Turizm sohasi bugungi kunda jadal rivojlanib borayotgan sohalardan biridir. Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, Prezidentimiz va Vazirlar Mahkamasi tomonidan shu soha uchun qabul qilinayotgan qator qaror va farmonlar turizmni rivojlantirish va kengaytirish imkoniyatlarini yaratmoqda. Oʻzbekiston Prezidentining “2018-2019-yillarda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2017-yil 16-avgustdagi PK-3217-sonli qarori, 2019-yil 18-iyulda qabul qilingan “Turizm toʻgʻrisida”gi OʻRQ-549-sonli qonun va boshqa bir qancha qonun va farmonlar turizm sohasida yangi tushunchalar kiritdi va bu sohada davlat siyosatining prinsiplari va yoʻnalishlari belgilandi. “Oʻzbekiston – 2030» Ctrategiyasida Oʻzbekistonda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini oshirish vazifasi qoʻyilgan. Elektron viza olishga imkoniyatlar yaratildi. Qoʻshimcha “Vatandosh”, “Talaba”, “ Akademik”, “Ziyoratchi”, “Tibbiyot” viza turlari joriy etildi .
Hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim omillaridan biri ichki turizmni jadal rivojlantirish, xalqimizni yurtimizdagi tarixiy-madaniy meroslarini va tabiiy boyliklari bilan tanishtirish maqsadida “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dastur asosida vatanimizda mavjud boʻlgan turistik maskanlarga qiziqish va eʼtibor kuchaydi.
Oʻzbekistonda turizm sohasini innovatsion rivojlantirish mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlashga, baquvvat turistik tarmoq yaratishga, aholi turmush darajasini oshirishga, tarixiy va madaniy yodgorliklarni saqlab qolishga, tabiatni muhofaza qilish faoliyati darajasini va jamiyatning maʼnaviy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa Respublikamizning iqtisodiy salohiyatini oshirishga va aholining bandligini taʼminlashga imkon yaratadi.
Turizm sohasini rivojlantirishda sayyohlarni oʻziga jalb eta oladigan, qiziqtira oladigan muhim obyektlar boʻlishi lozim. Yurtimizning turli joylarida turizmni turli yoʻnalishlarini rivojlantirish imkoniyatlari mavjud. Jumladan, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida tarix turizmi yoʻnalishi rivojlangan boʻlsa, Jizzax, Surxondaryo, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida eko va tibbiyot turizmi shakllangan.
Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish lozimki, Andijon viloyati ham oʻziga xos jihatlari bilan turizmning turli yoʻnalishlari tashkil topayotgan va rivojlanayotgan viloyatlar safiga qoʻshilmoqda. Xonobod shahri, Xoʻjaobod, Buloqboshi tumanlarida turizmni rivojlantirish uchun bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, viloyatda tarix va ziyorat turizmi sohalari rivojlanmoqda. Mahalliy va xorijiy sayyohlarning eʼtiborini jalb qilayotgan va qiziqishlariga sabab boʻlayotgan maskanlardan biri – tarix turizmi uchun xizmat qiluvchi Mingtepa arxeologiya yodgorligidir. Hozirgi kunda jadal rivojlanib borayotgan turizm sohasi uchun Mingtepa arxeologiya yodgorligi ham oʻzining qadimiyligi, betakrorligi, tarixiy ahamiyati bilan sayyohlar eʼtiborini jalb qilib, turizmning qaynoq nuqtasiga aylana oladi.
Andijon viloyatida joylashgan Mingtepa arxeologiya yodgorligi ham vatanimiz tarixini boyituvchi, dunyo tamaddunining beshiklaridan biri, shu bilan birga tarix turizmini rivojlantirish uchun qaynoq nuqtaga aylana oladigan joy deya eʼtirof etilayotgan muqaddas maskanlardan hisoblanadi. Shuningdek, ushbu tarixiy shahar Buyuk ipak yoʻlining “Qashqar-Fargʻona” yoʻnalishida joylashgan boʻlib, uzoq vaqt Sharq va Gʻarb davlatlarini savdo, iqtisodiy, maʼnaviy va siyosiy jihatdan bogʻlab turuvchi koʻprik vazifasini oʻtaganligi bilan ham muhimdir.
Mingtepa tarixiy manbalarda yoritilishicha, qadimiy Fargʻona (Davan, Day-yuan) davlatining poytaxti boʻlgan. Xitoy yozma manbalarida tilga olingan, Buyuk ipak yoʻlida joylashgan bu mahobatli shahar oʻzining hunarmandchiligi, dehqonchiligi va “samoviy tulporlari” bilan dunyoga mashhur boʻlgan. Bu shahar xarobasi ichki va tashqi shahar qismlaridan iborat boʻlib, ichki qism taxminan 41 gektar, tashqi shahar qismi 272 gektar maydonni egallagan antik davr yodgorliklaridan biridir. Mingtepa shahar xarobasi mashhur arxeolog olimlar A.N. Bernshtam, Yu.A. Zadneprovskiy, B.X. Matboboyevlarning izlanishlari natijasida olingan xulosalariga binoan, qadimgi Fargʻona (Davan) davlatining poytaxti Ershi shahri ekanligi aniqlandi. 2012-yildan buyon tarix fanlari doktori, professor Boqijon Matboboyev rahbarligida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Samarqand Arxeologiya instituti hamda Xitoy Xalq Respublikasi Ijtimoiy Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti arxeolog olimlari hamkorlikda arxeologik dala tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Natijada qadimiy shahardan juda qimmatli ahamiyatga ega topilmalar, moddiy ashyolar topildi. Bu topilmalar sayyohlarning qiziqishlarini va eʼtiborini jalb qila oladigan noyob manbalardir.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, turizm faoliyatini yuksaltirish uchun, avvalo, Mingtepadagi tarixiy maskanlar, ziyoratgohlar va yodgorliklarni saqlash, obodonlashtirish, boy madaniy merosini tiklash uchun nafaqat hukumat darajasida, balki, fuqarolar eʼtiborini ham tortishimiz darkor. Mingtepa yodgorligi va tumanda mavjud boʻlgan tarixiy ziyoratgohlarning ahamiyatini keng ommaga tushuntirish, targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish orqali aholida, ayniqsa, yoshlarimizda gʻurur, faxr va daxldorlik hissini kuchaytirish, ushbu maskanlarni obodonlashtirib, turizm faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mingtepa arxeologiya yodgorligi asosida turizmni rivojlantirish borasida bir qancha ishlar boshlab yuborilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi 1059-son “Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi “Mingtepa” arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish, tadqiq etish va undan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi qarorlari chiqishi ham bu muqaddas maskanda Oʻzbekistonimizning buyuk qadimiy tarixini, dovrugʻini dunyoga namoyon eta oladigan yodgorlik mavjudligidan dalolat beradi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev 2019-yil 16-may kuni Andijon viloyatiga tashrifi davomida maqola muallifi tomonidan yurtboshimizga taqdim etilgan “Mingtepa arxeologiya yodgorligini obodonlashtirish, uning bazasida turizmni tashkil etish va rivojlantirish” loyihasi qoʻllab-quvvatlandi.
Toshkent shahrida 2019-yil 22-yanvar kuni Oʻzbekiston Davlat tarixi muzeyida “Changandan Vandugacha” deb nomlangan koʻrgazma tashkil etildi. Koʻrgazmadan maqsad Xitoyning qadim Buyuk ipak yoʻlida joylashgan shahri Changandan Mingtepagacha boʻlgan tarixiy joylardan topilgan qadimiy ashyolarni namoyish etishdan iborat boʻldi. Ushbu koʻrgazma ochilishida Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi muxtor elchisi Szyan Yan xonim, oʻzbek va xitoy tarixchi olimlari, ziyolilari ishtirok etdilar. Xitoy elchisi: “Mingtepa yodgorligi zamirida tashkil etilgan ushbu koʻrgazma ikki davlat oʻrtasida madaniy va maʼnaviy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, deb yuqori baho berdi.
Bundan tashqari “Mingtepa-madaniy meros” jamoat fondi tomonidan Mingtepada turizmni rivojlantirish borasida koʻplab tadbirlar va tashviqot ishlari olib borilmoqda. Jumladan, “18-aprel-Yodgorliklar va tarixiy joylarni asrash xalqaro kuni”ga bagʻishlangan tadbirlar anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinmoqda.
Maqola muallifi tomonidan “Mingtepaning Oʻzbekiston tarixida tutgan oʻrni” mavzusida tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, PhD ilmiy ishi himoya qilindi. Ushbu ilmiy izlanishda ham Mingtepaning turizmni rivojlanishdagi oʻrni masalasi oʻrganilib, tahlil qilindi.
Mingtepa tarixiy yodgorligi nafaqat mahalliy sayyohlarni balki chet ellik turistlarning ham katta qiziqishlariga sabab boʻlayotgan maskandir. Tashrif buyuruvchilar orasida Xitoy, Yaponiya, AQSH, Italiya, Janubiy Koreya va MDH davlatlaridan kelgan sayyohlarning borligi biz uchun faxrlidir. Ayniqsa, Amerika Qoʻshma Shtatlari elchisi Pamella Spratlen xonimning Mingtepaga tashrifidan soʻng “Oʻzbekiston-24” kanaliga bergan intervyusida Mingtepa haqidagi fikrlari juda hayratlanarli: “Har qanday yerda turizmni rivojlantirish uchun bir omil alohida nazarda tutilishi lozim: sayyoh uchun mamlakatning oʻzi qiziqarli boʻlishi kerak. Oʻzbekiston ana shunday qiziqarli davlatlar sirasiga kiradi. Samarqand, Buxoro kabi tarixiy shaharlar haqida koʻpchilik tasavvurga ega. Qadimiy shaharlarda tashrif buyuruvchi sayyohlarga yaratilayotgan sharoitlar ham oʻsib bormoqda. Ammo, men koʻproq chet elda mashhur boʻlmagan shaharlari haqida gapirishni istardim. Masalan, Fargʻona vodiysidagi Mingtepa manzilgohini yaqindan tomosha qildim. Shubhasiz, bu ham sayyohlarni juda qiziqtiradi”.
Bundan tashqari, Marhamat tumanining oʻzida turizm uchun xizmat qila oladigan 70 ga yaqin maskanlar mavjud. Ular sirasiga 10 dan ortiq ziyoratgoh, 30 dan ortiq shifobaxsh buloqlar, oʻnlab tarixiy va zamonaviy maskanlar bor. Ular orasida Mingtepa arxeologiya yodgorligi eng mahobatliligi va ulugʻvorligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, Marhamat tumanida oʻzining betakror tabiati, tabiiy landshafti, shifobaxsh havo oqimi, ayniqsa, boy tarixiy merosidan foydalanib, turizmning agro, eko, adabiyot, tarix, ziyoratgoh, qishloq yoʻnalishlarini tashkil etish mumkin. Marhamat tumani “Alitepa”, “Qorovultepa”, “Oqtoʻnli ota”, “Toshtepa”, “Jungʻortepa”, “Yigʻloqtepa”, “Davkarota”, “Loʻmbitepa”, “Oqboshtepa”, “Temiratki mozor”, “Boboxuroson ota”, “Xotin qum”, “Qoʻychi xalfa”, “Xoʻja Bosmon ota”, “Goʻzal ota”, “Mirishkor ota”, “Koʻktoʻnli ota”, “Bandi ota”, “Chashmai muborak”, “Toʻra bobo ziyoratgohi”, “Mulla Toʻychi ziyoratgohi”, “Tabib ziyoratgohi” kabi qadimiy yodgorliklari, ziyoratgohlari, shifobaxsh buloqlarga boy hududligi bilan ajralib turadi. Ushbu tarixiy joylar bir necha asrlardan buyon xalqimizning muqaddas maskanlari sifatida eʼzozlanib kelinmoqda va ziyorat qilinmoqda.
Xalqimiz qadimdan ushbu maskanlarni ziyorat qiladilar va u yerdagi shifobaxsh buloq suvlari, tuproqlaridan davolanish maqsadida foydalanib kelmoqdalar. Garchi ushbu buloqlarning shifobaxshligi ilmiy asoslanmagan boʻlsada, amalda turli dardlarga shifo boʻlayotganiga koʻplab misollar keltirish mumkin. Jumladan, Xoʻja Bosmon ota ziyoratgohida qoʻtir yarasi, quloq ogʻrigʻiga shifo boʻluvchi buloqlar, Oqbosh ota ziyoratgohida toshma yaralarga, sochiga oq tushganlarga, oshqozon-ichak kasalliklariga shifo boʻluvchi buloqlar, Bobo Xuroson ota ziyoratgohida esa, suvchechak, sachratqi, toshma yaralariga shifo boʻluvchi buloqlar, Temiretki mozor tepaligida esa temiratki kasalligiga shifo boʻluvchi tuproq, Xotin qum ziyoratgohida esa, qoʻl, oyoq, bel ogʻriqlarga shifo boʻluvchi qumning mavjudligi bunga misoldir. Bu shifobaxsh maskanlardan respublikamizning turli viloyatlaridan, shuningdek, qoʻshni Qirgʻiziston, Tojikiston, Rossiya davlatlaridan ham bemorlar kelib shifo topayotganligi olib borilgan tadqiqotlar natijasida aniqlangan.
Xulosa qilib aytganda, Mingtepa arxeologiya merosi va tumandagi mavjud ziyoratgohlarning tarixini, maʼnaviy va madaniy ahamiyatini xalqimiz ayniqsa yoshlarimiz oʻrtasida keng targʻib qilish orqali ularni saqlab qolish, obodonlashtirish va ulardan oqilona foydalanish, yaʼni turizmning ziyorat va tibbiyot yoʻnalishlarini rivojlantirish mumkin.
Shaxloxon Xusanova Artikaliyevna
KUAF, t.f.f.d. (PhD)








