Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov namanganlik saylovchilar bilan uchrashdi

    Saylov 14 Oktabr 2021 1739

    Davlatobod tumanida bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvda partiya faollari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatlari, hamkor tashkilotlar vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar, xotin-qizlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

    Uchrashuvni Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirovning Namangan viloyati bo‘yicha ishonchli vakili, Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori, professor, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Odiljon Mamatkarimov nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirishdan boshladi.

    Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov o‘zining saylovoldi dasturida beshta yo‘nalish bo‘yicha ilgari surilgan qirqqa yaqin aniq ustuvor vazifalar, istiqbolli g‘oyalar haqida so‘z yuritdi.

    Nomzod Alisher Qodirovning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan xalqchil g‘oyalar ya’ni, milliy urf-odat, an’analar, shakllangan qadriyatlarga hurmatsizlik uchun javobgarlik, ehson, xayriya, homiylik, zakot kabi qadriyatlarni qo‘llagan fuqarolarni rag‘batlantirish, jumladan davlat mukofotlariga tavsiya etish, ta’lim sifatini yaxshilash, tibbiyot tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, har bir soha uchun sharoitlar ko‘lamini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

    Ayniqsa, nomzod dasturidagi sud-huquq tizimining isloh qilinishi, monopoliyalar tugatilishi muhimligini keskin belgilab qo‘yilgani diqqatga sazovordir.