Alisher Usmonqulov: Konstitutsiya — eng muhim huquqiy poydevor

    Shu o'rinda, referendumga xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki qay darajada muhim edi, degan savol tug'iladi.

    Joriy yilning 30-aprel sanasi yurtimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqea bilan tarixga muhrlandi. SHu kuni yurtdoshlarimiz “O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to'g'risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo'yicha o'tkazilgan referendumda faol ishtirok etib, daxldorlik hissi bilan ovoz berganiga guvoh bo'ldik. Ovoz beruvchilarning 84,51 foizi referendumda ishtirok etgani fuqarolarimizning ushbu jarayonga befarq bo'lmaganini ko'rsatdi. Ularning 90,21 foizi “Ha”, deb ovoz bergani esa Asosiy qonunimiz chinakamiga “Xalq Konstitutsiyasi” bo'lganini anglatadi.

    Jarayonlarning eng boshidan xalq fikri, xohish-istagiga tayanilgani katta ahamiyatga ega. Konstitutsiyaga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish ishlari etarlicha muddat davom etgan bo'lsa, shu vaqt ichida yurtdoshlarimiz bu jarayonga befarq bo'lmadi, o'z faolligini namoyon etdi. Fuqarolar loyiha bo'yicha o'z munosabati, fikr va takliflarini berishi uchun keng maydon yaratildi. Takliflarning birortasi o'tkazib yuborilmadi. Har biri bo'yicha munosabat bildirilib, ma'qul ko'rilganlari qonun loyihasidan o'rin oldi.

    Raqamlarga murojaat etadigan bo'lsak, umumxalq muhokamalarida 220 mingdan ziyod taklif kelib tushgan bo'lsa, ularning har to'rttasidan bittasi loyihadan joy olib, Konstitutsiya 65 foizga yangilandi.

    Nihoyat, referendum sanasi kelib, xorij davlatlari, xalqaro ekspertlar ham jarayonni kuzatib bordi. Aytish lozimki, mamlakatimizda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta'minlash borasidagi ishlar kengayib bormoqda. Buni referendum o'tkazish chog'ida ham ko'rdik, hatto, ushbu jihat xalqaro kuzatuvchilar tomonidan e'tirof etildi.

    Birgina Jizzax shahri misolida oladigan bo'lsak, referendum uchastkalarida kechayotgan jarayonlar bilan tanishish asnosida tojikistonlik xalqaro kuzatuvchilar Viktor Kim va Rustam Haydarov yaratilgan sharoitlarni yuksak baholadi. Ular rivojlanishni maqsad qilgan har qanday mamlakat insonlarning erkin va farovon hayotini kafolatlaydigan Konstitutsiyani qabul qilishi lozimligi, O'zbekiston bu yo'lda dadil qadam tashlayotganini e'tirof etdi.

    Shu o'rinda referendumga xalqaro kuzatuvchilarning kelishi qay darajada muhim, degan savol tug'iladi. 1857-yildan buyon turli mamlakatlarda bo'lib o'tadigan siyosiy tadbirlarda xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etishi odatiy holga aylangan. Referendum yoki saylov davomida xorijlik kuzatuvchilar tomonidan siyosiy tadbirga xolis baho beriladi, yo'l qo'yilayotgan xato va kamchiliklar aytilib, jarayon yakuni bo'yicha xulosa va takliflar taqdim etiladi. Ular kelgusi siyosiy tadbirlarni amalga oshirishda muhim hisoblanadi.

    Shuningdek, xalqaro kuzatuvchilarning fikrlari referendumning qonuniyligi xalqaro miqyosda tan olinishiga va davlatning imijiga ta'sir etadi. Bugungi kunda siyosiy jarayonlarni kuzatish va monitoring yuritish bo'yicha BMT, EXHT, MDH, SHHT, Evropa Ittifoqi, Turkiy davlatlar tashkiloti, MDH Parlamentlararo Assambleyasi kabi ko'plab xorijiy institutlar mavjud.

    Yurtimizda tashkil etilgan referendum esa dunyo talablari asosida o'tkazilganini xorijlik kuzatuvchilar ham tasdiqladi. Bu katta va mas'uliyatli jarayon, xalq ovozining ifodasi ekanini har birimiz his etib turibmiz. Fuqarolar o'z kelajagi, yanada farovon hayoti uchun ovoz berdi. Zero, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada dolzarb masalalalar, muammolarga aniq yechimlar kiritilgan. Ulardan biri aholi bandligi va bunda gender tenglikni ta'minlash bilan bog'liq.

    Tan olishimiz kerak, bugungacha xotin-qizlarni ayrim tashkilotlarga ishga qabul qilishda “yozilmagan qoidalar” to'sqinlik qilar edi. endilikda, bunday holatlarga chek qo'yiladi. Jumladan, Konstitutsiyaning 42-moddasida: “Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to'lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo'lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega. Mehnatga haq to'lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta'minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi. Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo'shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi”, deb belgilab qo'yildi. Bu jamiyatimizda ayollar va erkaklar teng huquqliligi, har bir shaxs eng kam ish haqi olganda ham munosib hayot kechirishi va, eng asosiysi, mehnat sharoiti talab darajasida bo'lgan holatda ishlashini ta'minlashi shubhasiz.

    43-moddada esa “Davlat fuqarolarning bandligini ta'minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag'allikni qisqartirish choralarini ko'radi. Davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etadi hamda rag'batlantiradi”, deyilgan. Bu ham aholining ijtimoiy himoyasi yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

    Nimalar kutilyapti?

    Oliy ta'lim sohasida faoliyat yuritganim bois, mamlakatimizda ushbu yo'nalishda amalga oshirilayogan hech bir islohot meni befarq qoldirmaydi. Shuning uchun Konstitutsiyadagi ta'lim, ilm-fan yo'nalishi, mehnat munosabatlariga doir o'zgartishlardan, ayniqsa, quvondim. Ular jamoatchilik uchun ham kutilgan yangiliklardan bo'ldi.

    Davlatimiz rahbarining “Hammamizga ayonki, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta'lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug' istiqboli, birinchi navbatda, ta'lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog'liq”, degan ta'kidi bugungi zamonaviy hayotni ilm-ma'rifat va ta'limning taraqqiyotisiz tasavvur etib bo'lmasligini yaqqol namoyon etadi. Zero, dunyoning eng yetakchi davlatlari ham mamlakatning kelgusi ravnaqiga ta'limni rivojlantirish orqaligina erishish mumkinligini inkor etmayapti.

    Bugun yurtimizda istiqbolli ta'lim texnologiyalari, yangi axborot-kommunikatsiya vositalari, innovatsion pedagogik echimlar va ijtimoiy texnologiyalardan keng foydalanish talabi ortmoqda. O'z navbatida, oliy ta'lim muassasasalariga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, qo'yilayotgan talablar ham ko'payib boryapti. CHunki ta'lim sifatini oshirish, raqamli texnologiyalar va ta'lim platformalarini joriy etish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, innovatsion tuzilmalarni shakllantirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish kabi yo'nalishlarda ish olib borish ta'lim jarayonini yangi sifat bosqichiga ko'tarish uchun xizmat qiladi. Ushbu jarayonda esa ta'lim olish, o'qituvchi nufuzi, ilm-fan, badiiy ijod erkinligining ta'minlanishi maqsadga muvofiqdir.

    Oliy ta'lim muassasalari haqida gap ketganda, Prezidentimizning “Davlat oliy ta'lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga to'xtalmaslikning imkoni yo'q. Boisi, qarorga ko'ra, 2022-yil 1-yanvardan boshlab 35 yetakchi davlat oliy ta'lim muassasasiga moliyaviy mustaqillik berildi. Bu mamlakatimiz ta'lim tizimida kutilmagan yangilik bo'ldi. YAngi Konstitutsiyaning 51-moddasida ham oliy ta'lim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, o'zini o'zi boshqarish, tadqiqotlar o'tkazish va o'qitish erkinligi huquqiga egaligi alohida ta'kidlangan. Bu jihat kelgusida oliy ta'lim ravnaqini ta'minlash, fuqarolarning oliy ma'lumot olishga imkoniyati kengayishining yorqin namunasidir.

    Shuningdek, 52-moddada “O'zbekiston Respublikasida o'qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog'lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma'naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e'tirof etiladi. Davlat o'qituvchilarning sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o'sishi to'g'risida g'amxo'rlik qiladi”, deya mustahkamlanishi jamiyatimizda ham sharafli, ham mashaqqatli kasb egalarining mehnatiga munosib baho berilishining yorqin isboti, desam mubolag'a bo'lmas.

    Haqiqat achchiq bo'ladi deganlaridek, so'nggi vaqtlarda o'qituvchilarga nisbatan qo'pol muomalada bo'lish, ularga jismoniy shikast yetkazish holatlari kuzatilayotgan edi. Bu esa o'sib kelayotgan yosh avlod ongida salbiy dunyoqarashning shakllanishiga, ilk saboqlarni o'rgatgan ustozga nisbatan bepisandlik bilan qarashga tutrki bo'layotgani ham bor gap. Endilikda, Bosh qonunimizda o'qituvchilar alohida e'tirof etilgani jamiyatimizda bu kabi noxush holatlarning oldini oladi.

    Ushbu moddalarning kiritilishi, o'z navbatida, har bir ta'lim sohasi xodimi – pedagoglarga faxr-iftixor bag'ishladi. Chunki ustozlar huquq sohasi vakili bo'lmagan, lekin oliy qonunda alohida tilga olingan yagona kasb egalariga aylandi.

    Yana bir masala – mualliflik huquqini himoya qilish. Ayniqsa, ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar rivojlanib borayotgan hozirgi davrda bu yanada dolzarblashib bormoqda. Masalan, Jizzax politexnika instituti professor-o'qituvchilari va iqtidorli talabalari tomonidan ko'plab texnik ishlanmalar, ixtirolar yaratilgan. Ularning ayrimlari amaliyotga tatbiq etilib, patent olingan, mualliflik huquqi berilgan. Ammo amalda bu borada ko'plab muammolar yuzaga kelib turadi. Ayniqsa, oxirgi yillarda jamiyatimizda mualliflik huquqlarining buzilishi holatlari ko'paygani ham aniq echimlarni taqozo etayotgandi.

    Gap shundaki, avvallari texnikaning murakkabligi, jarayonning mashaqqatliligi hamda olingan nusxaning tannarxi ancha qimmatga tushishi tufayli mualliflar va qonuniy ishlab chiqaruvchilar huquqlarining buzilishi deyarli kuzatilmas edi. Bugunga kelib esa zamonaviy texnologiyalarning rivojlanishi ma'lumotlarni ko'paytirish va tarqatish jarayonini o'ta oson va arzon ishga aylantirib qo'ydi. Garchand, “Mualliflik va turdosh huquqlar to'g'risida”gi qonunda ushbu noqonuniy xatti-harakatlarga ta'rif berilib, jazo qo'llanilgan bo'lsada, sohada kamchiliklar hamon mavjud edi.

    Konstitutsiyamizning 53-moddasida intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinishi mustahkamlangani esa, turgan gapki, ushbu kamchiliklarni bartaraf etadi. Shuningdek, davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida g'amxo'rlik qilishi ham alohida ta'kidlangan. Demak, yangi normalar barcha sohalarni taraqqiy ettirishga xizmat qiladi.

    Bir so'z bilan aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiya jamiyatimiz hayotining barcha yo'nalishlarini kompleks tartibga solish hamda mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yo'lida eng muhim huquqiy poydevor bo'lishi barobarida, jamiyatni taraqqiy ettirishga, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to'laqonli ta'minlanishiga xizmat qiladi.

    Uning ishlab chiqilib, qabul qilinishida yoshlarning faol ishtirok etgani esa kishini yanada quvontiradi. Bugun bu yoshlar mamlakat taqdiriga daxldorlik hissini tuygan ekan, kelajakda O'zbekiston rivojiga munosib hissa qo'shadi.

    Alisher USMONQULOV,

    Jizzax politexnika instituti rektori,

    texnika fanlari doktori, professor

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 06.05.23-y, 88-sonida chop etilgan)