligida yoshlar huquqlari boʻyicha Butunjahon konferensiyasini taʼsis etish hamda bu konferensiyani Oʻzbekiston hukumati tomonidan BMT Bosh kotibining Yoshlar boʻyicha maxsus vakili, BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari idorasi koʻmagida va boshqa xalqaro, yoshlar tashkilotlari hamkorligida joriy yilning avgust oyida oʻtkazish rejalashtirilgan. Ushbu konferensiya yoshlarning huquqlarini himoya qilish, ragʻbatlantirish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha fikr almashish va xal qaro mintaqaviy hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha takliflar tayyorlash imkonini beradi.
Yoshlar siyosati sohasida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilar ekanmiz, yangi Oʻzbekistonda davlat idoralari, jamoat birlashmalari va yoshlar oʻrtasidagi munosabatlar sifatini yaxshilash uchun juda koʻp ezgu harakatlar amalga oshirilayotganini taʼkidlashni adolatdan, deb bilamiz. Yoshlar mamlakatning barcha muhim tarmoqlariga jalb qilingan, vazirlik va idoralarda lavozimlarni egallab turibdi.
Yoshlar bilan ishlash boʻyicha alohida tashkilotlar ham shakllanmoqda. Yoshlarni oʻqitish va har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish uchun sharoitlar yaratilmoqda. Ushbu saʼy-harakatlarning barchasi oʻz samarasini berishiga ishonchimiz komil. Zero, Oʻzbekiston — yoshlar mamlakati! Vatanimizning yana-da gullab-yashnashi uchun aynan yoshlarimiz javobgardir”.
Akmal Saidov,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari.









