Xususan, 77-moddada ota-onalar va ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻz farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, taʼlim olishi, sogʻlom, toʻlaqonli va har tomonlama kamol topishi xususida gʻamxoʻrlik qilishga majbur ekanligi, yetim bolalarni hamda ota-onasining vasiyligidan mahrum boʻlgan bolalarni boqishni, tarbiyalashni, ularning taʼlim olishini, sogʻlom va har tomonlama kamol topishini taʼminlashda davlat va jamiyat masʼul ekanligi belgilab berildi.
Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qatʼi nazar, qonun oldida teng ekanligining belgilanishi ularning oilaviy holatiga qarab kamsitishga yoki qonunda belgilangan huquqlarga taʼsir qilmasligi, cheklovlar qoʻyilmasligi kerakligini mustahkamlab berdi.
Shuningdek, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan toʻlaqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekanligi eʼtirof etildi.
Bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy va maʼnaviy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga boʻlgan mehr-muhabbat tuygʻularini shakllantirish maqsadida 18 yoshgacha boʻlgan bolalarning madaniy meros obyektlariga, jumladan koʻrgazmalar, tarixiy obidalar va ziyoratgohlar, shuningdek, davlat muzeylariga toʻlovsiz kirish tartibini joriy etish nazarda tutildi.
Birinchi marta 78-moddada Oʻzbekiston xalqini millatidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etishini inobatga olib, respublikada yashovchi barcha fuqarolarning anʼanaviy oilaviy qadriyatlarini hurmat qilishi eʼtirof etilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston xalqining anʼanaviy oilaviy qadriyatlari deganda fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarga, shu jumladan, Oila kodeksiga zid boʻlmagan anʼanalari tushuniladi. Amaldagi konstitutsiyaning 63-moddasida oila jamiyatning asosi boʻgʻini hamda jamiyat va davlat muhofazasida boʻlishi, nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishi belgilangani bilan respublikada yashovchi barcha fuqarolarning anʼanaviy oilaviy qadriyatlarini hurmat qilishi eʼtirof etilmagan.
Konstitutsiyamizdagi mazkur yangiliklar oila institutiga boʻlgan munosabat, bolalar huquqlarini taʼminlashga doir qonunchilik yanada takomillashishiga olib kelishini Toshkent davlat yuridik universitetida boʻlib oʻtadigan uchrashuvlar va saboqlar davomida taʼkidlab oʻtilmoqda.
Ziyoda TOʻRABOYEVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoyat huquqi,
kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish
kafedrasi katta oʻqituvchisi