Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov ayollarga yanada yaxshiroq sharoit yaratish taklifini ilgari surdi

    Saylov 14 Oktabr 2021 891

    Namanganlik saylovchilar bilan uchrashuvda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Alisher Qodirov o‘z saylovoldi dasturining ustuvor jihatlariga to‘xtalarkan, jamiyatimizda xotin-qizlarning o‘rni va oiladagi rolini yanada oshirish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

    – Saylovoldi dasturimizdagi eng muhim takliflardan biri ayollarning mehnat soatlarini ish haqiga ta’sir qilmagan holda oilasiga moslashtirishdir, – dedi nomzod Alisher Qodirov.

    – Ayollarning ijtimoiy faollashuvi farzandlar tarbiyasidagi kemtiklarning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Biz ayolsiz oilani tasavvur qila olamizmi? Albatta yo‘q. Oila baxtli bo‘lishi uchun albatta ayolni o‘rni bo‘lishi kerak. Lekin ayol asabiy, charchagan, hamma tomonlama horg‘in. U uyga qaytgach, dam olish uchun emas, yana mehnatga keladi, bolalari va eriga qaraydi, vaqt ajratadi. Erkaklarimiz esa ishdan uyga dam olish uchun kelishadi. Shunday ekan ularning sharoitini yanada yaxshilash kerak.