Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo'mitasi tomonidan Advokatlar palatasi bilan hamkorlikda “Advokatlik faoliyati kafolatlarining kuchaytirilishi — sud-huquq tizimidagi islohotlarning muhim bosqichi” mavzusida seminar o'tkazildi. Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Adliya vazirligi mas'ullari, Advokatlar palatasi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Seminarda asosiy e'tibor Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ishlab chiqilgan advokatlik faoliyatining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasida ilgari surilayotgan takliflarga qaratildi. Ta'kidlanishicha, uni tayyorlash jarayonida nafaqat milliy qonunchilik asoslari, balki AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, YAponiya, Turkiya, Rossiya va boshqa MDH davlatlarining ijobiy tajribasi ham atroflicha o'rganilgan.
Sud-huquq tizimining tarkibiy qismi bo'lgan advokatura jismoniy va yuridik shaxslar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ishonchli himoyasini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. SHundan kelib chiqib, bugungi kunda advokatlarning kasbiy faoliyatlarini muvaffaqqiyatli amalga oshirishlari uchun zarur qonunchilik bazasi izchillik bilan shakllantirilmoqda.
Seminarda ta'kidlanganidek, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni to'laqonli amalga oshirish, belgilangan maqsadlarga erishishda advokaturaning institutsional asoslari va faoliyat printsiplari zamonaviy talablarga javob bera olmayapti. CHunonchi, advokat protsessual maqomining zaifligi, advokatura instituti obro'siga putur etkazadigan va advokatlar huquqlari to'liq ro'yobga chiqishiga to'sqinlik qilayotgan holatlarning mavjudligi, mamlakatda advokatlar sonining etarli emasligi oqibatida malakali yuridik yordam olishning cheklanganligi kabi holatlar saqlanib qolmoqda.
Ishlab chiqilgan qonun loyihasida advokat mustaqilligiga ta'sir etmaydigan, manfaatlar to'qnashuvini keltirib chiqarmaydigan haq to'lanadigan boshqa faoliyat turi bilan shug'ullanishiga bo'lgan cheklovni olib tashlash, advokat bo'lish istagini bildirgan shaxslar uchun yuridik mutaxassislik bo'yicha ikki yillik ish staji bo'lishi talabini bekor qilish, shuningdek advokaturaning o'zini-o'zi boshqarish organlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, advokatlik tuzilmalarini ro'yxatga olish, qayta tashkil etish va tugatish taomillarini “yagona darcha” tartibida Davlat xizmatlari markazi orqali hisobga olish taklif etilmoqda.
Seminarda qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan aniq takliflar bildirilib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati.