Anomal sovuqlik qanday xavflar keltirib chiqarishi mumkin?

    Yashil sayyora 5 Yanvar 2023 3213

    Doktorant Erkin Abdulahatov anomal sovuq keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan xavflar haqida maʼlumot berdi.

    Qish oylaridagi gʻayritabiiy sovuq ob-havo uy-joy komunal xoʻjaligi, elektr energiya tarmoqlarida sovuq harorat yuklamasining ortishi, gaz quvurlarida gaz bosimining keskin pasayishi va unga teskari aholi xonadonlari, ijtimoiy obyektlar va korxonalarda energetik yuklamaning ortishiga olib keladi.

    Qishloq xoʻjaligi sektorida ham haroratning keskin pasayishi tuproq ustidagi haroratning havo haroratidanda 5-10 daraja pasayishiga, tuproq sirtining kuchli sovishi, yerning chuqur muzlashiga olib keladi. Issiqxona faoliyatini ogʻirlashtiradi. Tokzorchilik yoʻnalishida sifatli oʻralmagan toklarda kuchli sovuq urishi kuzatiladi.

    Meditsina tizimida anomal sovuqlikning faol bosqichida atmosfera bosimining keskin koʻtarilishi roʻy beradi. Prognozlarga koʻra, 12-14-yanvar kunlari shimolda 1055 gPa, poytaxt Toshkentda 1050 gPaga yetadi. Yuqori atmosfera bosimi odam sogʻligʻiga jiddiy taʼsir qiladi. Ayniqsa, u allergik, asmatik hamda qon bosimi xastaliklari bilan ogʻriyotgan boʻlsa. Tashqi muhitda uzoq qolib ketish, qahraton sovuqda inson oʻlimiga olib kelishi mumkin.

    Havo transport yoʻnalishida ham muammolar mavjud. Sovuqlik omili va kuchli qor boʻronlar aviareyslar taqvimiga oʻzgartirishlar kiritadi. Avtomobil yoʻllarida muzlamalar avtotransport harakatini yomonlashtiradi. Temir yoʻl poyezd qatnovi grafiklarida ham (temir yoʻl relslari torayishi hisobiga) oʻzgarishlar boʻlishi mumkin.