Xastalik — ogʻir sinov. Ammo umid — eng katta najot. Hamyurtlarimizdan biri AQSHda yurak xuruji bilan shifoxonaga yotqizilganida, amerikalik shifokorlar unga hayoti xavf ostidaligini aytishdi. Lekin yagona najot yoʻli bor edi — yurak transplantatsiyasi!

Bemor operatsiya uchun nisbatan kamxarjroq deb Turkiyani tanladi. Ammo qardosh shifokorlar ikkilanib qolishdi. Aniqrogʻi stentlash amaliyotini oʻtkazish masʼuliyatidan choʻchishdi. Ilojsiz qolgan hamyurtimiz Oʻzbekistonga qaytishga majbur boʻldi. Biroq bu yerda navbatdagi yurak xurujini boshdan oʻtkazadi.

Asoratlar yanada xavfli tus oldi: yurakning qisqaruvchanlik faoliyati 4 barobar tushib, qon tomirlari yoʻli yopilish arafasiga kelib qoldi. Shu tariqa  ikki barobar kattalashib ketgan yurakda shoshilinch operatsiya amalga oshiriladi. Yurakning uchta tomiriga jarrohlik yoʻli bilan tomir ulanib, bemor hayoti saqlab qolinadi...

Oradan uch yil oʻtdi. Bemor AQSHda safarda edi. Kutilmaganda yana yurak xuruji qaytaladi. Amerikalik jarrohlar yurakni ochishgach, buyurilgan dori vositalari vaqtida qabul qilinmagani uchun yana bir tomir berkilib qolgani aniq boʻldi.

Operatsiyadan soʻng AQSHlik malakali xirurglar avvalgi jarrohlik amaliyoti mahorat bilan qilingani, ulangan tomirlar bekamu koʻst ishlab turganini eʼtirof etishdi. Xirurgning ishiga “zargarona” deb tan berishdi.

Bu noyob operatsiya muallifi tibbiyot fanlari doktori, kardioxirurg Alisher Meliqulov edi.

“1000 dan ziyod yurak operatsiyasini mustaqil oʻtkazdim”

Alisher Meliqulov Rossiyaning A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida 15 yil ishlagan. Oʻsha yerda fan doktori va yetakchi xirurg darajasigacha yetgan.

 —    2004-yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini bitirib, Moskvadagi Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida ordinaturada tahsil olgani ketganman, — deydi Alisher Meliqulov. —  Tahsildan keyin aspiranturaga olib qolishdi. 2009-yilda “Ishlab turgan yurakda konversiya holatlarini oʻrganish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladim.

Keyingi rejalarim kutilmagan tomonga ketdi. Ilmiy rahbarim va muassasa direktori ilmiy va kasbiy faoliyatimni shu yerda davom ettirishni taklif qildi. Natijada faoliyatimni markazda davom ettirdim.

2018-yilda “Yuqori xavfli guruhlarda aorta-koronar shuntlash operatsiyalarini oʻtkazish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildim. Ikki yil Germaniyaning Leypsig shahridagi dunyoga mashhur xirurgiya markazida malaka oshirib qaytdim. Oʻtgan davrda 1000 dan ziyod yurak operatsiyalarini mustaqil oʻtkazdim. Oʻnlab yurak transplantatsiya amaliyotlarida qatnashdim.

“Birga oʻqidik, birga oʻrgandik, birga ishlayapmiz”

Buni qarangki, Alisher akaning turmush oʻrtogʻi Madina Ahmedova ham shifokor, aniqrogʻi kardiolog. U ham A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida ilm olib, oʻsha yerda uzoq yillar faoliyat yuritgan.

—  Begona yurtda yashashning doim qiyinchiligi boʻlgan, — deydi Alisher Meliqulov. — Lekin biz shu sohaning bor sir-sinoatini oʻrganishni oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz. Kezi kelganda moddiy qiyinchiliklarni ham boshdan oʻtkazdik. Barchasini turmush oʻrtogʻim bilan birga yengib, maqsad sari harakat qilishdan chekinmadik.

2019-yilda Prezidentimiz Rossiyaga tashrifi chogʻida Moskvada ishlayotgan bir guruh mutaxassislar bilan muloqot oʻtkazdi. Shundan soʻng menda Vatanga qaytish istagi kuchaydi. Barcha sharoitlari muhayyo boʻlgan joy ham oʻz yurtingdek boʻlolmas ekan. Ayniqsa, oʻzbek uchun kindik qoni toʻkilgan zamindan uzoq boʻlish juda ogʻir. Dunyoning turli mamlakatlarida ishlayotgan hamyurtlarim ham, hech kim yurtini oʻzbekchalik sogʻinmasa kerak, deb aytishgan.

Otam Moskvaga kelganida “Oʻgʻlim, mana shuncha natijaga erishibsan, obroʻ-eʼtibor topibsan, endi oʻz xalqingga ham xizmat qil”, degach, yurtga qaytish qarorim qatʼiylashdi. Turmush oʻrtogʻim biroz ikkilangani ham bor gap. Chunki qaytganimizdan keyin qanday sharoitda ish boshlashimiz haqida tasavvurimiz yoʻq edi. Hozir, yaxshiyam yurtga qaytgan ekanmiz, deb shukr qilaman. Oilam xursand, bolalarim xursand, yaqinlarim, qarindoshlarim yonimda. Bu yerda ham turmush oʻrtogʻim bilan bir jamoada mehnat qilyapmiz.

“Operatsiyalarimizda oʻlim koʻrsatkichi — 0 foiz”   

—  Oʻzbekistonda faoliyat boshlaganimdan beri qariyb 500 ta operatsiyaga boshchilik qildim. Qoʻl ostimdagi jamoaga ishonaman. Shogirdlar tayyorlayapman. Bakulevda oʻqigan, menga ustozlik qilgan olimlardan saboq olgan mutaxassislarni jamoaga yiqqanmiz. Erishiladigan muvaffaqiyatda jamoaning professionalligi juda muhim. Misol uchun, butun dunyoda, tibbiyoti taraqqiy etgan davlatlarda ham aorta-koronar shuntlash operatsiyalarida oʻlim ehtimoli 1-2 foizni tashkil qiladi. Xudoga shukr, shu paytgacha oʻtkazgan birorta operatsiyamizdan keyin oʻlim holati qayd etilmadi. 

“100 qadam yurishga kuchim etmasdi, operatsiyadan keyin velosiped minib yuribman”

Mutaxassisning qabulidan bemorlar arimaydi. Ulardan biri, Bozorboy Halilov — 54 yoshda. Bir oy oldin yuragi ogʻrib, qon bosimi oshib shifokorga murojaat qiladi.

— Tekshiruvlardan soʻng doʻxtirimiz “operatsiya qilish kerak dedi”, rozi boʻldim. Amaliyotdan ikki kun oʻtib yura boshladim, — deydi Bozorboy Halilov. — Ahvolim yaxshilanib boryapti. shifokorga telefon qilib, holatim haqida maʼlumot berib turaman. Velosiped haydashga ruxsat berdi yaqinda. Mana, bugun koʻrikka keldim, agar ruxsat bersa, jismoniy ishlarga ham kirishmoqchiman.

—  Har kuni 2-3 kishida amaliyot oʻtkazamiz, — deydi shifokor. — Oxirgi operatsiyalarimizdan birida bemorning  ogʻir yurak yetishmovchiligi bilan yotqizilgan. Yurak qisqaruvchanligi 2 barobar kamayib ketgan, bir oy oldin insult va infarktni boshdan kechirgan. Boshqa birida yurakning yarmi trombga toʻlib ketgan edi. Ishlab turgan yurakda jarrohlik yoʻli bilan ularni olib tashladik. Bu operatsiyani ham Moskvada oʻqib kelgan shogirdlarimiz bilan birga amalga oshirdik.

“Yurak transplantatsiyasi oʻtkazishga tayyormiz”

Alisher Meliqulov dunyo koʻrgan malakali shifokor sifatida Oʻzbekistonda xirurgiya sohasidagi yangilanishlarni “revolyutsion” deb taʼriflaydi. Oʻzbek mutaxassislari yurakda oʻtkaziladigan barcha operatsiyalarni amalga oshira olishi, ular dunyoning kardiojarrohlik yoʻnalishidagi ilgʻor klinikalarida oʻtkaziladigan amalyotlardan qolishmasligini eʼtirof etadi.

—  A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazi mutaxassislari dunyoda birinchi boʻlib ishlab turgan yurakda jarrohlik amaliyoti oʻtkazishgan. Bu ilmiy yangilik ularning nomiga patentlangan. Biz ustozlardan bu amaliyotning barcha sir-asrorlarini oʻzlashtirganmiz. Bugun Oʻzbekistonda bunday operatsiyalarni oʻtkazishga qodir mutaxassislar yetarli.

Yurtimizda yurak koʻchirib oʻtkazish amaliyotlariga ham ruxsat berilsa, oʻzim va jamoam bunday operatsiyalarga tayyormiz, deya olaman. Moddiy-texnik baza mustahkam, mutaxassislar malakali boʻlsa, nimadan choʻchiylik?! Albatta, uddalaymiz! Shunda yuragida shikoyat bilan chet ellarda yurtdoshlarimizning sarson boʻlib yurishlariga butkul chek qoʻyiladi. Mening ham maqsadim shu: hech bir hamyurtimiz dardiga shifoni chetdan izlamasin.