Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov: “Oʻzbekiston bugun dunyoga ochiq”

    Saylov 12 Oktabr 2021 1331

    “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Alisher Qodirov Fargʻona viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda saylovoldi dasturidagi muhim vazifalarga toʻxtalib, uning mazmun-mohiyati xususida soʻz yuritdi.

    Dasturda ”Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiori ostidagi beshta ustuvor yoʻnalish oʻz ifodasini topgan. Kam taʼminlangan aholini qoʻllab-quvvatlashning qadriyatlarga tayangan yangi tizimi joriy qilinishi aytib oʻtildi. Milliy urf-odat, anʼanalar, shakllangan qadriyatlarga hurmatsizlik uchun javobgarlik joriy qilinadi. Oʻzbek tili keng qoʻllanadigan, zamonaviy taraqqiyotga uygʻun tilga aylanishi uchun huquqiy asoslar kuchaytiriladi.

    Nomzod Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarni eʼtirof etib, turli tahdidlardan yanada ogoh boʻlishni, taʼlim-tarbiya masalalariga eʼtiborni kuchaytirishni taʼkidladi.

    – Mahatma Gandi “uyimizga toza havo kirishi uchun derazani ochsak, u bilan birga chang toʻzon ham kiradi” deya bejiz aytmagan, – deydi Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov.

    – Shuning uchun choʻchimaslik kerak. Oʻzbekiston bugun dunyoga ochiq. Katta-katta davlatlar hamkor sifatida qabul qilyapti.