AKT sohasida kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimi yoʻlga qoʻyildi

    Ta'lim 8 Yanvar 2022 1289

    Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

    Ushbu tizim orqali maktab yoshidan boshlab oʻquvchilarni ushbu sohaga jalb qilish hamda ularning qiziqishlarini qoʻllab quvvatlab kelinyapti.

    2020-yilda 14 ta tayanch AyTi-maktablar ochilgan boʻlsa, 2021 oʻquv yilidan yana 86 maktablar oʻz faoliyatini boshladi. Ularda axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib oʻqitish uchun barcha zaruriy sharoitlar, moddiy-texnik baza bilan taʼminlandi.

    Ushbu maktablarga Davlat test markazi bilan hamkorlikda oʻquvchilar 5-sinfdan imtihonlar asosida saralab olindi. Bugungi kunda ularda 4 mingdan ortiq oʻquvchilar tahsil olmoqda.

    2023-yilda esa, ularning soni 205 taga yetkazilib, 30 mingdan ziyod oʻquvchilar raqamli texnologiyalarga chuqurlashgan holda oʻqitiladi.

    Shuningdek, 205 ta raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari orqali tinglovchilar kompyuter savodxonligi, dasturlash asoslari, robototexnika, veb va mobil ilovalar yaratish, raqamli tadbirkorlik asoslari va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha oʻqitiladi.

    Bundan tashqari, respublikaning 14 ta hududida “AyTi” texnikumlar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularda dasturiy injiniring, kompyuter injiniring, axborot xavfsizligi, telekommunikatsiya texnologiyalari kabi yoʻnalishlar boʻyicha 8 ming nafarga yaqin oʻquvchilar oʻqitilyapti.

    Mazkur texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilari oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy taʼlim muassasalarida 2-kursdan oʻqishini davom ettirish huquqiga ega boʻladi.

    Bundan tashqari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning 6 ta hududiy (Nukus, Urganch, Qarshi, Samarqand, Fargʻona, Nurafshon) filiallarida malakali oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlab kelinyapti.

    Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 15 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi hamda 33 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan.

    Shuningdek, filiallarda 5 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi hamda 3 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan.

    Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallarida bugungi kunda 1 000 nafarga yaqin professor-oʻqituvchilar faoliyat yuritib, ularda jami 21 mingdan ortiq talabalar tahsil olyapti.

    Raqamli texnologiyalarning rivojlanish tendensiyasidan kelib chiqib, joriy oʻquv yilda ushbu universitetda sunʼiy intellekt, mexatronika va robototexnika, kiberxavfsizlik injiniringi kabi jami 10 dan ortiq yangi yoʻnalishlar tashkil qilindi.

    Shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari qoshidagi 6 ta akademik litseylarning “Aniq fan-1(texnika)” va “Aniq fan-2 (iqtisod)” yoʻnalishlarida bugungi kunda 3 minga yaqin oʻquvchilar tahsil oladi.

    Shu bilan bir qatorda, “AyTi” soha uchun xorijiy oliy taʼlim muassasalari tomonidan ham kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan.

    Toshkent shahridagi Inxa universitetida 2 ta (Kompyuter va dasturiy injiniring, Logistika) bakalavriat taʼlim yoʻnalishi hamda 1 ta (Raqamli transformatsiya) magistratura mutaxassisligida jami 1 709 nafar talaba tahsil oladi. Shu bilan birga ushbu talabalarga 36 nafar professor-oʻqituvchilar taʼlim beradi.

    Toshkent shahridagi Amiti universitetida 5 ta (Iqtisodiyot, Turizm boshqaruvi, Biznes boshqaruvi, Axborot texnologiyalari, Kompyuter fanlari va injiniringi) bakalavriat taʼlim yoʻnalishi hamda 1 ta (Axborot texnologiyalari) magistratura mutaxassisligida jami 1 000 nafarga yaqin talaba tahsil oladi. Shu bilan birga ushbu talabalarga 23 nafar professor-oʻqituvchilar taʼlim beradi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.