“Yuksalish” umummilliy harakati fuqarolarning bu boradagi fikrlariga tayanib, masʼul davlat idoralarini quyidagilarga chaqiradi:
Birinchidan, belgilangan haroratdagi issiqlik, issiq suv, elektr energiyasi va gaz (shu jumladan, hisoblagichlari boʻlmagan isteʼmolchilar) taʼminlanmagan barcha kunlar uchun aholi bilan qayta hisob-kitob qilishga chaqiramiz.
Ikkinchidan, Energetika vazirligi qishga tayyorlanganlik holati haqida axborot berishi maqsadga muvofiq: navbatdagi energetika inqirozi nima uchun yuz berdi, ular bu muammoni qanday hal qilmoqda, bunday holat yana takrorlanmasligi uchun nimalar qilinmoqda? Hukumatning energetika sohasidagi strategiyasi eʼlon qilinishi kerak.
Uchinchidan, energosamaradorlikni oshirish, muqobil energiya manbalariga oʻtish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish uchun zarur tashkiliy va infratuzilmaviy sharoitlar yaratish boʻyicha koʻrilayotgan choralar yuzasidan jamoatchilik muhokamasini oʻtkazish lozim.
Muqobil energiya manbalarining keng rivojlanishiga nimalar toʻsqinlik qilayotganligini ochiq muhokama qilish uchun ekspertlarni, davlat rasmiylarini taklif qilib, jamoatchilik fikrini oʻrganish zarur. “Yuksalish” umummilliy harakati bu masalada muloqot maydoni boʻlishga tayyor.
Toʻrtinchidan, qishning sovuq kunlari yana 2-3 hafta saqlanib qolishini inobatga olib, quyidagi tezkor choralarni koʻrish taklif etiladi:
1. Barcha viloyatlardagi COVID-markazlari, Toshkentdagi yotoqxonalar ishida tajriba bor. Zaruratga koʻra joylarda odamlarga isinish, telefon va boshqa qurilmalarni zaryadlash, choʻmilish, ovqat pishirish maqsadida kelishlari uchun issiq suv va elektr energiyasi uzluksiz taʼminlangan isitiladigan xonalarni tayyorlash;
2. Rasmiy maʼlumotlarga boʻlgan ehtiyojni taʼminlash. Kuniga kamida bir-ikki marotaba energiya tizimi rahbarlari jonli efirga chiqishlari kerak (televideniye, radio, internet orqali), yaʼni vaziyatni yaxshilash uchun aniq nima qilinganligi, qanday baxtsiz hodisalar bartaraf etilganligi, qayerda muammolar saqlanib qolayotganligi va ularni bartaraf etish muddatlari va koʻrilayotgan choralar haqida brifinglar oʻtkazishi kerak.
3. Fuqarolar murojaatlarini qabul qilish uchun koʻp funksiyali koll-markazni ishga tushirish. Ayni kunlarda tegishli masʼul tuzilmalarning “Ishonch telefoni”da jiddiy kamchiliklar mavjud boʻlib, liniyalar haddan tashqari yuklanganligi yoki oddiygina javob berilmayotganligi maʼlum.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.