Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov: «O‘zbek bolalari nafaqat rus tilini, qirg‘iz, qozoq, tojik, turkman tillarini ham bilishlari kerak»

    Saylov 13 Oktabr 2021 961

    O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Alisher Qodirov andijonlik saylovchilar bilan uchrashuvida o‘zining saylovoldi dasturida belgilangan milliy til masalasi hamda partiyani asossiz tanqid qiluvchi toifalar haqida gapirib o‘tdi.

    – Bugun O‘zbekistonda 130dan ortiq millatlarni do‘st, birodar bo‘lib yashayotganligini va hukumat tomonidan ularning tillarini, qadriyatlarini rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yaratilayotganini juda to‘g‘ri deb hisoblaymiz va yanada rivojlantirish tarafdorimiz.

    Bizni ayrim blogerlar millatchi partiya deb tanqid qilmoqchi bo‘lishadi. Bizningcha har bir millat insoniyat uchun boylik. Har bir millat o‘zining qadriyati, tili, urf-odatlari bilan jamiyat uchun xazina hisoblanadi, - dedi Alisher Qodirov.

    U shuningdek, «Milliy tiklanish» partiyasi qoshida millatlar bilan ishlovchi, milliy madaniy markazlar bilan hamkorlik qiluvchi alohida bitta yo‘nalish, tizim, platforma yaratilishi kerakligi haqida so‘zladi.

    – Men millatchilik qilayotgan ayrim notinch mamlakatlarni bunday harakatlarini qo‘llab-quvvatlamayman. «Milliy tiklanish» partiyasi ham bunday harakatlarga qarshi va hech qachon millatchilik qilmaydi.

    Chunki biz barcha millatlarni birlashib, bir-birini qo‘llab-quvvatlab rivojlanishi kerak deb hisoblaymiz! O‘zbekistonda barcha millat vakillari bir-biri bilan faqatgina do‘st emas, qarindosh va qondoshdir.

    Bizning maqsadimiz faqat O‘zbekiston rivojlansin, faqat o‘zbeklar farovon yashasin emas, qo‘shnilarimiz bilan birga, barcha millat va elatlar bilan teng rivojlanish va farovonlikka erishishdir, - deya qo‘shimcha qildi nomzod.

    Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov uchrashuv so‘ngida o‘zbek bolalari nafaqat rus tilini, qirg‘iz, qozoq, tojik, turkman tillarini ham bilishlari kerakligi va o‘z navbatida qirg‘iz bolasi ham o‘zbek, qozoq, tojik, turkman tillarini bilishi lozimligi borasida to‘xtalib o‘tdi.