Tezkor organlar tomonidan “Telegram” messenjeridagi narkodoʻkon kuratorlari tomonidan qoldirilgan sintetik moddalar tayyorlash uchun moʻljallangan prekursorlar aniqlanib, kuzatuvga olindi.
Ushbu kimyoviy moddalarni olish uchun kelgan vaqtida Andijon shahrida yashovchi, 2002-yilda tugʻilgan ikki nafar fuqaro qoʻlga olindi. Surishtiruv davomida ular Andijon shahrining “Bogʻishamol” mahallasidagi dala hovlida maxsus narkolaboratoriya tashkil etganliklari maʼlum boʻldi.
Mazkur manzildan qora bozordagi umumiy qiymati taxminan 1 million AQSH dollariga teng boʻlgan 26 kg “Mefedron” sintetik narkotik moddasi, koʻp miqdordagi prekursorlar, kimyoviy vositalar hamda zamonaviy laboratoriya jihozlari ashyoviy dalil sifatida olindi. Aniqlanishicha, gumonlanuvchilardan biri ushbu hovlini internetdagi kuratori tomonidan yuborilgan 15,8 ming dollar evaziga sotib olib, uni jihozlash uchun yana 5 ming dollar sarflagan.
Shuningdek, ular yanvar oyida 11,7 kg “Mefedron” tayyorlab, belgilangan manzilga yashirib ketganliklarini ham tan olishgan. Tadbirning davomi sifatida, Chirchiq shahridagi ijaraga olingan omborxonadan yana 400 litr prekursorlar topildi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.