Anʼanaga koʻra, samolyot suv arkasi bilan, yoʻlovchilar esa karnay va surnay sadolari ostida kutib olindi.

Avval xabar qilinganidek, aeroport reyslarni qabul qilishni boshladi.

Ayni paytda “Silk Avia” Toshkentdan Andijonga ATR-72-600 samolyotlarida haftasiga ikki marta seshanba va payshanba kunlari parvozlarni amalga oshiradi. Kelgusida xalqaro reyslarni qayta tiklash ham rejalashtirilgan.

Eslatib oʻtamiz, 15-mart kuni aeroportda rekonstruksiyaning birinchi bosqichi yakunlanib, uning doirasida aerodrom majmuasining salmoqli qismi, jumladan, uzunligi 3300 metr va eni 60 metr boʻlgan 4E toifadagi yangi uchish-qoʻnish yoʻlagi, bitta yurish yoʻlagi va 3 ta samolyot toʻxtash joyiga ega perron qurilishi yakunlandi.