Ular farzandlariga bolalik chogʻlarida kurash, oʻq-yoy otish, chavandozlik singari jangovar oʻyinlarni muntazam oʻrgatib kelgan. Yunon tarixchisi Gerodot xorazmiylar bilan yonma-yon yashagan saklar qabilasidagi mohir merganlar xususida bunday deb yozadi: “Saklar dunyodagi barcha merganlar orasida oʻqni zoye ketkazmaydigan juda usta merganlar sifatida shuhrat qozongan edi”.

Saklar va xorazmliklarning ayollari ham harbiy yurishlar va janglarda qatnashar, mardlik va matonatda erkak jangchilardan qolishmas edi. Faylasuf Kliment Aleksandriyskiyning saklar qabilasi ayollari haqidagi ushbu taʼrifi esa bugungi oʻzbek xotin-qizlarida shakllangan madaniy kodlarning oʻqildiz bilan aloqa oʻrnatganini yana bir karra isbotlaydi: “Sak ayollari ayyorlik bilan qochayotib, ot ustida xuddi erkaklarday orqaga burilib oʻq uzar edi”.

Xalqimiz butun hayoti davomida ezgulikka intilgan. Bu intilishlar “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli” kabi xalq ogʻzaki ijodi namunalari orqali ham avloddan avlodga oʻtib kelgan. Ular shu sababli odamlar ruhiyatining yashirin jihatlarini oʻrgana boshlagan: sogʻliq va kasallik toʻgʻrisidagi umumiy bogʻliqlik, tana bilan ruhning aloqadorligini tadqiq etgan. Oʻsha davrda inson asab tizimi va miyasining vazifalari haqida nomaʼlum boʻlgan jihatlarni oʻrganishga qiziqish orta borgan.

Temur saroyiga kelgan ispan sayyohi Rui Gonsales de Klavixo egniga yengsiz kalta kamzulga oʻxshatib tikilgan charm libos kiyib olgan ikki polvon tik turib kurashishi, bir-birini yiqitishga astoydil harakat qilishi, nihoyat ulardan biri ustun chiqib, raqibini yerga agʻdargach, ancha vaqtgacha uning turib ketishiga yoʻl qoʻymay bosib yotishi, agar yiqilgan polvon oʻrnidan turib ketsa, yiqilgan hisoblanmasligini esdaliklarida gʻoyat qiziqarli bayon qilgan.

Bugun xalqimizning hayotidan mustahkam oʻrin olgan, milliy madaniy kod sifatida qayta boʻy koʻrsatayotgan jismoniy madaniyat hamda sport oʻtmishning turli voqealari boʻronida, dushmanlarning koʻplab moddiy-madaniy boyliklarni yakson etuvchi oʻzaro urushlari va qirgʻinlarida, mehnatkashlarning ajnabiylar zulmiga va mahalliy amaldorlarga qarshi kurashlarida obdan toblangan. Hukmdorlarning biri kelib, ikkinchisi ketgan. Xalqning Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Boburga oʻxshagan sara farzandlarigina oʻtmish anʼanalarini davom ettirib, harbiy sanʼat va jismoniy madaniyat merosi uchun qaygʻurgan.

Oʻzbekistonda soʻnggi toʻqqiz yildan buyon qayta taraqqiy topayotgan kurash, chavandozlik, merganlik kabi sport oʻyinlarining tadrijiy rivojini mazkur shaxslarning poʻrtanali davridan ajratib oʻrganib boʻlmaydi.

Shu bois, dastlab ulkan tananing mutlaqo begona aʼzosi sifatida qaralgan futbol oʻyini azaldan qonimizda oqqan raqobat, kuch sinashish va sharaf hissiga oson ulanib ketdi. Kurashda zaminning quvvatini his qilish holati, chavandozlikda esa ot bilan bir butun boʻlish qobiliyati futbolga tez moslashish imkonini berdi. Tezlik, toʻqnashuvlar, gʻalabaga intilish va tomosha uchun oʻynash ruhi biz uchun yot emas edi. Xalq hali oʻz tabiiy ijtimoiy oqimida yashar, odamlar isteʼdodini namoyon etishdan tortinmasdi.

Keyingi davrda esa ildizdan uzilish yuz berdi. Mustamlakachilik siyosati ijtimoiy ong oqimini oʻzgartirib yubordi. Faollik qora mehnatga, tashabbus ehtiyotkorlikka, ochiq raqobat qoʻrquvga almashdi. Suv keladigan oʻzanimiz yopildi. Katta daraxtning aybi — soyasining kattaligida deya qadim tariximiz soyasida qolib ketayotgan edik.

Soʻnggi yillarda esa temir qopqalar ochildi. Yoshlarimiz sportdagi imijini anglash, oʻz oʻyin falsafasini topish bosqichiga kirdi.

Oʻzbekiston — futbolni rivojlantirishda strategik hamkor

Bugungi oʻzbek futboli falsafasi natijadan qoʻrqmaydigan, toza mehnat va turkiy quvvatga tayangan yoshlar hisobiga oʻz maʼno qatlamlarini mustahkamlab bormoqda. Ayni damda xorij klublarida oʻynayotgan oʻzbek futbolchilarining umumiy xarakteri deyarli bir nuqtada tutashadi: jismonan baquvvat, sabrli, irodali, ortiqcha shikoyat qilmaydi, oʻsishni istaydi, gaplaridan koʻra sukuti koʻp narsani hal qiladi.

Abduqodir Husanov bu jarayonning eng yorqin misoli. Ingliz muxlislari yoqtirishining sababi uning faqat yaxshi oʻyinchi ekanida emas, balki maydondagi xatti-harakatlarining oʻziga xosligida. Unda keraksiz fintlar yoʻq, hissiyotga kamdan-kam beriladi, har bir harakati mukammallikka yaqin: aniq, sodda va oʻz vaqtida. Angliya futbol madaniyatida bunday futbolchilar qadrlanadi. Boisi, u yerda “halol mehnat” tushunchasi juda muhim. Har besh daqiqada raqib jamoasi muxlislariga qarata koʻkragiga urib yuradigan emas, balki oxirgi daqiqaga qadar yuguradigan futbolchi hamma joyda hurmat qilinadi.

Ilgari milliy oʻzlikni anglash jarayoni tashqi qarshilikka javob sifatida shakllangan edi. “Bizni baribir tan olishmaydi” degan hafsalasizlik ildizlarni quritayotgan millatchilik xarakterini oziqlantirardi. Bugun esa milliy oʻzlik ichki intizomga tayanmoqda. Bu — yetuklik belgisi.

Bunday metin xarakterning paydo boʻlishida, shubhasiz, mamlakatimizda soʻnggi toʻqqiz yilda qilingan salmoqli ishlarning taʼsiri katta. Bu kichik davrda mahalliy chempionatlar tizimi isloh qilinib, bolalar va oʻsmirlar akademiyalari tashkil etildi. 2017-yilda yurtimizda FIFA hamda Osiyo futbol konfederatsiyasi talablariga javob beradigan maydonlar soni atigi 3 ta edi. Bugun ularning soni oʻndan oshdi. Ushbu soha rivoji uchun jahonning nufuzli futbol klublaridan trenerlar, sport tibbiyoti va farmakologiyasi boʻyicha malakali mutaxassislar, sport psixologlari jalb qilindi. Bu saʼy-harakatlar natija bera boshladi.

Futbol boʻyicha olimpiya terma jamoamiz oʻtgan yili Parijdagi olimpiadada birinchi marta ishtirok etdi. Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi (U 17) aql bovar qilmas yoʻlni bosib oʻtib, oʻz tarixida uchinchi marta Osiyo chempionati finaliga chiqdi va gʻalaba qozondi. Oʻn uch yildan soʻng tarixiy natijani takrorlab, 2012-yildan buyon ilk marta sovrinni boshi uzra baland koʻtardi.

Soʻnggi toʻqqiz yillikdagi futbolimiz, u yaratayotgan kayfiyat, chiqarilgan qarorlar, umuman, futbolga munosabat boʻyicha oʻlchansa, doim asosiy mezon milliy jamoaning jahon chempionati final bosqichiga chiqishi boʻlgan. Boshqacha aytganda, mamlakat futboli mazmuni va mohiyati aynan mana shu maqsad atrofida qurilgan, shu boʻyicha baholab kelingan. Demak, shu nuqtayi nazardan qaraganda, 2025-yilda eng muhim voqea roʻy berdi — jahon chempionati yoʻllanmasi qoʻlga kiritildi. Oʻtgan yili qoʻyilgan poydevor bahordagi qiyin pallalarga ham dosh berdi. Avvaliga Srechko Katanes, keyin esa kerakli paytda eng muhim ishni bajargan Temur Kapadze hech qachon oʻchirilmaydigan zarvaraqlarga oʻz ismini yozib qoʻydi.

Bir yil oldin shu paytlarda Abduqodir Husanovga “Manchester Siti” qiziqayotgani haqidagi xabarlar chiqqanida koʻpchilik bu voqea roʻy berishiga ishonmagandi. Ammo bu sodir boʻldi. 2025-yil avvalida butun dunyo oʻzbekistonlik himoyachi haqida bilib oldi, ijtimoiy tarmoqlardan Oʻzbekiston milliy jamoasi, Husanovning oʻyinlari haqida maʼlumotlar qidirila boshlandi. Husanov fevraldayoq “Chelsi”ga qarshi debyut qildi, keyin qator oʻyinlarda boshlangʻich tarkibda tushib, jamoa uchun qiyin davrda oʻzini koʻrsatdi.

2025-yilda Abduqodir Husanov jami 19 oʻyinda “Manchester Siti” libosida koʻrinish berdi. Angliya kubogida “Leyton Oriyent” darvozasiga gol ham urdi. Kilian Mbappe, Vinisius, Muhammad Saloh, Son Hyong Min, Aleksandr Isak, Viktor Yokeresh kabi nomdor hujumchilarga qarshi harakat qildi. Eng muhimi, aynan 2025-yilda Husanov nomi endi futbol olami uchun begona emas, uning ustunliklari, kamchiliklari maʼlum va doim himoyani kuchaytirish maqsadida transfer bozoriga chiqqan top jamoalar uchun variant sifatida tilga olinaveradi.

Futbol bir qarashda dunyoning barcha hududida bir xil oʻynaladigandek koʻrinadi. Aslida, oʻyin paytida maydonda har bir millat yoki davlatning oʻziga xos etnik xususiyatlari hamda milliy mentalitetning tarkibiy elementlari aks etib turadi. Bugun oʻyinchilarimizning qaror qabul qilish tezligi, individual masʼuliyatni boʻlishishga tayyorligi va murakkab vaziyatlarda tashabbusdan qochmasligi milliy identitet kodlarining futbol tilida qayta oʻqila boshlaganini anglatadi.

Ushbu jarayonning taʼsiri xalqaro darajada sezilayotgani FIFA prezidenti Janni Infantinoning yaqinda oʻzbekistonlik sportchilarning soʻnggi yillardagi tarixiy yutuqlari haqida bildirgan fikrlari orqali aks etmoqda.

— Men Oʻzbekiston hukumati va futbol assotsiatsiyasini oʻz maqsadlarini amalga oshirishda qoʻllab-quvvatlay olganimdan faxrlanaman, — dedi FIFA rahbari videomurojaatnomasida. — Oʻrtamizdagi hamkorlik tobora mustahkamlanib, rivojlanmoqda. Oʻzbekiston Respublikasining “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlanishim men uchun katta sharaf. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil sentyabrda BMT Bosh Assambleyasida soʻzlagan nutqida Oʻzbekiston xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlashga intilayotganini taʼkidladi. Bu FIFA toʻliq qoʻllab-quvvatlaydigan falsafa boʻlib, Oʻzbekiston biz uchun futbolni rivojlantirishda ishonchli va strategik hamkor ekanini tasdiqlaydi.

Jahon kubogi Toshkentda

Jahon futbolining eng oliy timsoli boʻlgan oltin kubokning Toshkentga muntazam olib kelinishi — oʻzbek futbolining endi faqat kuzatuvchi emas, balki global jarayonning bir qismi sifatida qabul qilina boshlaganidan dalolat.

Joriy yil 27-yanvar kuni maxsus charter reys Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qoʻndi. Havo kemasida futbol boʻyicha jahon chempionatining asl oltindan yasalgan kubogi hamda italiyalik futbol afsonasi Marko Materassi yetib keldi.

Mazkur tashrif FIFA jahon chempionati kubogining rasmiy sayohati doirasida amalga oshirildi. 2026-yil 3-yanvar kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahridan start olgan tur jami 75 manzilni qamrab oladi. Toshkentga kelishdan avval kubok Vena, Seul, Tokio, Nyachang va Kuala-Lumpur kabi oʻnlab shaharda boʻlgan. Kubokning xalqaro sayohati 2026-yil 11-iyunidan 19-iyuliga qadar boʻlib oʻtadigan jahon chempionati boshlanishigacha davom etadi.

— Jahon chempionati kubogining yurtimizga olib kelinishi juda katta voqea. Chunki xalqimiz 34 yil kutgan orzu amalga oshdi va Oʻzbekiston milliy terma jamoasi mundialga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi, — deydi OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov. — Prezidentimizning qoʻllab-quvvatlovi bilan mamlakatimizda sport, jumladan, futbol jadal rivojlanmoqda. Akademiyalar, zamonaviy sport inshootlari barpo etilmoqda. Bu jarayonni xalqaro ekspertlar ham eʼtirof etmoqda. Shuningdek, jahon futboli yulduzlarining yurtimizga kelib, yosh futbolchilar bilan birga maydonga tushayotgani ham ajoyib holat. Oʻylaymanki, kelajakda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionatida gʻolib boʻlib, kuboklarni yurtimizga olib keladigan kunlarni ham koʻramiz.

Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida futbol boʻyicha jahon chempionati kubogining tantanali taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda Sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati, futbol jamoatchiligi va koʻp sonli muxlislar ishtirok etdi.

Jahon chempionati kubogi anʼanaga muvofiq har mundial yili jahon turi doirasida koʻplab mamlakatlarga olib kelinadi. Joriy yildagi taqdimot esa milliy terma jamoamizning jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgani bilan har qachongidan-da katta qiziqish va bayramona kayfiyatda oʻtdi. Ayniqsa, kelgan mehmonlarning oʻzbek futboli haqidagi iliq gaplarini eshitish yoqimli boʻldi. Marko Materassi ham mundialda doʻsti Kannavaro murabbiylik qilayotgan Oʻzbekiston terma jamoasiga muxlislik qilishini aytdi.

Milliy madaniy kodning oʻziga xosligi — ulkan yutuq

Tarix charxpalagi aylanaveradi, taqdir halqalari bir-biriga uyqashib oʻtaveradi. Futbol kabi ommaga taʼsir etuvchi sport turlari esa bu oqimni xalq yodida saqlaydi. Insonning ruhi va tanasi baravar kamolga yetgani kabi xalq ham ilm hamda sportdagi muzaffariyatlar yoʻlidan borsa, orzu-umidlarining roʻyobini koʻraveradi.

“Oʻzingniki oʻzgacha boʻladi” degan hikmat rost ekan. Futbol oʻyini milliy koʻrinishda boʻlishi barobarida mohiyatan umuminsoniydir. Jahon chempionati deyilgan mezonda sanoqdan qolib ketish — borsan-u yoʻqsan deganday gap edi. Unga-ku yoʻllanma olindi, endi mezon jahoniy darajaga chiqishga koʻchdi. Aylanayotgan charx gʻildiragining koʻhna tovushida navbatimiz kelayotganiga ishoralar bor. Demak, uygʻonish faslini xotirjam oʻtkazib yuborib boʻlmaydi.

Futbol boʻyicha jahon chempionatidagi boʻlgʻusi ishtirokimiz allaqachon bir millatning global maydondagi ramziy chiqishiga aylanib ulgurdi. Endi biz uchun futbol oʻyindan koʻra kengroq maʼno kasb etayotir: u tobora jamiyat oʻzini qanday koʻrishi va boshqalarga qanday koʻrinish berishini belgilovchi ijtimoiy koʻzguga aylanib bormoqda. Shu bois, futboldagi imij masalasi bugun texnik-taktik masalalardan kam ahamiyat kasb etmaydi.

Xorijlik tomoshabin ham, taniqli ekspert ham bir jamoani eslab qolishda tablodagi hisobdan koʻra umumiy taassurotga tayanadi. Shu maʼnoda, “yodda qolish” tushunchasiga sport sotsiologiyasida maʼnaviy kapital sifatida qaraladi. Quvonarli jihati, bu kapital yillar davomida shakllanadi va keyingi avlodlarga ham taʼsir koʻrsatadi. Futbolchi qayerda qay tarzda gapiradi, magʻlubiyatni qay holatda qabul qiladi, gʻalaba onida oʻzini qanday tutadi — bularning barchasi jamoaviy xulq-atvor modeliga aylanadi. Jamiyat esa bu modelni oʻzining ideal qiyofasi sifatida qabul qiladi.

Shu bois, yurtimizda soʻnggi yillarda futbolchilar bilan ishlashda faqat jismoniy va taktik tayyorgarlik emas, balki kommunikativ madaniyat va axloqqa ham eʼtibor kuchaymoqda. Bu sportimizning institutsionallashuv darajasi oʻsganidan darak.

Oʻzbekistonda futbolning rivojlanishi mamlakat ichidagi kengroq ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy oʻzgarishlarni aks ettiruvchi ­strategik islohotlardan dalolat beradi. Davlatimiz 2016-yildan hozirga qadar futbol sektorini institutsionallashtirish, professionallashtirish va globallashtirishga katta sarmoya kiritdi. Mamlakatimizning sport siyosati hamda FIFA kabi tashkilotlarning xalqaro hamkorligi natijasida qoʻllab-quvvatlangan zamonaviy stadionlar, futbol akademiyalari va yoshlarni rivojlantirish boʻyicha kuchli dasturlar barqaror futbol ekotizimiga hissa qoʻshdi. Oʻzbekistonlik futbolchilarning xorijiy ligalarda paydo boʻlishi isteʼdodlar kamol topayotganini koʻrsatibgina qolmay, mamlakatning jahon sport maydonlarida obroʻ-eʼtiborini oshirish vositasi sifatida ham xizmat qilmoqda. Shu ruhda davom etarkanmiz, kelgusi yillarda FIFA jahon chempionati kabi yirik turnirlarga yoʻllanma olish jarayoni bardavom boʻladi.

Azizbek YUSUPOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri