Maʼlumki, qurultoylar qadimdan davlat boshqaruvining muhim boʻgʻinlaridan biri hisoblangan. Ular oʻz davrida jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarni yaxshilashga xizmat qilgan. Qurultoyda eng muhim masalalar, jumladan, boshqa davlatlarga yurish qilish, sulh tuzish yoki davlat boshqaruviga oid boshqa muhim masalalar hal etilgan. Bundan koʻrinadiki, qadimiy boshqaruv anʼanalarimizga muvofiq davlat rahbari biror muhim ishni va oʻzgarishlarni boshlashdan avval xalq vakillari bilan kengashib, biror muhim masalaning yechimida xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻymaslik uchun qurultoylarda muammolarni hal etgan.

Biz qadimgi qurultoylar tarixini mushohada etar ekanmiz, ular bugungi parlament tizimining dastlabki tajribalari ekanligiga ishonch hosil qilamiz. Toʻgʻri, qurultoylar moʻgʻullar va boshqa xalqlar davlat boshqaruvida ham mavjud boʻlgan, ammo bu siyosiy institut bizning siyosiy tarixda ham muhim rol oʻynagan. Qadimgi anʼanalarga koʻra, oqsoqollar yigʻini, harbiy demokratiya, ularning rivojlangan bosqichi qurultoy kabi siyosiy institutlarning oʻtmishdagi faoliyati fikrimizga dalildir. Bu tarixiy jarayonlar tahlili natijasi bugungi parlamentimiz tarixi ming yilliklarga borib taqalishi, u bugungi kunda takomillashib, xalqaro tajribalar bilan boyitilgani haqida xulosa chiqarishimizga olib keladi.

Oʻrta asrlarning muhim siyosiy institutlaridan hisoblangan qurultoylarning Amir Temur davrida qanday maqom va kuchga ega boʻlgani koʻpchilikka qiziqarli boʻlsa kerak.

Qadimiy udumlarimizga koʻra, davlat rahbarlari qurultoyda saylangan va ular oq kigiz ustiga oʻtqazilib yuqoriga koʻtarilgan. Oq kigizning toʻrt uchini eng nufuzli amaldor va diniy rahnamolargina koʻtarish huquqiga ega boʻlgan. Ushbu udumlar bajarilgan taqdirdagina uning hokimiyati qonuniy hisoblangan. Bu anʼanalar oʻsha davr davlatchiligining odatlaridan biri sanalgan. Sohibqiron Amir Temur ham oʻzining davlat hokimiyatini qurultoy orqali mustahkamlagan. U 1370-yilning 8-aprelida qurultoyda amir etib saylangan va oʻsha davrdagi odatga muvofiq oq kigiz ustiga oʻtqazilib, yuqori koʻtarilgan, unga diniy rahnamosi Sayid Baraka oq fotiha, hukmdorlik nishoni, tugʻ, nogʻora va bayroq bergan. Oʻsha kundan eʼtiboran Sohibqiron Amir Temur butun Movarounnahrning qonuniy hukmdori-amiri hisoblangan.

Amir Temur saltanatidagi qurultoy oliy tabaqa vakillarining kengashi edi. Mantiqan olib qaralganda shunday boʻlishi ham kerak edi. Negakim, yirik saltanatda ommani yigʻishni tashkillashtirish, shuningdek masalani tartib bilan hal qilishning iloji yoʻq edi. Shu tufayli hududlarning vakillari-maʼmurlar, harbiy boshliqlar va olimlar qurultoyda qatnashib, mamlakat hayoti taqdirida muhim rol oʻynaganlar.

Qurultoyda qabul qilingan qarorlar asosida farmonlar chiqarilgan, ular zudlik bilan munshiylar tomonidan koʻpaytirilib, mamlakatning eng chekka joylariga ham jarchilar, choparlar orqali yetkazilgan. Oʻsha davrdagi muhim qarorlar va farmoyishlar bir tomondan maʼmurlar, ikkinchi tomondan xabargirlar orqali keng ommaga yetkazilgan. Boʻlayotgan oʻzgarishlardan xalq ommasi xabarsiz qolmagan. Ommaviy axborot vositalari boʻlmagan va transport cheklangan oʻrta asrlarda axborot kommunikatsiyasining yaxshi yoʻlga qoʻyilganligi davlat taraqqiyotida muhim omil sanalgan.

Amir Temurning saltanatni mustahkam boshqarish, xususan uni siyosiy va iqtisodiy jihatdan mustahkamlash, davlat ahamiyatiga molik masalalarni muhokama qilish va tadbiru choralar belgilab olish maqsadida qurultoylar va kengashlar oʻtkazishga katta ahamiyat berganligi haqida tarix sahifalarida koʻplab maʼlumotlar mavjud. Ularga koʻra, Amir Temur tomonidan Qarshi, Samarqand, Qorabogʻ va boshqa joylarda oʻtkazilgan qator qurultoy va kengashlarda shahzodalar, davlat maʼmurlari, harbiy boshliqlar, ulamolar va mulkdor zodagonlarning vakillari qatnashganlar.

Bundan koʻrinadiki, Amir Temur qurultoy qaroriga tayanishni davlat boshqaruvidagi eng adolatli yoʻl deb tushungan.

U qurultoyni faollashtirish orqali turkiy davlatchilik asoslarini takomillashtirdi. Manbalardagi maʼlumotlar rivojlangan oʻrta asrlarda qurultoyning milliy davlatchiligimizdagi eng gurkiragan va faol davri Amir Temur davriga toʻgʻri keladi, deb xulosa chiqarishimizga imkon beradi.

Qurultoyda boshqa yerga yurish qilish masalasi ham hal etilgan. Bu haqda Sharafiddin Ali Yazdiy: «Ishorati oliy boʻldi: «Har bekka ne miqdor kishi taalluq turur va cherik kuni necha kishi otlandurur, barchani ehtiyot qilib, mufassal qilinglar!» Baxshiylar va tavachilar yurub beklardin mufassallar olib, tavachilargʻa topshurdilarkim, tonglasi cherik har kimki qabul qilgʻon kishisini otlandurmagʻay, gunohkor boʻlgʻay. Mundoq muqarrar qilib zabt qildilar», deb maʼlumot keltirib oʻtgan.

Amir Temur davridan keyin qurultoyning jamiyat hayotidagi mavqeining pasayishi (ayniqsa xonliklar davrida) parokandalikka, inson huquqlarining toptalishiga olib kelgan katta sabablardan biri boʻldi. Eng nozik masalalarda Amir Temur zodagon maʼmurlarning fikrini eshitgan. Amir Temur qurultoysiz ham davlatni boshqarishi mumkin edi, ammo adolatli qarorlar chiqarish uchun mahalliy maʼmurlar fikrini inobatga oldi.

Qurultoyning oʻtkazilish muddati aniq belgilanmagan boʻlib, bir yilda bir necha marta chaqirilishi, hatto yilda bir marta chaqirilmasligi ham mumkin edi. U vaziyatga va masalaning nechogʻli ahamiyatli ekanligiga qarab chaqirilgan.

Masalan, Sohibqiron Amir Temur 1390-yil bahorida va kuzida qurultoy chaqirgan. Maʼlumotlarga koʻra, «1390-yil kuzida Amir Temur Kesh yaqinida katta qurultoy oʻtkazdi. Umarshayxning nikoh tantanalari qurultoyga ulanib ketdi. Amir Temur saltanatining barcha qoʻshinini bir joyga yigʻdi, oʻnlab lashkar favjlarini tuzdi, ularning qoʻmondonlarini belgiladi, oʻzi yoʻqligida shahar va tumanlarni boshqaradigan hokimlar, boshqa yuqori mansabdorlarni tayinladi va nihoyat, asosiy qoʻshinga yoʻl tayyorlash hamda dushman lashkarlari holatidan oʻzini ogoh qilishlari uchun tezkor guruhlarni shimolga yoʻlladi». Xofizi Abru ham 792 (1389-1390) yilda Oqyor mavzesida Qurultoy chaqirilganligi haqida maʼlumot yozib qoldirgan. Amir Temur saroy tadbirlarini amalga oshirish orqali uzoq-yaqindan kelgan amaldor va boshqa vakillar, sipohining toʻplanishidan foydalanib, Qurultoy majlisini tashkillashtirgan va unda muhim masalalar koʻrilgan.

Amir Temurning davlat boshqaruvida mashvarat, kengash, tadbirkorlik, mulohazakorlik va maslahatni boshqaruvning bosh arkoni deb bilganligini qurultoy va uning faoliyatidan anglash mumkin.

Mamlakatda qonunlar ustuvorligini taʼminlashga erishgan Sohibqiron qurultoysiz ham davlatni boshqarishi mumkin edi, ammo u xalq manfaati va farovonligini taʼminlash uchun vakillar majlisining fikri va xohishini inobatga olgan. Chunki uning davlat boshqaruvidagi asosiy maqsadi zoʻrlik bilan xalqni oʻz hukmi ostida ushlab turish emas, balki davlat va xalq birligi, ularning farovonligini taʼminlashga qaratilgan edi. Albatta bu jihatlar oʻsha davrdagi davlatchilik anʼanalarini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etgan.

Shohistaxon OʻLJAYEVA,

TIQXMMI milliy tadqiqot universiteti kafedra mudiri,

tarix fanlari doktori, professor