Yunus Rajabiy nomidagi Jizzax davlat musiqali drama teatirida tashkil etilgan uchrashuvda 400 nafardan ortiq saylovchi qatnashdi.

Ushbu saylov oldi tadbirida Jizzax viloyatidagi MTDP faollari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari, boshlangʻich partiya tashkilotlari aʼzolari, nuroniy otaxon va onaxonlar, hunarmandlar, sportchilar, partiyaga xayrixoh yoshlar, xotin-qizlar, mahalla faollari, koʻp sonli saylovchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi, nomzodning ishonchli vakili Sarvar Nazarqosimov yigʻilganlarni Prezidentlikka nomzodning tarjimayi holi bilan tanishtirdi. Ishonchli vakil barchani saylovda faol ishtirok etishga va Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan koʻrsatilgan nomzodni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.

Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov ishtirokchilarni oʻzining saylovoldi dasturi bilan tanishtirar ekan, tarbiya va taʼlim, maʼnaviyat va maʼrifat “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining eng ustuvor vazifalaridan ekanini, saylovoldi dastur aynan ushbu vazifalar asosiga qurilganini taʼkidladi.

Saylovoldi dasturi 5 ta asosiy yoʻnalish, jumladan, tarbiya va taʼlim, davlat boshqaruvi, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, ijtimoiy adolat, qadriyatlarga hurmat va fuqaro erkinliklarini taʼminlash, tashqi siyosat sohasini qamrab olgan. Shu maʼnoda, partiya oʻz gʻoyalarini hayotga izchil tatbiq etgan holda saylovda faol ishtirok etishga harakat qilmoqda. Nomzod “Inson oʻzgarsa, jamiyat oʻzgaradi” shiori ostida aholining yillar davomida yigʻilib qolgan muammolarini bartaraf etishga koʻmaklashish, taʼlim-tarbiya uzluksizligini taʼminlash, milliy urf-odatlar va qadriyatlarni aholi oʻrtasida keng targʻib qilish maqsadlarni ustuvor biladi.

– Bugungi saylov oldi uchrashuvida saylovchilarning katta qismini yoshlar tashkil etgani bizni juda quvontirdi, – dedi Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov. – Chunki Oʻzbekistonning kelajagi aynan mana shunday vatanparvar yoshlarga bogʻliq. Shu sababdan ham dasturimizda biz milliy qadriyatlarimizga tayangan holda Oʻzbekistonni oʻzgartirmoqchimiz.

Jizzaxlik saylovchilar bilan uchrashuvda Alisher Qodirov partiya saylov oldi dasturiga asosan “Yangi avlod” Davlat dasturi qabul qilinib, “Oila – bogʻcha – maktab” yagona tizimga birlashtirilishini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Shuningdek, nomzod bogʻchalar davlat qaramogʻiga olinishi, tarbiyachilarning ish haqisi oshirilishi, bogʻcha guruhlarida bolalar sonini 15 nafardan oshirmaslik, maktablarda boshqaruv, oʻqituvchiga munosabat va tarbiya-taʼlim ishlari tubdan oʻzgartirilishi, oʻqituvchilarga ish haqi kamera kuzatuvlari asosida hisoblanadigan reyting ballariga muvofiq belgilanishi MTDP saylov oldi dasturida aniq va loʻnda qilib belilab qoʻyilganini, bunda eng yaxshi dars bergan oʻqituvchi yuqori, sifatsiz dars bergan oʻqituvchi kam maosh olishi, 10 yil va undan ortiq vaqt oʻqituvchilik faoliyati bilan shugʻullangan pedagogning oylik maoshi 50 foizini ustama sifatida qoʻshib berish tizimi joriy etilishini, bundan tashqari, oʻqituvchilarga 50 yoshdan nafaqaga chiqish huquqi joriy etilishini alohida taʼkidladi.

Tadbir yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Alisher Qodirov saylovchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.

Uchrashuvda turli soha vakillari soʻzga chiqib, nomzodning saylovoldi dasturi yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, ishtirokchilarni saylovda Alisher Qodirovga ovoz berishga chaqirdi.