Qurultoyda xalq vakillari mahalliy amaldorni saylashi, oliy hukmdordan uni oʻzgartirishni talab qilishi yohud soliqlarni kamaytirish kabi masalalarni soʻrashi mumkin edi. Unda nafaqat mahalliy maʼmurlar, balki xabargirlar, Amir Temurgagina boʻysunadigan, ammo mahalliy amaldorlarga maslahatchilik qiladigan tajribali, ilmli va davlatga sadoqatli kishilar ham qatnashgan. Qurultoylarning jamiyat va davlatdagi oʻrnini oʻrgangan venger olimi H. Vamberi unga “millat majlisi” deb baho bergan.

Amir Temur davri qurultoyi oʻsha davrda gʻarb davlatlarida mavjud boʻlgan parlamentlarning huquqiy maqomidan va davlatchilikdagi oʻrni jihatidan ustunlik qilgan. Masalan, Angliyadagi kabi lordlar palatasi va umum palatadagi kabi deputatlarning bergan ovozida va ijtimoiy kelib chiqishda farq boʻlmas, darajasidan qatʼiy nazar har bir zodagonning ovozi teng edi.

Amir Temur davri qurultoyi vaziyatga qarab chaqirilar, eng muhim masalalar muhokamadan oʻtar, shaxs taqdiri davlat taqdiri deb tushunilar va avvalo Amir Temurning oʻzi qurultoyni chaqirishdan manfaatdor edi. Sirasini aytganda, jamiyat va davlat qurultoyga ehtiyoj sezgan edi. Biz davlatchilikdagi ushbu jihatlarni eʼtirof etib bu davrda qurultoy parlament shakli sifatida oʻz davridagi shunga oʻxshash tizimlardan ilgarilab ketganligini anglab yetamiz. Ularni chaqirishdan maqsad xalq va davlat xohish istagini roʻyobga chiqarishga erishish edi.

Unda nafaqat lashkarboshilar, amirlar, davlat amaldorlari qatnashgan, balki olimu ulamolar oʻz fikrini bildirgan, ulugʻ va keksa tajribali kishilar, lashkarboshilar markaziy va mahalliy davlat amaldorlariga maslahatchi etib tayinlangan.

Sohibqiron Amir Temurning qurultoyni yanada faollashtirishga, olimu ulamolarni davlat ishiga tortishga intilganini Nizomiddin Shomiy keltirgan bir voqeadan bilib olishimiz mumkin. Bu haqda u shunday dalil keltirgan: “Qurultoyda Amir Temur ulamolarga qarab, oʻtgan asrlardagi ulamolar sultonlarga yaxshilik va adolat bobida yoʻl koʻrsatganlar, sizlar nega menga rahnamolik qilmaysizlar va men bajarishim vojib va lozim boʻlgan narsalarni menga aytmaysizlar?”, dedi. Ularning har birlari takalluf bilan bir soʻz aytib, u hazratning rizosiga muvofiq yoʻl axtardilar va “Xudoga shukrki, Sohibqiron hazrat oʻzlari hammaga yaxshi yoʻlni oʻrgatadilar, bizlarga oʻxshaganlarning nasihatlariga ehtiyojlari yoʻqdir”,- dedilar.

Amir hazratlari bu soʻzlarga eʼtiroz bildirib: «Menga tahsin aytish va mening mijozimga muvofiq gapirishingiz menga xush kelmaydi, vazifa shuki, sizlar har toifa, har bir tomondan kelgansizlar, u tomonning yaxshi ham yomon ahvolu avzoyini menga aytinglar va hech nimani mendan yashirmanglar. Men bu soʻzlarni sizlar menga ishonch bildiringlar yoki undan mening mulkimga biror foyda yetsin, deb aytayotganim yoʻq, Hazrati parvardigor (uning shaʼni ortsin) bizga bergan bu shavkat va ulugʻlik bunga oʻxshash takalluflarga ehtiyojmand emas, nazarimiz hazrat zuljalol (Alloh) rizosini hosil qilishdirki, uning bizga koʻrsatgan karamlari evaziga neʼmatlari shukrini bir oz boʻlsada ado etgan boʻlaylik».

Amir Temur ulamolarga murojaat etib ularning maqtovi emas, toʻgʻri maslahati kerakligi, bundan maqsadi davlatda adolat va farovonlikka erishish, xalqning ogʻirini yengil qilish ekanligini alohida taʼkidlaydi.

Qurultoylardan ham maʼlumki, Sohibqiron olimlarni davlat ishlariga tortdi va ularga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatdi. Bu haqda Nizomiddin Shomiyda shunday maʼlumotlar bor: «Amir Sohibqiron bir guruh taniqli va diyonatli olimlardan tanlab, ularning har birini devoni aʼlo tomonidan bir amin bilan mamlakat chekkalaridan biriga nomzod qildi, toki ular tayin etilgan tomonga joʻnab mamlakat ishlarining tagiga yetsinlar, agar bironta bir mazlumga zulm yetgan boʻlsa, yoki biron ojizga zoʻravonlik ravo koʻrilgan boʻlsa, zarar tikanini mazlumlar oyogʻidan chiqarib, ulardan zoʻrlik bilan olingan narsa isbot qilinsa, oʻsha tomonda boʻlgan xazina molidan ularga qaytarib bersinlar, boʻlgan ahvolni yozib olib qaytsinlar va arz izzatgohiga yetkazsinlar, toki bundan keyin u zulm qoidalarini ulardan yiroqlashtirsinlar».

Amir Temur davlat boshqaruv qurultoyda olimlar bilan kengashib, oʻz olim va dono ikshilarni viloyatlarning ahvolini bilib kelishga joʻnatgan. Albatta Amir Temur adolatni taʼminlash uchun joylarda tez-tez soʻroq-pursish, taftish oʻtkazib, har joydan oʻz vaqtida toʻgʻri xabarlar olib turishga erishgan, ammo Baylaqonda oʻtkazilgan qurultoydan keyin davlatni taqvodor olim kishilarni viloyatlarni ahvolini oʻrganib kelishga yuborgan.

“...Sohibqiron oʻshul majlisda bir jamoat kishikim, ilmu taqvo va zuhdu fatvo bila mashhur erdilar, ixtiyor qilib, har birini bir viloyat sori devon bila qoʻshub, viloyatlar sori yibardi, to andagʻi raʼoyo, va fuqaro va masokinlarning ahvolidin xabardor boʻlgʻaylar. Andin soʻng Sohibqiron dedi: «Bu choqqacha bizning hamiyatimiz ul erdikim, olamni ochqaybiz. Shukur xudoygʻakim, nakim xotirimiz tiladi, muyassar boʻldi. Emdid soʻng himmatimiz uldururkim, haloyiq rafohiyat va farogʻatda boʻlgʻaylar. Va olam obodon va maʼmur boʻlgʻay. Gʻaraz bu soʻzdin maqsud bu tururkim, el mundin nori har nekim voqiʼ boʻlsa arz qilgʻay. Lobudda, to aning dafʼini qilib, nekim behud turur, qilgʻaybiz», - deb yozadi Sharafiddin Ali Yazdiy.

Qurultoy Amir Temur davlatining maqsad va vazifalarini amalga oshirishdagi muhim vositalardan biri hisoblangan. Amir Temur davridagi qurultoyning maqomi, uning vakolatlari, davlatdagi taʼsirini toʻlaqonli tushunish uchun bizningcha, uning davlatchilik, jamiyatda tutgan oʻrni va rolini, taʼsirini, shu orqali Amir Temur davlatidagi sharqona demokratizm hamda boshqa qurultoyga aloqador masalalarni chuqur va atroflicha oʻrganish muhim deb oʻylaymiz.

Qurultoy instituti Amir Temur davlatida tenglik, adolat tamoyillarini shakllantirishga katta taʼsir koʻrsatgan. Ushbu asoslar Amir Temur davlatchiligining manbai xalq ekanligini koʻrsatadi. Qurultoy orqali jamiyat va davlat oʻrtasidagi tafovutlar kamayib, oʻzaro munosabatlar muvofiqlashtirilgan. Qurultoyning faollashuvi bu davrda mutlaq hokimlik (absolyut monarxiya) tizimining yangi pogʻonaga koʻtarilganligini koʻrsatadi.

Shohistaxon OʻLJAYEVA,

TIQXMMI milliy tadqiqot universiteti kafedra mudiri,

tarix fanlari doktori, professor